Betakror Barselona dunyodagi eng sirli, eng betakror va mashhur shaharlardan biri. Uning quyosh nurlari ostida tovlanayotgan beqiyos go’zalligi, tunda chiroqlar shul’asida yal-yal yonib turgan ko’chalari husnidan hayrat ummoniga cho’masiz.
Bu yerning tub aholisi vakillari o’z ona shaharlariga bog’liq ko’plab afsonalarni sizga hikoya qilib berishlari mumkin. Ulardan biri shaharga kim asos solgani haqidagi ajoyib qissadir.
Aytishlaricha, bu jozibador shaharga tarixda Rim paydo bo’lishidan 400 yil avval Gerkules asos solgan ekan.
Ammo shaharda uning eramizdan avvalgi 3 asrda Gannibalning otasi Gamilkarom Barka tomonidan ham yaratilgani haqidagi afsonalar yuradi. Shahar ham aynan uning oilasi familiyasi sharafiga Barselona deya atalgan. Shahar aholisi vakillari o’zlariga yoqqan afsonani qo’llab-quvvatlashadi.
Shahar bo’ylab kezgan paytingizda qirg’oqlardagi gavchum plyajlar darrov diqqatingizni o’ziga tortadi. 1992 yilga qadar qirg’oqlardan plyaj sifatida foydalanilmagan, keyinchalik esa Olimpiada o’ylariga tayyorgarlik ko’ra turib, bu yerlarni dam olish hududiga aylantirish qaroriga kelishgan.
Shaharning bir-biridan go’zal va yuksak mahorat bilan bunyod etilgan binolarini aytmaysizmi? Har biri dilingizdan butun umr o’rin egallashga shay holda turadi.
Shunday daqiqalarda nima uchun Barselona tarixda ilk bor arxitekturasi uchun Qirollik oltin medalini qo’lga kiritganini anglab yetasiz. 1948 yildan boshlab Qirollik instituti Britaniya arxitektorlarini dunyo arxitekturasiga qo’shgan hissasi uchun oltin medal bilan mukofotlab keladi. Odatda ushbu mukofot ma’lum bir insonga nasib etadi, ammo 1999 yilda medalni butun boshli Barselona shahri qo’lga kiritgan.
Ushbu shaharda La Merse dab ataluvchi ajoyib milliy bayram ham borki, uning qanday kechishini bir bor ko’rsangiz, bu shaharga qayta va qayta keishni orzu qilaverasiz. Festival shahar homiysi bo’lmish Avliyo Merse sharafasiga shunday atalgan va yilning 24 sentyabr kunida o’tkaziladi.
Qisqasini aytganda, ming bora gapirgandan bir bora borib ko’rgan afzalroqdir. Betakror Barselona ohanrabosi sizga butun umrga tatigulik taassurotlar bera olishiga aslo shubhamiz yo’q.
Сообщения из Facebook