просмотров
Mamlakat Kaspiy dengizining qirg‘og‘ida joylashgan. Respublika aholisi 9,8 million kishini tashkil qiladi. Boku - mamlakatning poytaxti bo‘libgina qolmay, uning eng yirik shahri hamdir. Odamlar orasida rus tili keng tarqalgan, yoshlarning aksariyat qismi ingliz tilida ham osonlikcha muloqot qila oladi. Ozarbayjon Respublikasi Eron, Turkiya, Rossiya, Gruziya hamda Armaniston bilan chegaradosh. Sharqiy tomondan esa uni Kaspiy dengizi o‘rab turadi.
Qadimda Buyuk Ipak Yo‘lining muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan mamlakat ko‘plab millatlar va sivilizatsiyalarni o‘z bag‘rida saqlagan betakror hudud edi. U hamisha o‘lka odamlari, olimlar, shoirlar, sayohatchilar, tarixchilar, bir so‘z bilan aytganda daholari ila dong taratib kelgan. Ushbu hudud haqidagi qadimgi qaydlarni Gerodot, Strabon, Klavdiy Ptolomey asarlarida uchratish mumkin.
O‘lkada 7500 dan ortiq tabiiy, arxeologik va tarixiy yodgorliklar mavjud. Ko‘pchilikka ma’lumu mashhur bo‘lgan "Qiz minorasi" ham aynan Ozarbayjon hududida joylashgan.
O‘lkaning "Alanga yurti" deya nom olishiga sabab qadimda bu yerda ibtidoiy otashparastlar istiqomat qilgani bilan bog‘liq.
Flame Towers
Bu zamonaviy arxitektura kompleksi bo‘lib, uni yangi va rivojlanayotgan Ozarbayjonning timsoli sifatida yaxshi bilishadi. Inshoot o‘zida olov ko‘rinishidagi ulkan shishali binolarni aks ettirgan. Tun paytida bino yuzasida turli chiroqlar nuri jilolana boshlaydi va binolarni olov ko‘rinishiga keltiradi. Ushbu binoning rangdor nurlarini Bokuning istalgan burchagidan turib kuzatish mumkin.
Qiz minorasi
"Icheri Shexer" qa’lasi tarkibidan o‘rin olgan qadimgi va sirli bino Boku shahrining timsollaridan biri sanaladi. Inshoot, shu bilan birga Ozarbayjon arxitekturasining o‘ziga xos timsoli hamdir. Aytishlaricha, bir zamonlar bu yer zardushtiylar ibodatxonasi bo‘lgan ekan.
"Icheri shexer" hududi
"Icheri shexer" Bokuning eng qadimiy turarjoy kvartali sanaladi. Hudud bugunga qadar yaxshi holatda saqlangan tarixiy devorlar bilan qurshalgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda odamlar bronza davridan beri istiqomat qilishadi. Ayni paytda bundan yuz, hattoki ming yillar avval qurilgan uylarda ham odamlarni ko‘rish mumkin. Bu yerning tosh ko‘chalarida vaqt xuddi to‘xtab qolgandek tuyuladi.
Shirvonshohlar saroyi
Mazkur saroy XV asrda bunyod etilgan. Bu yerda Shirvonning hukmdorlari istiqomat qilganlar. Bino qizil, tillarang va jigarrang tusda nur taratadi. Bundan tashqari hududda shohlar maqbarasi, saroy masjidi, Devonxona hovlisi, Sayyid Yaxyo Bokuviy maqbarasi ham bor.
Sheki karvonsaroyi
Mazkur karvonsaroy bir zamonlar Buyuk Ipak Yo‘li hududida joylashgan. Savdogarlar, ish beruvchilar, sayohatchilar, olimlar o‘zsafarlari paytida mana shu yerda to‘xtab hordiq chiqarishgan va safarning keyingi qismi uchun kuch yig‘ib olishgan. Ayni paytda karvonsaroy ichida mehmonxona faoliyat olib boradi, binoning yana bir qismi esa muzey sifatida ishlatilmoqda. Karvonsaroy devorlari chidamli va qalin toshdan tiklangan, arkali darvozalar keskin holatlarda qattiq yopilgan va bino ichidagi odamlarning xavfsizligini ta’minlagan.
"Geyder Aliyev" markazi
Zamonaviy futuristik ko‘rinishiga ega bo‘lgan mazkur bino ichida muzeylar, kongress markazlari, ofislar, ko‘zgazma galereyalari joylashgan bo‘lib, bir so‘z bilan uni mamlakatning madaniy faxri sifatida tilga olsa arziydi. Markaz 2014 yilda eng yaxshi dizayn yo‘nalishida halqaro mukofotga sazovor bo‘lgan. Bino 2006 yilda Ozarbayjon madaniyati, an’analari, tili va tarixini rivojlantirish maqsadida barpo qilingan.
Qiziqarli faktlar
1. Ozarbayjonning pul birligi bo‘lmish manat dizayni ustida yevro dizaynini yaratgan ijodkor ish olib borgan. Shu sababli ham ushbu ikki valyuta bir-biriga o‘xshab ketadi.
2. Mamlakatning 50% hududi tog‘lar bilan qoplangan.
3. Geografik jihatdan mamlakatning ayrim hududlari Sharqiy Yevropaga tegishlidir.
4. Ozarbayjonda o‘sadigan 240 hil o‘simlik turini dunyoning boshqa hech bir burchagida uchrata olmaysiz.
5. Ozarbayjon hududida 350 ta loyli vulqonlar joylashgan.
6. Mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi Boku shahrida yashaydi.
7. Ozarbayjon aholisining 99% i Islom diniga e’tiqod qiladi.
8. Mamlakatda palovni 50 hil ko‘rinishda tayyorlash usullari mavjud.
9. Sobiq sovet ittifoqidagi birinchi sirk Ozarbayjonda ochilgan.
10. Boku shahrida 77 nafar millat vakillari hayot kechirishadi.
Ozarbayjon taomlari
Ozarbayjon taomlari o‘zining turli-tumanligi, to‘qtutarlik sifatlari bilan dong taratgan. Ular orasida shashliklar va tandirda pishiriluvchi taomlar juda ham mashhur. Ozarbayjonliklar qo‘y go‘shtidan tayyorlangan taomlarni sevib iste’mol qilishadi. O‘lka odamlari nachinkali blinchiklarni "Kutab" deya ataydilar. Kutab pishirish vaqtida nachinka sifatida sabzavotlar, qovoq hamda go‘shtdan foydalanish mumkin. Ozarlar odatda bir piyola choy ustida suhbat qurar ekanlar, ermak sifatida murabbo tanovul qilishadi.
Ozarbayjon odamlari nonga hurmat borasida huddi o‘zbeklar kabi ish tutadilar. Ular nonni shunchalar yaxshi ko‘rishadiki, tasodifan yerga tushurib yuborsalar, darhol qo‘llariga olib, uni o‘pib qo‘yishni unutishmaydi.
Сообщения из Facebook