"Goʻzal boʻlaman" deya oʻlimgacha borgan insonlar taqdiridan xabardormisiz?

XIV – XVII asrlarni “ogʻu davri “ deya atash mumkin. Bu davr honimlari zaharli margimushdan goʻzallik vositasi sifatida foydalanganlar. Margimush yordamida koʻz va yuzga jilo berishgan, terini oqartirishda ishlatgan. Ammo bu zaharli moddadan bir marotaba foydalangan ayol umrining soʻngiga qadar foydalanishga majbur boʻlgan. Aks holda, hayot bilan vidolashgan.

1700 yilda goʻzallik olamida qoʻrgʻoshinli upa atamasi paydo boʻladi. Bu davr ayollarining goʻzalligi tekis va oq tusli terisi bilan oʻlchangan. Shiddat bilan ommalashgan qoʻrgʻoshinli upa maftunkorlik bilan birga, miya shishi, falajlik kabi dardlarni oʻz ortidan ergashtirib kelgan.

Nigohlarga fusunkorlik bagʻishlash niyatida honimlar koʻzllariga belladonna (zaxarli oʻtsimon oʻsimli) suvidan tomizishgan. Bu ogʻu koʻz qorachiqlarini kattalashtirib, nigohlarda maftunkor joziba paydo qilgan boʻlsada, biroq, xotimasi aksar hollarda koʻz nurining bir umirga yoʻqolishi bilan yakunlangan.

Oʻtgan asrning 30-yillarida mashxurlik choʻqqisiga koʻtarilgan “Thoradia” kosmetika markazi mahsulotlari tarkibida xlorli toriy va bromli radiy mavjud edi. Bu komponentlar husnbuzar, yogʻli yaltirash va ajinlarni bartaraf etish hususiyatiga ega boʻlgan. Radiatsiya zarari haqidagi ovozalardan soʻng kremlar tarkibidan radiy olib tashlangan.
Angliyada XIX asrda urfga kirgan krinolin (pastki keng yubka) 1860-1870 yillar orasida 3000 dan ortiq ayolni dunyodan bevaqt koʻz yumishiga sabab boʻlgan. Bu davrda uylar shamlar bilan bezatilgan. Krinolin kiygan ayollar esa olovga tegib ketgani zahoti tirik maʼshalaga aylanib qolgan. Bir zumda yonuvchi krinolin tirik qolish uchun zarracha imkon qoldirmasdi.

Baʼzi hollarda krinolin ayollar hayotini saqlab ham qolgan ekan. Joniga qasd qilish maqsadida koʻprik ustidan sakragan ayolga krinolin parashyut vazifasini bajargan. Vasvasaga tushgan ayol suvga eson-omon “qoʻnib” olgan.
XIV-XVII asrlarda oʻrta asrlar Yevropasida parik ustiga gul, yelkanli kema va hatto tegirmon koʻrinishidagi bezaklarni taqib yurish ayollar orasida urfga kiradi.

1773 yili osmonda paydo boʻlgan kometadan taʼsirlangan ayollar sochlarini kometa koʻrinishini eslatuvchi uzunchoq shaklda turmaklashga kirishib ketadilar.
Sochlarni yangi uzilgan gullar bilan turmaklash ommalashgan paytda guldasta tez soʻlib qolmasligi uchun sochlar orsiga suv toʻldirilgan guldon ornatilib, uning ichiga guldasta solingan va turmak oʻz nihoyasiga yetqazilgan. Honimlar soch turmagiga zarar yetkazmaslik uchun karetada oʻtirib emas, tizzalab ketishga majbur edilar.

Tarixiy manbaalardan keltirilgan bu kabi qiziqarli va bir muncha hayratlanarli maʼlumotlar qatorida plastik jarrohlikka ruju qoʻygan va goʻzallik uchun oʻzini har koʻyga solayotgan zamonamizning ayrim ayollarini ham eslab oʻtish joiz.Tabiat ato etgan husnga shukronalik keltirish oʻrniga jismni turli yot moddalar bilan toʻldirib, tana aʼzolari shaklini ehtiyojsiz oʻzgartirishga urinayotgan va goʻyo “goʻzallik”ka erishayotgan ayollar ham kelajak avlodlarni huddi shunday hayratga solsa ajab emas.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



