Bayramga zeb beruvchi mushaklar ilk bor qayerda va qay maqsadda qoʻllanilgan? Ularning tarixi va qanday ommalashgani haqida maʼlumotlar

Mushak (nemischa Feuerwerk soʻzidan olingan boʻlib, Feuer – olov, Werk- ish, yumush degani) – turli rang va shaklga ega boʻlgan bezakli alanga maʼnosini anglatib, turli bayram va marosimlarda odamlarga koʻtarinki ruh bagʻishlash uchun otiladi.

Mushaklar eramizdan avvalgi XII asrda Xitoyda ixtiro qilingan. Uning Yevropa qitʼasida ilk bor Italiyada paydo boʻlgani haqida maʼlumotlar mavjud.
Qadimda olov inson hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. U hatto aloqa vositasi vazifasini ham bajargan, shuningdek, xavfdan ogoh etish va muqaddas sanalmish turli diniy marosimlarni bajarishda qoʻl kelgan. Koʻp xalqlarda gulxan, sham va mashʼalalarga bogʻliq turli anʼanalar mavjud boʻilb, bular mushaklarning ilk koʻrinishini aks ettirgan, desak adashmaymiz.

Gulxanga tashlanib portlagan yashil bambuk boʻlaklari insoniyat tarixidagi birinchi mushakbozlikdir, degan taxminlar mavjud. Xitoy aholisi bayramlar chogʻida portlovchi bambuk yordamida yovuz kuchlarni qoʻrqitgan. Umrboqiylik eliksirini izlagan daos olimlari selitra, yogʻoch, koʻmir va oltingugurtni aralashtirib sekin yonuvchan, chidamli hamda yorqin tusga ega qora kukun hosil qilganlar.

Imperator Yu-Sun hukmronligi davrida Yangi yilni yangicha uslubda nishonlash ananasi vujudga keldi: ular bambuk poyasiga qora kukun sepib, bir necha mingtasini imperatorning “Tun kunga aylansin!” xitobi ostida gulxanga tashlaganlar. Keyinchalik olovli marosim diniy udumlarning bir qismi deb eʼlon qilindi va shuning uchun ushbu mushaklarni faqatgina mahsus taʼlimga ega rohiblar bajarishi mumkinligi belgilab qoʻyildi.

Mushaklarning butun dunyo boʻylab keng tarqalishiga koʻp yillik sayoxatlardan soʻng Xitoydan porox olib ketgan Marko Polo katta ulush qoʻshgan.
XIX asrda mushakbozlik taraqqiyoti yangi bosqichga koʻtarildi. Ranglar turi kengaydi, yangi va maxsus effektdagi mushaklar paydo boʻla boshladi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



