Anor mevasining shifobaxsh xususiyatlari

Anorda naqd uchta turga mansub antioksidantlar bor, shuningdek oshlovchi moddalar, antosian va ellogol kislotasi ham mavjud. Bu meva oʻz holicha ham, sharbat koʻrinishida ham isteʼmol qilinganida ham foydali hususiyatini yoʻqotmaydi.

Parxezda boʻlganlar diqqatiga: kun davomida bir stakan anor sharbati qabul qilinsa, sezilarli vazn tashlash mumkin. Hamma gap meva tarkibidagi polifenol moddasida. U qorinni toʻq tutib, ishtaxani nazorat qilishda yordam beradi.

Aniqlanishicha, anor tarkibidagi yuqori darajali antioksidantlar yurak qon-tomir kasalliklaridan himoyalaydi. Yurak kasalliklari bilan ogʻriganlar, shuningdek, profilaktika chorasi sifatida bir kunda 1-2 mahal yarim stakan anor sharbatini qabul qilishi mumkin.

Ich ketishi ichak infeksiyalariga bogʻliq boʻlmaganida uni anor sharbati yordamida “hal” qilsa boʻladi. Buning uchun bir stakan meva sharbatini qabul qilish kifoya. Bordi-yu anor topilmasa, oʻrniga quritligan poʻstlogʻini qaynatib ichsa ham boʻladi.

Milk boʻshashishida anor poʻstlogʻini qaynatib, ogʻizni chayish tavsiya etiladi. Biroq qaynatmadan muntazam foydalanib boʻlmaydi. U vaqtinchalik chora, holos. Nega deganda, anor tarkibidagi oshlovchi moddalar milklklar holatiga nojoʻya taʼsir koʻrsatishi ham mumkin.

Anor poʻstlogʻida alkaloid zaharli moddasi bor. Shu bois meva poʻstlogʻidan tayyorlangan damlamalar meʼyorini oshirib boʻlmaydi. Arterial qon bosimining koʻtarilishi, bosh aylanishi, qayt qilish istagining paydo boʻlishi- bular anordan tayyorlangan damlama taʼsirida kelib chiqishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlardir. Bundan tashqari, anordagi organik kislotalar tish emalini yemirishi mumkin. Shuning uchun anor sharbatiga ozroq suv qoʻshib qabul qilish tavsiya etiladi.
Anor sharbati – oʻtkir nafrit, gepatit, pankreatit, oshqozon kislotaliligining yuqoriligi bilan kechuvchi gastrit va meʼda yarasida tavsiya qilinmaydi.

Husnbuzarlar bilan kurashishda quyidagi usulni sinab koʻrish mumkin: 1 choyqoshiq tuzga 2 oshqoshiq anor sharbati va shuncha miqdordagi kir sovun koʻpigi aralashtiriladi. Hosil boʻlgan aralashma toshma ustiga surtiladi va 5-8 daqiqadan soʻng iliq suvda chayib olinadi.

Tomoq ogʻriganida anor sharbati yoki poʻstlogʻidan tayyorlangan qaynatma yordamida tomoqni gʻargʻara qilish mumkin. Meva tarkibidagi askorbin va limon kislotalari bakteritsid taʼsirni paydo qilib, shilliq qavat yalligʻlanishini kamaytiradi.

Ishtahasizlik kuzatilganida har ovqatlanish oldidan yarim stakan anor sharbati qabul qilinadi.
Qoʻl-oyoq ishishida kuniga 1-2 mahal anor sharbati isteʼmol qilish mumkin.

Anor doni va sharbati ichni qotirish hususiyatiga ham ega. Shu bois u qabziyatga moyilligi borlar uchun tavsiya qilinmaydi.
Tavsiyalarni qoʻllashdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. Zero, har bir organizm oʻziga hos tuzilgan.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



