Futbolning inson salomatligiga taʼsiri

Albatta, futbol bilan shugʻullangan odam sogʻlom boʻladi. Hayotda semizlikdan aziyat chekayotgan futbolchini hech koʻrganmisiz? Yoʻq, albatta. Tinimsiz mashgʻulotlar oʻyinchini har tomonlama toblashi shubhasiz.

Daniyadagi Kopengagen universiteti olimlari uch yil davomida futbolning salomatlikka taʼsirini oʻrganib chiqishdi. Ularning aytishicha, futbol yiqilishlar tufayli suyaklar sinishi ehtimolini anchagina kamaytiradi. Gap shundaki, sportning bu turi bilan muntazam shugʻullanish mushaklarni va suyak toʻqimalarini mustaxkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, shugʻullanuvchilarda harakatlar koordinatsiyasi sezilarli darajada yaxshilanadi.Bu gap nafaqat oʻsmirlar va yoshlar balki keksalarga ham tegishli.

Shuningdek, olimlar futbol bilan shugʻullanishning ruhiy salomatlikka ham nafi kattaligini taʼkidlashmoqda. Yugurishning foydasi haqida hammamiz eshitganmiz. Lekin bunday mashgʻulotdan keyin ham, ayniqsa, erkaklarda ruhiy holatning yaxshilanishi koʻpam kuzatilavermas ekan. Chunki ular yuguradi-yu, lekin hayoli muammolarda boʻladi. Futbolda esa bunaqasi kuzatilmaydi: qatnashchilarning baʼri bor diqqat eʼtiborini oʻyinga qaratgani uchun boshqa narsalarni oʻylashga imkon yoʻq. Shuning uchun ham futboldan keyin havaskor oʻyinchilarning kayfiyati koʻtarilganini koʻrasiz, magʻlub tomon ham odatda hafa boʻlmaydi.

Futbol bilan qisqa muddat shugʻullanishning ham odam organizmiga foydasi bor: uch oy davomida haftasiga 2-3 marta 1,5-2 soatdan toʻp tepsangiz, tanangizda kislorod isteʼmoli sezilarli darajada ortadi. Bu esa organizmdagi barcha organlar va tizimlarga, birinchi navbatda, yurak-qon tomir va asab tizimlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Toʻgʻri futbolning sogʻliqqa foydasi koʻp, ammo u bilan hamma ham shugʻullana olmaydi. Masalan, astmatiklar va yurak yetishmovchiligiga chalinganlar uchun bu sport turi toʻgʻri kelmaydi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



