просмотров
Tarixdan ma’lumki, ma’lum bir mamlakat shahzodasining biror o‘lka malikasi bilan turmush qurishi avvalo mamlakatlar orasidagi xamkorlik aloqalariga ijobiy ta’sir qilgan. Bu siyosiy manfaatlar uchun zarur edi - malika va shahzoda nikohi ularning vatanlari orasida hamisha yaxshi aloqalar bo‘lishini ta’minlangan. Ammo bu borada muammolar ham bo‘lgan. Rus shahzodalarining sevgan yori faqatgina oliynasab qizlar orasidan tanlab olingan. Kelin imperiyaga qadam qo‘ygan paytda bo‘lg‘usi qirolicha nomiga tayyor holatga kelgan, uni Yevropaning kichik knyazliklari orasidan ham izlab topishlari mumkin edi.
Keyinchalik kelinchaklar tanlovi xorijning nufuzli oilalari orasida ham davom etdi, sababi bu kabi qizlar katta sarpo-suruqqa ega bo‘lmasa ham, saroy hayotiga tayyor deya baholanardi.
Sofiya-Avgusta-Frederika, Angalt-Serbst malikasi (Yekaterina Alekseyevna)
1743 yilda Yekaterina I ning qizi Yelizaveta Petrovna taxt vorisi uchun kelin izlay boshladi. U nabirasi Pyotr I ning yonida mashhur Yevropa oilalaridan birida tug‘ilgan, boy bo‘lmasa ham, o‘zining odob-ahloqi, tarbiyasi bilan qirollik oilasida yashay oladigan qiz bo‘lishi, kelgusida imperatorni har jihatdan qo‘llab-quvvatlay olishi kerakligini aytardi.
U tanlov borasida Germaniyaning Shtettin shahrida yashovchi malika Sofiya Frederikani ko‘z ostiga oldi. Uning otasi Prussiya qirolining saroyida xizmat qilar, oilasi esa Angliya, Shvetsiya, Prussiya qirollik oilalari bilan qarindosh sanalardi. Qiz juda yaxshi ta’lim olgan bo‘lib, horij tillari, raqs san’ati va etiket qoidalarini juda yaxshi o‘zlashtirgandi. Ammo qizning tabiati o‘g‘il bolalar kabi shiddatga moyil edi,bu esa uning ota-onasini havotirga solardi. Qizcha sho‘xlik qilishni yoqtirar, o‘g‘il bolalar bilan ko‘chalarda bezorilik qilib yurardi. Sofiya ajoyib tarbiyasi bilan bir qatorda keskinligi, mardligi va qaysarligi bilan ajralib turgan. Bu uning ota-onasini ko‘p tashvishga solardi. Ammo aynan mana shu sifatlar uning dunyoga mashhur qirolicha sifatida dong taratishiga asos yaratib berdi.
Malikani rus saroyiga olib kelganlaridan keyin Yelizaveta uning husnidan lol bo‘lib qoldi. Oradan ikki yil o‘tib Yekaterina ismini olgan malika Pyotr III bilan oila qurdi. To‘y marosimi paytida kelin 16, kuyov esa 17 yoshda bo‘lgan. Yoshlar ushbu nikohni saqlab qolish juda qiyin ish ekanligini juda tezkorlik bilan anglab yetdilar, sababi ularning har ikkisi ham turli sharoitlarda, turli muhitda tarbiya topgan edilar. Ilk tanishuv paytida yuzaga kelgan yoqimli taassurotlar ham o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketdi.
Eng achinarlisi, imperator rafiqasini "zahiradagi xonim" deya atar, son-sanoqsiz xushtorlari bor ekanligini ayolidan berkitib o‘tirmasdi ham.
Bu esa malikaning eriga bo‘lgan nafratini yanada oshirar va tushkunlik domiga uloqtirardi. Ushbu oilaning kun kelib yo‘q bo‘lishi aniq edi. Qarangki, taxminlar rost bo‘lib chiqdi va ular birgalikda baxtli hayot kechirishni uddalay olmadilar.
Avgusta-Vilgelmina-Luiza, Gessen-Darmshtad malikasi (Natalya Alekseyevna)
Yekaterina II ham huddi Yelizaveta Petrovna kabi imperator ayoli unga har jihatdan munosib bo‘lishi kerakligini juda yaxshi anglar edi. Shu sababli ham u o‘z o‘g‘li PavelPetrovich uchun kelin tanlash masalasiga juda jiddiy yondoshdi. Yevropaga daniyalik diplomat Asseburg yuborildi. U uzoq yillar davomida rus saroyida xizmat qilgan va imperatorning ishonchiga sazovor bo‘lgandi. Diplomat 3 yil davomida o‘lkaning nufuzli oilalarida mehmon bo‘ldi. Oqibatda uning tomonidan imperator rafiqasi bo‘lishga arziydigan ikkita nomzod taklif qilindi: ularning birinchisi malika Vilgelmina bo‘lsa, ikkinchisi malika Sofiya edi. Ikkinchi nomzod hali juda yosh bo‘lgani sababli kelin sifatida malika Vilgelmina tanlab olindi.
