“Amirsoy” yangi tog’-chang’i kurortining ochilishi
Joriy yilning 21 dekabr kuni Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida “Amirsoy” yangi tog’-chang’i kurortining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Ushbu qishqi dam olish maskanining qurilishida Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniyaning yetakchi loyiha kompaniyalari jalb qilingan. 

“Amirsoy” tog’-chang’i kurorti ikki yil oldin Prezident tashabbusi bilan boshlangan loyihadir. Uning 2 ta bosqichining birinchisi o’z nihoyasiga yetkazildi. Bunga 80 mln. yevrodan ortiq investitsiya kiritildi. Ushbu kurort 800 gektardan ortiq maydonni egallagan bo’lib, 580 o’ringa mo’ljallangan. Loyihaning ikkinchi “Garbiy Amirsoy” nomli bosqichining qurilishi 2022 yilda tugallanib, foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Ushbu loyiha mijozlarga yuqori qulay sharoitda xizmat ko’rsatuvchi, sifati va xavfsizligi bo’yicha jahon talablariga javob beruvchi mamlakatimizdagi ilk tog’-chang’ kurortidir. U uzunligi 3 km keladigan ikkita osma yo’l hamda umumiy uzunligi 10 km keladigan turli murakkablikdagi 8 ta tog’-chang’i trassalariga ega.

“Amirsoy” dam olish maskani hududida qishki dam olish uychalari, restoranlar, sport maktabi, tog’ chang’ilari va boshqa moslamalarning universal ijara markazi, vertolyot maydonchasi bor. Bu yerda shuningdek yana qorda yurish, chanalarda va kvadrotsikllarda uchish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.  

Ushbu kurortga mamlakatimiz aholisidan tashqari chet ellik sayyohlarning ham kelishi kutilmoqda. U O’rta Osiyodagi yetakchi dam olish maskani bo’lib qoladi hamda Yevropa va jahon standartlariga to'liq javob beradi. Shubhasiz, bu loyiha O’zbekiston turizmida “mavsumiylik” borasida keskin burilish yasaydi. Endi xorijdan sayyohlar yurtimizga faqatgina quyoshdan bahra olish uchun kelishmaydi.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations