просмотров
O‘n yillar avvalgi moda tendensiyalarini o‘rganish chog‘ida har bir ayolva qiz garderobida mavjud bo‘lishi tavsiya etiladigan, aktual trendlardan holi ravishda hamisha urfda bo‘ladigan liboslar qaysilar ekanligini aniq bilishingiz mumkin.
To‘g‘ri bichimli jinsi
Jinsi shimlarining ham urfdan qolishi mumkin ekanligini bilasiz. Kechagina etak qismi keng shimlar urfga kirgan bo‘lsa, bugun tor bichimdagi shimlar trend darajasiga ko‘tarilgan. Ammo odatiy ko‘rinishga ega va to‘g‘ri bichimli jinsilar heya qachon o‘zining universalligini yo‘qotmaydi. Uning to‘q ko‘k rangli turidan tanlasangiz, nur ustiga a’lo nur.
Nima bilan kiyiladi?
Klassik bichimga ega bo‘lgan jinsini garderobdagi eng ajoyib liboslardan biri deya ta’riflash mumkin. Uni istalgan turdagi kiyimlar bilan birga uyg‘unlashtirish imkoni mavjud. Ushbu libosni kerak bo‘lgan vaqtda klassik uslub, o‘rni kelganda esa romantik ko‘rinish uchun ham qo‘llasa bo‘ladi.
Uzunlashtirilgan jaket
Ayollar garderobida Koko Shanel sharofati bilan paydo bo‘lgan jaketlar shu kunga qadar ko‘plab o‘zgarishlarni boshdan kechirgan. Ularning turlari haddan tashqari ko‘p, tugmali, tugmasiz, uzunligi belgacha bo‘lgan, ikki yoqali turlarini bugungi kunga qadar ommabop deya atasa bo‘ladi. Uzunlashtirilgan bichimdagi jaketlarning klassik varianti hech qachon urfdan qolmaydigan liboslar qatoriga kiradi. Ranglar borasida esa qora, oq va to‘q ko‘k ranglisiga diqqat qaratganingiz ma’qul.
Nima bilan kiyiladi?
Plisse yubkalari, qalamcha uslubidagi yubka, klassik jinsilar, bluzkalarning barchasi jaket bilan o‘zaro uyg‘unlasha oladi. Eng muhimi, ranglar mutanosibligiga e’tibor qaratish kerak.
Klassik uslubdagi shim
Aslida erkaklar garderobining bir qismi bo‘lgan ushbu libosni Koko Shanel ayollar garderobiga kiritgan. Uni ommalashtirgan inson esa taniqli aktrisa Marlen Ditrix hisoblanadi. Klassik bichimdagi shimlar har qanday qomat egasiga mos kelishi uchun uning bel qismi biroz kengroq, sifatli matodan tikilgan va qora rangdagi turlariga diqqat qarating.
Nima bilan kiyiladi?
Uni ofis uslubidagi liboslardan tashqari, klassik bluza va qayiqcha uslubidagi tufli bilan kiygan holatda casual uslubidagi obrazni yaratish mumkin. Odatiy futbolka bilan kiygan vaqtingizda esa kundalik obraz hosil bo‘ladi.
To‘qilgan sviter
Ayollar garderobiga irland dengizchilari sharofati bilan kirib kelgan ushbu sviterlar bugungi kunga kelib ayollar hayotining ajralmas qismiga aylangan. Ular odatda oq, och jigarrang, yashil, kulrang, jigarrang tusda bo‘lishi mumkin. Oq va och jigarrang tuslari esa universal tanlov hisoblanadi.
Nima bilan kiyiladi?
Bu turdagi sviterlarni uzun plisse yubkalari, istalgan bichimdagi jinsi, shortlar, klassik shim va skinni bilan kiyish mumkin.
Bermuda
Ushbu bichimga ega bo‘lgan shortlar Bermud orollari hududiga joylashtirilgan ingliz harbiylari uchun o‘ylab topilgan. Avvaliga ular o‘rnatma cho‘ntaklarga ega bo‘lgan, ammo keyinchalik cho‘ntaksiz ko‘rinishda yaratila boshlangan. Uning universal libosga aylanishini istasangiz, neytral rangli vauzunligi tizzadan 10 sm balandlikda bo‘lgan turlariga diqqat qarating.
Nima bilan kiyiladi?
Mavsum va mato turidan kelib chiqqan holatda ularni futbolka, bluza, jaket va bomberlar bilan kiyish mumkin. Ofis uslubidagi obraz yaratish uchun bermudani teri rangidagi kolgotka bilan kiyish tavsiya etiladi. Poyabzalning ham libosga munosib bo‘lgan turidan tanlash kerak.