Malika haqiqatan ham o‘z jozibasi va husni bilan ko‘zga tashlanib turar edi. Diplomat qizga nisbatan aqlli va farosatdi deya ta’rif bergandi ham. U taxt vorisining suratini bir marta ko‘rgach, unga oshiq bo‘lib qoldi. Shu tariqa qizni imkon qadar tezroq Rossiyaga olib kelish va to‘y qilish chorasini ko‘ra boshladilar.
1773 yilda kelin uchun 3 ta kemadan iborat guruh jo‘natildi. Kemalarning biriga graf Razumovskiy boshchilik qilgan. U bo‘lg‘usi imperatorning yaqin do‘sti bo‘lib, malikani bir bor ko‘rgach unga oshiq bo‘lib qoldi. Qiz ham uning oddiy graf ekanligini tushunmadi, yigitni o‘z yori deb o‘yladi. Ammo keyinchalik vaziyat aniqlashgach, qiz o‘z yorini izlab yo‘lga tushdi. 1779 yilda to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. Shahzoda o‘z yoriga juda qattiq ko‘ngil berdi. Ammo malika shunchalar aqlli ediki, tez orada siyosat ishlariga aralashib ketdi, hukumatni liberallashtirish tarafdori ekanligini ochiq namoyish qila boshladi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 1776 yilda tug‘ruq vaqtida olamdan ko‘z yumdi.
Sofiya-Doroteya-Avgusta-Luiza, Vyurtemberg malikasi (Mariya Fedorovna)
Pavel Petrovich o‘zining birinchi ayoli o‘limidan keyin juda o‘zgarib qoldi. U hech kim bilan ortiqcha so‘zlashmay, hamisha xomush holatda yurardi. U sevimli ayolining o‘limiga ko‘nika olmayotgan edi. Shu sababli ham imperator onasi zudlik bilan yangi kelin izlash payiga tushdi. Aytishlariga ko‘ra, Yekaterina II shunchalar qahri qattiq ayol bo‘lganki, kelinining dafn marosimidan bir kun o‘tib, o‘g‘liga darhol kelin topish kerakligi, imperator yonidagi joy bo‘sh qolmasligi haqida uqtirgan. Nomzod sifatida esa avvaldan tanish bo‘lgan malika Sofiya tanlab olingan.
Bu paytga kelib malika Sofiya ulg‘ayib qolgan, imperator rafiqasi nomiga mukammal nomzod qiyofasida edi. U ham Yekaterina II kabi Germaniyaning Shtettin shahrida tug‘ilgan. Malikani tarbiya qilishda oiladagi asosiy rol kimga tegishli ekanligini qizga qattiq uqtirilgandi.
Shahzoda Pavel onasining undovi bilan Shtettinga qarab yo‘l olgan va Malika Sofiya bilan shaxsan o‘zi uchrashgan. Rossiya taxtining sohibi qizni yoqtirib qolgan va u bilan oila qurish qaroriga kelgan. Malika Sofiya esa Rossiyaga kelib Mariya Fedorovna ismini olgan va 1776 yilda ularning to‘ylari bo‘lib o‘tgan. Oradan bir yil o‘tib ularning oilasida Aleksandr ismli o‘g‘il farzand tug‘ildi. Imperator va uning rafiqasi umumiy hisobda 10 ta farzand ko‘rganlar. Aytishlaricha, ayol o‘lguniga qadar yori uchun mukammal rafiqa bo‘lishga intilgan, doim chiroyli va latofatli qiyofada bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘iga nisbatan bo‘lgan muomalasi, o‘zini tutish qobiliyati va oliy darajasi tarbiyasi ko‘pchilik qizlarga namuna qilib ko‘rsatilgan.
Luiza-Mariya-Avgusta, Baden malikasi (Yelizaveta Alekseyevna)
AleksandrPavlovich ulg‘ayib, oila qurish vaqti kelgach, uning buvisi Yekaterina II kelin tanlash vazifasini yana bir bor o‘z zimmasiga oladi. Odatiy an’anaga ko‘ra, kelinni xorijlik malikalar orasidan izlashga kirishadi. 1790 yilga kelib o‘zining ishonchli odamlaridan biri Karlsrueni ikki nafar Baden malikasi uyiga yuboradi va ular haqida ma’lumot yig‘ishni buyuradi.
