просмотров
Naqadar mehr va muxabbat bilan yaratilgan tasviriy san’at asarlari! Ha, bu suratlarda aynan Orol dengizining manzaralari aks ettirilgan.
1960-yillarga qadar Orol dengizi yer sayyorasidagi kattaligi jihatidan to’rtinchi ko’l bo’lib kelgan. Uning suvlarida baliq juda ko’p edi, qirg’oqlarida portlar va zavodlar ishlab turgan, odamlar ish bilan ta’minlangan, yon atrofdagi shaharlarda esa hayot qaynagan. Keyin hammasi o’zgarib ketdi. Salbiy oqibatlar avj ola boshladi. Dengiz qurish pallasiga kelib qoldi. Mo’ynoqda odamlar dengizni avvalgi holatga qaytishidan juda umidvor edilar.
Turli kanallar qazilganiga qaramas, suv quriy boshladi. Oxir oqibatda ko’zlaridan yosh to’kib yig’ladilar, dengizdan “Iltimos, bizni tashlab ketma” deya iltijo qildilar. Ammo, bularning barchasi behuda edi. Ayrimlarning aytishlaricha, dengiz bir kechaning o’zida 200 metrga qurib ketgan paytlar ham bo’lgan. Ertalab uyg’onganda odamlar o’zining shahrini tanimay qolgan ekanlar. Bugungi kundagi o’sha shahar - sobiq Mo’ynoq portidir.
Portda faqat dengizning avvalgi hayotini eslatib turuvchi eski qoldiqlar qolgan holos.
Butun kuzatuv davrida (1850—1960 yillar) Orol dengizi sathining o’zgarishi 3 metrdan ortmagan va bu ham faqatgina tabiiy sabablarga ko’ra ro’y bergan, ya’ni 1960 yilga qadar Orol dengizining holati yetarli darajada barqaror bo’lib kelgan.
Keyin esa hammamizga ma’lum halokatning boshlanishi yuz berdi. Sobiq Sovet ittifoqiga paxta kerak edi. Paxtakorlik jabhasida “zarbdor front”lar tashkil etilib, Sovet ittifoqining markazidan turib amr qilingan, yiliga 6 000 000 tonna paxta yetishtirish rejasini oqlash yo’lida “sotsialistik musobaqa” deb nomlangan va kim o’zarga bo’lgan hududlararo be’mani poyga avj olgan.
Sirdaryoning suv zahiralarini kanallarga nazoratsiz yo’naltirilgan holda bo’lib tashlanib, suv daryolarning etagiga yetib bora olmay qolgan. Pirovardida dengiz sayozlasha boshladi.
Bu borada boshqa bir qiziq tahmin ham bor. Olimlarning tahminlaricha, dengiz oxirgi 10 000 yil ichida o’z sarhadlarini kamida 9 marta o’zgartirgan emish. Tekshirilmagan farazlarga ko’ra suv go’yo Kaspiy dengiziga quyilgan. Xullas, Orol dengizi shu tariqa qayta to’lgan. Bugungi kunda deyarli qurib bitgan suv havzasining tubida shunday o’zgarishlarning guvohliklari topilmoqda.
Shundan kelib chiqqan holda, dengizning hozirgi sayozlashuvi – navbatdagi bosqich, paxta kanallari esa bu jarayonni ancha tezlashtirib yubordi, shuning uchun ham, Orol dengizining qurib qolishida to’lig’icha faqat odamlargina aybdor emas, degan hulosa ham qilish mumkin. Balki, hali dengiz yana qaytib kelishini kutish ham lozimdir? Nima bo’lganda ham bir narsa aniq: bu narsa sodir bo’lgan davrlarda uning guvohiga aylana olmaymiz.
1980-yillarning oxirida dengiz ikki qismga bo’linib ketdi. Sobiq shimoliy qismini Kichik dengiz (Qozog’iston) deb, janubiy qismini Katta dengiz (O’zbekiston) deb atay boshladilar.
Sal keyinroq Katta dengiz G’arbiy va Sharqiy qismga bo’lina boshladi, Sovet Ittifoqining bakteriologik qurolini sinash bo’yicha poligon sifatida xizmat qilgan Vozrojdenie oroli esa dastlab yarim orol bo’lib qoldi, keyinchalik esa umuman quruqlikka aylanib qoldi.
Bu esa NASA (AQSHning Milliy Astronavtika va Koinot Asotsiatsiyasi) surati. 2006 yil. Bu paytga qadar sobiq hajmning 85 % yo’qolib bo’lgan edi.
Sobiq baland qirg’oqda Orol dengiziga yodgorlik o’rnatilgan. Sana doimo o’zgartiriladi, ammo Orol dengizining chizgilari allaqachon kichrayib ketgan.
1960-yillardagi ufqqacha bo’lgan butun quruqlik dengizning tubi bo’lgan. Uzoqlikda, ufqda ko’rinib turgan tasvirni dastlab suvga o’xshatish mumkin, ammo aslida bu suv emas, tuzdir.
