Tailandning sohibjamol malikasi hayotiga nazar
Tailandning sohibjamol malikasi hayotiga nazar
Tailand - qirollik oilasi tomonidan boshqariluvchi ajoyib o‘lka. Ayni paytda o‘lkada qirol Maxa Vachiralongkorn hukmronlik qiladi. Uning yagona qizi -Sirivannavari Nariratana esa dunyodagi eng go‘zal malikalardan biri.

Tailand - dunyodagi eng ajoyib va ko‘rkam mamlakatlardan. Bu yerlik odamlar tabiatida sharqona ahloq, o‘ziga xos xushmuomalalik, lutf tushunchalari muhim o‘rin tutadi.

Sirivannavari Nariratana - Tailand malikasi, 1987 yilning 8 yanvar kuni qirol Rama X va Sudjarini Vivacharavongse oilasida dunyoga kelgan. 2005 yilda badminton bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo chempioni bo‘lgan, 2017 yilda ot sportchi bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo o‘yinlari kumush medalini qo‘lga kiritgan.

Qizaloqqa tug‘ilgan vaqtlarida But Nampxet Maxidon , keyinchalik Chakkrityapxa Maxidon ism berilgan. Oradan yillar o‘tib, uning ismi yana bir bor o‘zgartirildi. Malikaning 4 ta akasi bor.

Sirivannavarining ota-onasi 1994 yilda turmush quradilar, ammo oradan ko‘p o‘tmay, ajrashib ketishadi va qirol o‘z rafiqasi hamda bolalarini oliy unvonlardan mahrum qiladi. Sirivannavari ajrimdan keyin onasi va akalari bilan Angliyaga kelgan va shu yerda yashagan. Ammo otasi tez orada qizini Tailandga qaytarib olib keladi. 

Sirivannavari bobosi - qirol Rama IX buyrug‘iga ko‘ra, malika nomini qaytarib oladi. 

Ta’lim

Qiz Bangkokdagi san’at fakultetiga o‘qishga kiradi va 2008 yilda bu dargohni "Moda va tekstil" yo‘nalishi bilan tamomlaydi. Keyin esa Fransiyada Balmain, Christian Dior, Italiyada Salvatore Ferragamo, Giorgio Armani, Bulgari modalar uyida malaka oshiradi.

Moda

2007 yilda malika fransuz modeleri Perr Balmendan Parijdagi modalar namoyishida qatnashish taklifini oldi. Uning ilk kolleksiyasi "O‘tmish jilolari" nomiga ega bo‘ldi. Malika o‘z liboslarida tailand kiyimlariga zamonaviy ko‘rinish berishni uddaladi. Oradan bir yil o‘tib, Parijda shaxsiy kolleksiya namoyishi bo‘lib o‘tdi.

2008 yilda malika "Forbes" jurnali versiyasiga ko‘ra, qirollik oilalari vakillari orasidagi eng chiroyli insonlar reytingining 16-o‘rnini band etdi. Aynan shu yili Russian Fashion Week modalar haftaligi doirasida Moskvaga keldi va etnik uslubdagi kolleksiyasi bilan chiqish qildi.

Murabbiylik

Malika badmintondan tashqari ot sporti hamda velosport bilan ham shug‘ullanadi. 2013 yilning sentyabrda u fransuz chavandozlari maktabida ot sporti bo‘yicha murabbiylik sertifikatini olgan.

"Men haftasiga 6 marta mashg‘ulotga boraman. Jarohatlar ham olganman - hozir ham oyog‘imda vint mavjud. Ammo hech qachon bo‘sh kelmaganman. O‘z maqsadlarimga erishish uchun bor kuchimni sarflayman" deydi malika.

Shaxsiy hayot

Sirivannavari Nariratana ayni paytda 32 yoshda. Hamon turmushga chiqamagan va o‘zining shaxsiy hayoti tafsilotini birovga oshkor qilib o‘tirmaydi. Paparatssilar faqatgina bir marta Roland-Garros tribunalarida qizni ko‘rkam yigit bilan ko‘rishgan. Ammo yigitning kim ekanligi sir bo‘lib qolavergan.

Shaxsiy rivojlanish

"Men o‘zimga yoqqan narsalar bilan shug‘ullanishni xush ko‘raman. O‘zimni rivojlantirish, yangi narsalarni kashf qilish va ko‘proq bilimga ega bo‘lishga urinaman. Bundan tashqari, eskizlarni ishlab chiqish, o‘z liboslarimni yaratish va chizmalar tuzishdan ham zavqlanaman. Keyin esa bularning barchasini teksilda aks ettiraman. Ilk dizayndan boshlab, g‘oya darajasidan yakuniy natijaga qadar - ishning barcha bosqiyalari menga juda yoqadi".

Muvaffaqiyat haqida

"Muvaffaqiyat bir martalik yoki qisqa muddatlik tushuncha bo‘lmasligi kerak. U sizni juda tez topib kelishi mumkin, ammo omad qanchagacha yoningizda qolarkin? Bu shunchaki yanada rivojlanish uchun kerakli bir kalit holos. Barchasi juda ham murakkab. Diqqatingizni quyidagilarga qarating: Agar muvaffaqiyatga erishishni istasangiz, xatolar ustida ishlang, holatingizni yaxshilang. O‘zingizni omadli deb atash uchun shoshilmang. Toki tirik ekansiz, bilim olish uchun intilish kerak".

Ma’suliyat haqida

"Men qirollik mas’uliyati nima ekanligini yaxshi bilaman. Zimmamda ana shu ma’suliyat, shaxsiy ishlarim yuki bor. Do‘stlarim va boshqa muhim insonlar bilan uchrashaman. Bu men uchun kundalik yumushlarning bir qismi. Ammo ushbu uchrashuvlar hashamatli davrada o‘tmaydi. Qayerda bo‘lsam ham, tailandlik qiz ekanligimni unutmayman". 

Vatani haqida

"Хalqaro tashkilot juda muhim ma’lumotni e’lon qildi: biz, tailandliklar orasida ijodkor odamlar haddan tashqari ko‘p. Mamlakatimizda ajoyib vizajistlar va sartaroshlar, kerakli sharoitlar hamda texnikalar bor. Garchi bizning mamlakat nomini dunyo arenasida tez-tez tilga olmasalar ham, vatanimizda barcha kerakli sharoitlar mavjud. Uning yanada yaxshilanishi uchun harakatdamiz" .

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook