Boʻrilar haqida qiziqarli faktlar va maʼlumotlar

Boʻri itsimonlar oilasiga mansub. Uning hajmi qaysi mintaqada yashayotganligiga bogʻliq. Boʻrining kallasi katta, tumshigʻI uzunchoq, koʻzlari juda oʻtkir. Jungi toʻq kulrang va qalin, qorin va oyoq sohalarida biroz qizgʻish.

Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikada tarqalgan. Oʻzbekistonning choʻl, dashtlari, oʻrmon, toʻqay, togʻ va togʻ etaklarida tarqalgan; qor va muz bilan qoplangan baland togʻlar va tundrada ham yashaydi. Boʻri qoyalar orasiga, toʻqaylik va jarliklarga, quruq qamishzorlarga in quradi. Tulki inlaridan ham foydalanadi. Boʻri inida bolalaydi va bolalarini parvarish qiladi.

Boʻrilar keng diapazonli ovoz orqali oʻzaro muloqot qiladilar. Masalan, irillashi salomlashishni, oʻkirishi – jahlni, uvillash – xavotir, baʼzan esa hayajonni bildiradi. Eng mashhuri uning uvillashidir. Yolgʻiz boʻladimi, toʻdasi bilanmi, tunda boʻladimi yoki tongdami – boʻri uvillashi bilan oʻzining borligini bildirib turadi.

Boʻrining dumi, quloqlari, lablari va burnining holati boshqa boʻrilar uchun qoʻrquv, hurmat va jahlni bildirib turadi. Masalan, toʻda sardori oʻzining ustuvorligini bildirish uchun “haykal” koʻrinishiga kiradi: oyqlarida qattiq turgan holda dumini koʻtaradi, quloqlarini ding qiladi va qotib qoladi. Boshqa boʻrilar esa uning qarshisida egiladilar yoki bellariga yotib, oyoqlarini tepaga koʻtaradilar va bu bilan oʻzlarining boʻysunganlarini koʻrsatadilar.

Hidlar boʻri hayotida muhim oʻrin tutadi. Boʻrilar oʻzlariga qarashli hududni peshobi, axlati va boshqa hidli ajratmalari bilan belgilab chiqadilar, toki boshqa boʻrilar ularning hududiga yaqinlashmasliklari uchun.

Boʻrilarning koʻz olmalari qorongʻuda ham koʻra olish imkoniyatini beradigan maxsus koʻz pardasi bilan qoplangan. Shu sababli ularning koʻzlari oʻtkir zehnga ega va yaltirab turadi.

Boʻrilar toʻdada 7-20 nafar boʻlib yashashadi. Toʻdani ustunlikka ega boʻlgan juftlik boshqaradi. Toʻda sardori qaror qabul qiladi, qolgan boʻrilar esa unga boʻysunadilar.

Boʻrilar tabiatda qanday ahamiyatga ega?
Boʻrilar oziq-ovqat zanjirida yuqori oʻrinni egallaydi va ekotizim muvozanatini saqlashda muhim rol oʻynaydi. Ular asosan kasal va zaif hayvonlarni ovlaydi, shu tariqa yovvoyi tuyoqli hayvonlar populyatsiyasini sogʻlom holatda ushlab turadi.
Boʻrilar yoʻqolib ketgan hududlarda oʻt yeyuvchilar soni haddan tashqari koʻpayib, oʻsimlik qoplamiga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun olimlar boʻrilarni "tabiat sanitarlari" deb atashadi.
Koʻp beriladigan savollar
Boʻri qancha yashaydi?
Tabiatda boʻrilar oʻrtacha 6-8 yil, qulay sharoitda esa 13 yilgacha yashaydi. Asirlikda (hayvonot bogʻlarida) ular 15-16 yilgacha umr koʻrishi mumkin.
Boʻri odamga hujum qiladimi?
Sogʻlom boʻri odamdan qochadi va hujum qilish hollari juda kam uchraydi. Xavf asosan quturgan yoki ochlikdan charchagan hayvonlardan keladi.
Boʻri va it qarindoshmi?
Ha, uy iti boʻrining avlodi hisoblanadi. Ikkala hayvonning genetik kodi deyarli bir xil, shuning uchun ular hatto chatishtirilib, nasl berishi mumkin.
Boʻrilar nega uvillaydi?
Uvillash boʻrilar uchun aloqa vositasi: u orqali ular toʻda aʼzolarini chaqiradi, oʻz hududini belgilaydi va boshqa toʻdalarga ogohlantirish beradi. Uvillash tovushi 10 kilometrgacha eshitiladi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