Oq rangli keda
Moda olamida yangi mavsum e’lon qilinishi bilan sport brendlari oq rangdagi va turli dizaynga ega bo‘lgan krossovkalarni taqdim qilishadi. Ular orasida odatiy tagcharmga ega turlaridan tortib yashirin platformaga ega ko‘rinishdagilari ham bor. Ammo shunisi aniqki, oq kedalar hech qachon urfdan qolmaydi.
Nima bilan kiyiladi?
Oq kedalarni jozibali ko‘ylaklar bilan ham, gulli printga ega yubkalar, shim va shortlar bilan ham kiyish mumkin. Qiyofangizga klassik uslubdagi kostyum ilova qilsangiz ofis uslubini hosil qilgan bo‘lasiz.
Klassik bichimdagi palto
Palto tanlash bobida har qanday turdagi liboslar bilan uyg‘unlasha oladigan ranglar - oq, qora, to‘q ko‘k va och jigarrangga e’tibor qarating. O‘zingizga kattaroq turadigan palto sotib olmang, u qomatni chiroyli ko‘rsatishi, uzunligi tizzadan birozgina tushib turishi kerak. Tugmasiz paltolar esa sport uslubi uchun mos keladi.
Nima bilan kiyiladi?
Klassik uslubdagi paltolarni istalgan turdagi liboslar: vodolazka, sviter, bluzka, jinsi, klassik shimlar, ko‘ylaklar, etik, tufli va hattoki keda bilan uyg‘unlashtirish mumkin.
Parka
Odatda ushbu libos sayyohlar tomonidan sevib kiyiladi. Ammo, uni nafaqat safarlar, balki kundalik obrazlar uchun ham qo‘llash mumkin. Uning mo‘ynali turlari esa hashamatli qiyofalar yaratishda qo‘l keladi. Parkaning barcha liboslar bilan mos kelishini istasangiz, neytral rangdagi turlariga diqqat qarating.
Nima bilan kiyiladi?
Parka libosini nafaqat jinsi, balki ko‘ylaklar, yubka hamda tuflilar bilan ham kiyish mumkin. Etik va shim bilan kiyilsa kundalik obraz hosil qiladi.
Qora vodolazka
Qoza vodolazka o‘tgan asrning 60 yillarida urfga kirgan bo‘lib, moda olami shaydolariga shunchalar ma’qul kelib qolganki, yarim asrdan beri uning ko‘rinishi zarracha ham o‘zgargani yo‘q. Bu kabi vodolazkalar Merilin Monro va Odri Xepbern garderobida ham bo‘lgan, uni zamonaviy yulduzlar egnida ham ko‘rishingiz mumkin.
Nima bilan kiyiladi?
O‘zingiz uchun qanday uslubdagi obraz tanlagan bo‘lishingizga qaramay, qora vodolazkani har qanday libos bilan istalgan mavsumda kiysa bo‘ladi.
Erkaklar ko‘ylagi bichimdagi libos
U ayollar garderobida erkaklar libosi bichimi asosida kirib kelgan bo‘lsa ham, ushbu ko‘ylakdan o‘ta nafis obrazlar yaratish mumkin. Haqiqatan universal libos harid qilishni istasangiz, uning neytral ranglariga diqqat qarating.
Nima bilan kiyiladi?
Uni garderobning mustaqil elementi yoki boshqa liboslar bilan birgalikda kiysa bo‘ladi. Agar jinsi bilan kiyib, bel sohasiga kamar taqib olsangiz, qulay kundalik obraz tayyor deyavering. Baland poshnali tufli bilan kiyilganda esa jozibali ko‘rinish hosil qiladi.
Lofer
Lofer tuflisi bir qarashda zerikarli ko‘ringan klassik poyabzaldan zamonaviy obrazlar yaratish mumkin ekanligini isbot etadi. Ushbu poyabzal o‘tgan asrning 70 yillarida urfga kirgan bo‘lib, Monako knyaginyasi Greys Kellining eng sevimli oyoq kiyimlaridan biri sanalgan. Uning ommabopligi esa bugungi kunga qadar yo‘qolgani yo‘q.
Nima bilan kiyiladi?
Loferlarni klassik bichimdagi shim yoki yubka, jaket hamda bluzkalar bilan kiyish mumkin. Ranglar kerakli usulda tanlangan bo‘lsa, ularni jinsi bilan uyg‘unlashtirsa bo‘ladi.
Сообщения из Facebook