Kemalar juda ham ko’p edi. Ularning ko’pchiligini metallolomga topshirish uchun arralab, tashib ketib qolingan. Xo’jasizlik xukm surgan joydan yana nimani kutsa bo’ladi, axir. Aytishlaricha, qolgan kemalar yodgorlik sifatida saqlanib qolar emish. Biroq, xaqiqatdan ham saqlanib qolishi uchun ular qo’riqlanmaydi. Nima bo’lganda ham barchasini vaqt ko’rsatadi.
Tasvirlarga boqqanda bu erlarda yuqori qirg’oqdan pastga tushib, sobiq suv qirg’og’ining yonida bu yerdan qachonlardir dengiz boshlanib, to’lqinlarning shovqini, dengiz chayqalishlarining xayqirig’i, ajoyib qumli tubga ega bo’lgan dengiz plyaji bo’lganligiga bugungi kuda ishonish juda qiyin.
Go’zallik go’yo odamlardan arazlaganday juda tezlik bilan orolni tark etib ketardi. Xatto 1990-yillarning o’rtalarida ham dengiz Mo’ynoqdan tahminan 45 kilometr uzoqlikda bo’lgan. 2000-yillarning boshida esa allaqachon 100 kilometrdan ko’proq masofaga uzoqlashgan edi.
Endi bu yerdan suvgacha kamida 180 km masofa bor.
Sho’rlikning keskin oshib ketishi tufayli Katta dengizdagi butun o’simlik va hayvonot dunyosi nobud bo’ldi. Suv havzasi ovchilik ahamiyatini allaqachon yo’qotib bo’lgan.
Olimlarning tahminlaricha Katta dengiz 2020-yilga qadar to’liq yo’qolib ketadi. Bu tahmin amalga oshmay qolish ehtimoli deyarli yo’q, desa ham bo’ladi. Agar shunday bo’lsa, atigi yarim asr narida dunyoning to’rtinchi ko’lidan faqatgina Qozog’iston hududidagi sobiq shimoliy qismi - “Kichik dengiz” deb nomlangan kichik bir hovuz qoladi, xolos.
Orol dengizining sobiq portlari: Aralsk (Qozog’iston), Mo’ynoq (O’zbekiston), Qazaqdaryo (O’zbekiston) bo’lgan.
Orol dengizining sobiq orollari: Vozrojdenie oroli, Borsakelmas, Ko’korolni tashkil qilgan.
Orol dengizi fojeasi nafaqat Markaziy Osiyo aholisini, butun dunyo odamlarini ham befarq qoldirayotgani yo’q. Bu mavzu 1978 yilda o’zbek yozuvchisi Jonrid Abdullaxonovning “Borsa-Kelmas” asarida, 1987 yilda Rossiyalik kino rejissyori Aleksandr Sidelnikov “Lennauchfilm” kinostudisyasida tasvirga tushirgan “Kompyuter o’yinlari” hujjatli filmida, 1988 yilda rejissyor Rashid Nugmanov “Kazax-film kinostudiyasida suratga olgan “Igna” filmida yoritilgan.
Shuningdek 1989 yilda rejissyor Dmitriy Svetozarov “Panorama” studiyasida suratga olgan “Itlar” badiiy filmida, 2013 yilda Baxtiyor Xudoynazarov tomonidan suratga olingan “Dengizni kutib” badiiy filmida, Katerina Suvorova tomonidan 2016 yilda Orol dengizining sobiq qirg’oqlarida yashovchi zamondoshlarimizning to’rt nafar hayot taрihiga asoslanib suratga olgan va “Ertaga dengiz” deb nomlagan hujjatli filmlarda ko’rsatiladi.
2014 yilda Buyuk Britaniyaning butun dunyoga mashhur “Pink Floyd” rok gruppasi o’zining “Louder Than Words” (So’zlardan balandroq tovushda) qo’shig’i asosida suratga olingan klipi Orol dengizining sobiq qirg’oqlarida tasvirga tushirilgan. Ushbu klipda Mo’ynoq aholisining xaqiqiy vakillari suratga tushganlar.
Klipda bir mo’ysafid nabiralariga Orol dengizi to’g’risida iliq xotiralarini gapirib berayotib, ularga qog’ozdan kemachalar yasab bergani, shu payt birdan ma’yus o’yga cho’mgani, ammo, xatto yig’lashga ko’zining yoshi ham qolmagani, dengizni hech qachon ko’rmagan bolakaylar esa kemalar qabristonida o’zlarini kapitan, matros yoki baliqchi deya tasavvur qilib o’ynab yurganlari, qog’ozlardan yasalgan baliqchalarni “ovlaganlari” suratga olingan.
Videoklip 13 kishidan iborat oila baland qirg’oqda ularni tashlab ketgan Orol dengizining iziga ma’yuslik bilan tikilib turgan kadr bilan yakunlanadi. Ushbu klipni tomosha qilgan dunyodagi millionlab tomoshabinlar Orol dengizining achinarli taqdiriga rahmi kelgancha ko’z yoshlarini yashira olmaganlar.
Сообщения из Facebook