просмотров
Kalta shim
Kalta bichimdagi shimlar bugungi kunda yetarlicha urfga kirib bo‘ldi. Ammo ushbu shimning barchaga ham yarashmasligini alohida ta’kidlash kerak. Agar bo‘yingiz pastroq bo‘lsa kalta shim sizni aslidan ko‘ra semizroq ko‘rsatishi mumkin.
Yechim:
Agar qulay libos kiyishni istasangiz, odatiy uzunlikdagi shim tanlaganingiz ma’qul. Agar maksimal darajada zamonaviy ko‘rinmoqchi bo‘lsangiz, hech qachon kalta bichimdagi shim harid qila ko‘rmang. Unutmangki, uzun bichimdagi shim qomatni ham chiroyli qilib ko‘rsatadi.
Notekis etakli ko‘ylaklar
Bu kabi liboslar orasida ko‘proq old qismi kalta, orqa qismi uzun liboslar uchrab turadi. Bir qarashda ular sizga yoqishi mumkin. Ammo assimetrik etakka ega bo‘lgan ko‘ylak va yubkalar aslida oyoqlarni kalta ko‘rsatadi.
Yechim:
Bo‘yi o‘rtacha uzunlikka ega bo‘lgan qizlar bu kabi bichimlardan butunlay voz kechganlari ma’qul. Odatiy va tekis etak qismiga ega bo‘lgan ko‘ylakdan yaxshisi yo‘q, ishonavering.
Bebi-doll ko‘ylagi
Bebi-doll ko‘ylagi 12 yoshli qizaloqlarga juda yarashishi mumkin, ammo yoshingiz bundan kattaroq bo‘lsa ushbu bichim sizga aslo to‘g‘ri kelmaydi. U qomatni semiz ko‘rsatish bilan birga kulguli ko‘rinishga sabab bo‘ladi.
Yechim:
Yoshroq, shu bilan birga chiroyli ko‘rinishni istasangiz, kalta bichimga ega bo‘lsa ham, klassik uslubdagi ko‘ylakni tanlang. Aks holda oyoqlaringiz aslidan kaltaroq ko‘rinib qolishi aniq.
Baskali ko‘ylak
Bu kabi ko‘ylaklar bel sohasiga urg‘u berib turishi rost, ammo qorin qismini semiz ko‘rsatadi va mukammal qomat sohibalariga ham mutlaqo yarashmaydi.
Yechim:
Obraz yaratish davomida bel sohasiga urg‘u berishni istasangiz, ko‘ylakka kichik belbog‘ ilova qilish mumkin. Qorin sohasidagi muammolarni berkitish uchun esa bel qismi biroz yuqoriroqda bo‘lgan ko‘ylaklar mos keladi.
Yopinchiq - palto
Bu kabi fason qomatingizni haddan tashqari hunuk va bo‘yingizni past qilib ko‘rsatishi mumkin. Agar palto sifatsiz matosidan tikilgan bo‘lsa, muammo ikki karra ortishi aniq.
Yechim:
Ushbu modelga imkon qadar ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘ling. Agar yopinchiq uslubidagi palto harid qilmoqchi bo‘lsangiz, yumshoqroq matodan tikilganini tanlang.
Vodolazka
Vodolazka - garderobning asosiy elementlaridan biri sanalsa ham, noto‘g‘ri tanlanganda bir qator muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. U odatda bo‘yin qismini kaltaroq ko‘rsatib, qomatdagi kamchiliklarni yaqqol namoyon qilib qo‘yadi.
Yechim:
Agar bu turdagi libos yengi kaltaroq bo‘lsa, undan mutlaqo voz keching. Qomatingizning to‘laroq ekanligini berkitmoqchi bo‘lsangiz, neytral ranglarga diqqat qaratish kerak.
A-siluetli ko‘ylak
Bu kabi ko‘ylaklar har qanday qomat sohibalarini semizroq qilib ko‘rsatadi. Agar ko‘ylak qattiqroq matodan tikilgan bo‘lsa, qomatingiz ikki karra hunukroq ko‘rinishi ham bor gap.
Yechim:
Ko‘ylak tanlash davomida bel qismi biroz torroq, etak qismi kengroq liboslarga diqqat qaratgan ma’qul. Bunday ko‘ylak o‘ta chiroyli, nafis va tabiiy ko‘rinish hosil qiladi.
Сообщения из Facebook