Eng qizig‘i, ushbu opa-singillarning onasi Pavel Petrovichning birinchi rafiqasi malika Vilgeminaning singlisi bo‘lgan. Shu tariqa 13 yoshli malika Luiza Avgusta va 11 yoshli malika Frederika Doroteya Peterburgga olib kelinadi. Bo‘lg‘usi imperator qizlar bilan tanishgach, ularning birini o‘ziga yor sifatida tanlashi kerak edi. Shahzoda malika Luizani yor sifatida tanlashga qaror qiladi.
Luiza asta-sekinlik bilan saroy qonunlariga ko‘nika boshlaydi, shu bilan birga to‘y uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuboriladi.Yosh malika mana shu paytda o‘zining bu yerlarga begona ekanligini qalban his qilgan. Kattalar hamisha o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lar, yori bo‘lmish shahzoda Aleksandr esa o‘ta jiddiy yigit bo‘lgani sababli malika bilan ortiqcha gaplashmasdi ham. Ammo malika tez orada bo‘lg‘usi yorining yuragiga yo‘l topa oladi, shu tariqaAleksandr unga muhabbat izxori yozilgan maktub tutqazadi. Malika Luiza uchun begona saroydagi yagona tirgak - shahzoda Aleksandr bo‘lib qoladi.
Yelizaveta ismini olgan malikaning go‘zalligi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilardi. Uni ko‘rgan shoirlar imperator yori haqida ajoyib asarlar yozishgan. Ayrimlarning taxmin qilishlaricha, malika Luiza Pushkinning sirli ilhom parisi bo‘lgan emish.
Friderika-Sharlotta-Vilgelmina, Prussiya malikasi (Aleksandra Fedorovna)
XIX asr boshlarida Napaleonnning Fransuz armiyasi Yevropaga hujum qilishni boshladi. Prussiya qiroli o‘z oilasi bilan himoya izlab rus isperatori Aleksandr I ning yoniga keladi.
Bu paytlarda qirolning qizi malika Friderika-Sharlotta-Vilgelmina 16 yoshda edi. Shu tariqa u rus imperatorining ukasi Nikolay Pavlovich bilan tanishadi. Yoshlar bir ko‘rishdayoq bir-birlarini yoqtirib qoladilar. Ularning nikohlari rus-german aloqalarini yaxshilash uchun yordam berishi kerak edi. Ammo shahzoda Nikolay taxt vorisi sanalmasdi. Tantanali to‘y marosimi 1816 yilda bo‘lib o‘tadi. Malika boshqa rus malikalari kabi Aleksandra ismini oladi. Prussiya malikasi tez orada butun saroy odamlarining ko‘nglidan joy topa olgan, qaynonasi bilan ham o'ta iliqmunosabatlar o‘rnatgan. 1818 yilda ularning oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keladi va bolakayni amakisi sharafiga Aleksandr deya nomlaydilar.
Juftlik siyosat va hukmronlikdan uzoqda, o‘zlarining qulay va ajoyib uylarida hayot kechirishardi. Ammo ularning tinch hayotlari uzoqqa bormadi. 1819 yilda imperator o‘z vorisi shahzoda Nikolay bilan ko‘rishmoqchi ekanligini ma’lum qildi. Imperatorning o‘zidan keyingi ukasi Konstantin taxtdan voz kechgandi.
Shu tariqa shahzoda Nikolay imperatorga aylandi, rafiqasi esa yori bilan birgalikda saroyga ko‘chib keldi.
Maksimiliana-Vilgelmina-Mariya, Gessen malikasi (Mariya Aleksandrovna)
Nikolay I hukmronligi paytida uning o‘g‘li Aleksandr taxtni otasidan qabul qilib olish uchun tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. 16 yoshga to‘lgach, davlat ishlarini o‘rganishga kirishdi, avval mamlakat bo‘ylab, keyin esa xorijga safarlar uyushtirdi. Safarlarning birida Yevropadagi opera teatriga borgan shahzoda Gessen malikasi bilan uchrashib qoldi va uni bir ko‘rishdagi muhabbat bandi etdi.
Maksimiliana-Vilgelmina-Mariya 1824 yili Darmshtadt shahrida Gessen gertsogi va Baden gertsoginyasi oilada tug‘ilgan edi. Qiz juda ham kamtar, taqvodor va mehribon bo‘lgan.
Imperatorlik tojining vorisi qizning go‘zalligidan aqlini yo‘qotdi, vataniga qaytgach, onasiga bu haqida ma’lum qildi. Shahzodaning onasi nomzod malika bilan shaxsan o‘zi uchrashish uchun uning uyiga bordi va nikohga rozilik berdi.
