Sayohat

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Toshkent qulay geografik joyda – Tyan-Shan togʻlari tomonidan Buyuk Ipak Yoʻli boʻylab keladigan tuya karvonlari yoʻlida joylashgan, shu boisdan ham oʻzga mamlakatlarning diqqatini oʻziga jalb qilib kelgan. Shahar tashqi dushmanlardan himoyalanish maqsadida oʻsha vaqtlarda devorlar bilan oʻrab olingan edi. Shosh qalʼasi aholisining osoyishtaligini qorongʻu kechalarda jasur pahlavon qorovul-mirshablar avval qilichlari, oʻq-yoylari, keyinchalik esa beshotar miltiqlari, zambaraklari bilan himoya qilishgan.

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

 Tarixchi olimlarning yozishlaricha, 18 asrning oxirlarida shahar mudofaa devorining balandligi salkam 8 metr, tepa qismining kengligi 2 metrgacha boʻlgan. Devoraylanasining uzunligi 18,2 km, shaharning umumiy maydoni esa 26,4 kv. km.ni tashkil etgan.

Shahar mudofaa devorining 12 ta darvozasi boʻlgan. Bular: Taxtapul, Labzak, Qashqar, Qoʻqon, Qoʻymas, Beshyogʻoch, Kamolon, Samarqand, Koʻkcha, Chigʻatoy, Sagʻbon, Qorasaroy darvozalaridir. Bu darvozalardan tashqari shaharning ikkita qofqasi, yaʼni bir nafar otliq kirib chiqadigan tuynukchasi boʻlgan. Qadimgi darvozalar hozirgi bojxona, chegara vazifalarini bajargan. Dushmanlarning toʻsatdan bostirib kirishidan asragan.

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Bu darvozalarning hammasi katta yoʻl ustida qurilgan boʻlib, darvozalar mustahkam, qattiq yogʻoch – togʻ archasidan yasalgan va ust tomoniga naqshinkor bezaklar berilgan. Har bir darvozada juft halqalar va kalitlar boʻlgan. Kalitlar darvozabonlarning qoʻllarida saqlangan. Darvozabonlar darvozani tongda ochib, quyosh botganda berkitganlar. Darvoza yopilgandan soʻng, uni ochishga hech kimning haqqi boʻlmagan. Faqatgina shahar hokimining oʻta zarur farmoyishi boʻlgandagina darvozani ochishga ruhsat berilgan.

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Toshkent darvozalarining kalitlari sof oltindan quyilgan. Har bir kalitda tegishli darvoza nomi va yasalgan yili yozilgan. 1865yil iyun oyida Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan keyin, 12 ta darvozaning ramziy oltin kalitlari yasalib, rus general-gubernatori Mixail Chernyayevga topshirilgan. Chernyayev esa kalitlarni Peterburgdagi harbiy muzeyga topshirgan. Bu kalitlar darvozani ochuvchi haqiqiy kalitlardan ancha kichik boʻlgan. Ular Peterburgda 1917 yilgacha Rossiya imperiyasi, undan keyin shoʻrolar hukumati qaramogʻida boʻlgan. 1933 yil 14 iyunda Toshkent darvozalarining ramziy kalitlari Oʻzbekistonga qaytarib berilgan. Hozirda bu kalitlarning oʻn bittasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Bankida saqlanayotgan boʻlsa, bittasi Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida koʻrgazmaga qoʻyilgan.

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Qadimiy Toshkentning yuragi hisoblangan, xalq osoyishtaligini taʼminlagan ushbu 12 ta darvoza muhim tarixiy ahamiyatga ega. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari 2017 yildagi yigʻilishda “Doʻstlik bogʻini yaratib”, uning hududida Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan barcha xalqlar, millat va elatlarning oʻziga xos madaniyati, urf-odati, madaniy anʼanalarini namoyish qiladigan majmua loyihasini tayyotlash yuzasidan topshiriq bergan edi. Bu taklifdan kelib chiqib Toshkent shahar hokimligi poytaxtimizning katta turistik qiymatga ega boʻlgan qoʻhna va zamonaviy tashqi koʻrinishini shakllantirish, xorijlik sayyohlar uchun maʼqul boʻladigan qiyofani yaratish, ramziy darvozalarini tiklash boʻyicha eng yaxshi taklif uchun tanlov eʼlon qildi. Shundan kelib chiqib “Dunyo darvozalariʼ xalqaro madaniy turistik majmuaning loyihasi yaratildi.

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi

Majmuada Toshkentning 12 ta darvozasi barpo etiladi. Yopiq markaziy akvapark, qishki bogʻ, amfiteatr, velosiped yoʻlakchalari, gullar, manzarali daraxtlar bilan oʻralgan piyodalar sayr qiladigan yashil yoʻlaklar, sport maydonlari, qahvaxona, bolalar maydonchasi quriladi.

Shunday qilib, Toshkentning 12 ta darvozasi tiklanadi. Ular toʻrt tomonga qaragan boʻlib, har biri shu yoʻnalishdagi davlatning qoʻhna meʼmorchilik namunalari: Hindistonning Toj-Mahali, mashhur Xitoy devori, Misr ehromlari, Angliyaning Bing-Bong soati, Frantsiyaning Eyfel minorasi tasvirlari bilan oʻz aksini topgan darvozlar, karvon yoʻllari-yu karvonsaroylar, quduqlari-yu hayotbaxsh sardobalar bilan qad koʻtaradi. 

Tarixga nazar: Qadimgi Toshkentning oʻn ikki darvozasi
●

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.

Oʻxshash maqolalar