просмотров
Quloq odamning eshitishi va muvozanatini saqlovchi organ hisoblanadi, agar quloq orqali eshitish imkoniyati bo’lmaganida, odamlar bosh aylanishidan aziyat chekkan va notekis harakatlanishdan qiynalgan bo’lardi. Ma’lumotlarga ko’ra, yer yuzidagi har o’nta odamdan bittasi kar bo’lib, ularning ko’pchiligi maxsus eshitish moslamasidan foydalanadi.
Har qanday odam uchun qulay tovush miqdori 45-50 detsibell atrofida bo’ladi. Buni yoningizdagi odam bilan o'rtacha ovozda suhbatlashganingizda chiqadigan ovoz balandligiga qiyoslasa bo’ladi.
Organizm past tovushlarga u qadar kuchli reaksiya bermaydi. Ammo ayrim hollarda tovushlar tushunib bo’lmas bezovtalik, quloq va umurtqa pog’onasidagi og’riqlarga sabab bo’ladi. Ayniqsa, kun bo’yi shovqin chiqarib ishlovchi mexanizmlar quloq uchun yashirin xavf sanaladi. Kezi kelganda takidlash joizki, ayollar tovushlarni erkaklarga qaraganda yaxshiroq ilg’aydilar. Shu sababli ham ayollar hamsuxbatining ovozidan uning kayfiyatini tezda anglab oladilar.
Uzoq vaqt davom etgan yoki juda baland shovqin inson sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Transport va sanoatning jadal rivojlanishi, ishlab chiqarish hamda turmushda yangi texnikalarning keng qo’llanilishi shovqin manbalarining ko’payishiga sabab bo’lmoqda.
Bugunga kelib shovqin kasalliklar sonini ko’paytiruvchi omil sifatida e’tirof etilmoqda. Olimlar asab, yurak, qon-tomir kasalliklarining ko’payib borayotganini shovqin ta’siridan, deya baxolashmoqda. Odam qulog’ining eshitish hujayralari va asab tolalariga salbiy ta’sir etadigan kuchli shovqinga qarshi hozircha hech qanday sun’iy himoya vositasi yo’q. Shovqin markaziy asab tizimiga salbiy ta’sir ko’rsatib, bosh miya po’stlog’i hujayralarini holdan toydiradi. Natijada odam yaxshi uhlay olmaydi, tez charchab qoladi, diqqati susayadi, harakat uyg’unligi gavda muvozanati buziladi, umumiy ish faoliyati pasayadi. Shovqinning inson organizmiga uzoq vaqt ta’sir etishi markaziy asab tizimi faoliyatining buzilishi va gipertoniya kasalligini keltirib chiqaruvchi omillardan biridir.
Yana bir gap: shovqin organizmda stress holatini paydo qiladi. Shu bois shovqin kuchayganda, qonda stress gormonlarining miqdori keskin oshib, yurak urushi tezlashadi va qon quyuqlashib, tomirlarda spazm hosil bo’ladi.
Mutaxassislarning fikricha, atrofimizdagi har bir daraxt 20 detsebellgacha bo’lgan shovqinni yuta olar ekan. Demak, tevarak-atrofni ko’kalamzorlashtirish va daraxtlar sonini ko’paytirish nafaqat shovqindan himoyalanishga, balki kislorodga to’yingan havodan baxramand bo’lishga ham yordam beradi.
Сообщения из Facebook