Keyinchalik Mariya ismini olgan malikaning Aleksandr II bilan birgalikda kechirgan oilaviy hayoti avvaliga tinch va baxtli tarzda o‘tgan. Ular 8 nafar farzand ko‘rganlar. Malika shovqinli tantanalarni yoqtirmas, ko‘pincha yolg‘iz o‘tirishni ma’qul ko‘rardi. Bundan tashqari hayriya ishlari bilan ham shug‘ullangan. Balet va opera maktabiga asos solgan,ko‘plab ezgu ishlarni amalga oshirgan.
Mariya-Sofiya-Frederika-Dagmar, Daniya malikasi (Mariya Fedorovna)
Aleksandr II ning o‘g‘li Nikolay ota-onasi tomonidan Yevropa yuborildi va unga o‘zi uchun munosib yor topish vazifasi yuklatildi. Kopengagenga kelgan shahzoda Daniya malikasi bilan uchrashib qoldi. Nikolay o‘zi orzu qilgan qiz aynan shu ekanligini bilgach, unga uylanishga qaror qiladi. Ammo 1865 yilning aprel oyida Italiya bo‘ylab sayohat qilayotgan shahzoda qattiq kasal bo‘lib qoladi va umrining oxirgi kunlarini qarindoshlari, shuningdek Daniya malikasi qurshovida o‘tkazadi. Rossiya imperatorlik tojining vorisi olamdan o‘tgach, malika qattiq tushkunlik holatiga beriladi. Uning salomatligi yomonlashib, kundan kunga ozib ketardi.
Tez orada bo‘lg‘usi imperator sifatida Aleksandr IIning ikkinchi o‘g‘li Aleksandr Aleksandrovich nomi tilga olinadi. U marhum akasidan butunlay farq qilar, o‘ta sokin tabiatli, jiddiy, odamovi yigit edi.
Fojiali hodisadan keyin Aleksandr III va Daniya malikasi yaqindan tanishgan. Aleksandr II ushbu vaziyatdan xabar topgach, Daniya malikasiga maktub yo‘llab, uni oila a’zosi sifatida ko‘rish istagi borligini ma’lum qiladi.
1866 yilda Aleksandr III Daniya malikasining qo‘lini so‘raydi va qizga Mariya Fedorovna ismi beriladi. Oradan bir yil o‘tib ularning oilalarida o‘g‘il farzand dunyoga keladi va unga Nikolay deb ism beradilar. Ushbu oila Rossiya imperiyasining eng mustahkam juftliklaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Ular birgalikda 30 yil umr kechirganlar.
Alisa, Gessen-Darmshtadt malikasi (Aleksandra Fedorovna)
Malika Alisa Britaniya qirolichasi Viktoriyaning nabirasi bo‘lib, Gessen gertsogining qizi edi. U 1872 yilda Germaniyaning Darmshtadt shahrida tavallud topgan. Qizaloq bolalikdan quvnoq va sho‘x bo‘lgan. Ammo malikaning bolaligi oson kechmadi. 6 yoshlik paytlarida akasi vafot etdi. Uning qayg‘usi qizning onasini yengib qo‘ydi. 1878 yilda shaharda epidemiya tarqaldi, oqibatda malikaning singlisi vaonasi ham halok bo‘ldilar. Qirolicha Viktoriya nabirasini Angliyaga olib ketishga qaror qildi. Shu tariqa uni inglizlarga hos usulda tarbiya qildilar. Malika Alisa musiqa, rassomlik, otda yurish san’atini o‘zlashtirdi. Ammo yaqinlaridan judo bo‘lgan qizaloq shovqinli tadbirlarni juda yomon ko‘rar, ko‘p vaqtini yolg‘izlikda o‘tkazardi. Uning kulgusini eshitgan biror odam saroyda topilmasdi. Malika 12 yoshlik paytlarida opasining to‘yi payti o‘z taqdiri - rus shahzodasi Nikolay bilan tanishib qoldi. Ularning ikkinchi uchrashuvlari 1889 yilda bo‘lib o‘tdi, 1894 yilda esa yoshlar oila qurdilar.
Rossiya imperiyasi taxtining oxirgi sohiblari juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirishdi. Dahshatli kasallik o‘g‘illarini azobladi, Birinchi jahon urushi bo‘lib o‘tdi, bo‘lg‘usi imperator balet raqqosasini sevishi haqidagi mish-mish tarqaldi. Oqibatda, ularning oilasi fojiali tarzda halok bo‘ldi.
Сообщения из Facebook