Qiziqarli maʼlumot: Xellouin qanday bayram va u turli mamlakatlarda qanday nishonlanadi?


Bu bayramning kelib chiqish tarixi xristianlikdan ham avval boʻlgan juda qadim zamonlarga borib taqaladi hamda koʻhna keltlarning anʼanaviy bayrami hisoblanadi. Angliya, Irlandiya va Shimoliy Fransiya hududida yashagan keltlar yilni ikkiga boʻlar edilar – qishga va yozga. Shuning uchun 31 oktyabr ular uchun yilning oxirgi kuni hisoblanar edi, 1 noyabrdan esa yangi yil va qish mavsumi boshlanar edi.
Birinchi noyabrga oʻtar kechasi keltlar Yangi yilning kirib kelishini nishonlar edilar va anʼanalarini oʻtkazar edilar.
Xristian dini paydo boʻlishi bilan Xellouin unga aralashib ketdi. Sekin astalik bilan bu bayram boshqa elatlarga ham tarqala boshladi. Endi bu bayramni ruhlar bilan, jin-parilar bilan bogʻlay boshladilar. Oʻlgan ruhlar orom olishi va chiroqsiz qolib ketmasliklari uchun ularning yoʻlini yoritib turish maqsadida qovoqlarni oʻyib, ichiga shamlarni yoʻqib qoʻyar edilar.
Juda qadim zamonlarda boshlangan bu bayram bugungi kunimizgacha yetib keldi va yildan-yilga Yeropa mamlakatlarida ham ommalashib bormoqda. Bu bayramni nishonlash uchun odamlar turli xil liboslarni kiyish, bezash ishlari va shirinliklarga katta miqdorda pul sarflaydilar. Asosiy maqsad – nafaqat shirinliklar bilan boʻlishish, balki bir-birini qoʻrqitishdan ham iboratdir. Odamlar huddi uydirma, qonxoʻr maxluqlardek kiyinishlari va atrofdagilarni qoʻrqitishlari kerak. Biroq bu bayram dunyoning turli mamlakatlarida turlicha nishonlanadi, baʼzi davlatlarda bu quvnoq maskarad-bayrami boʻlsa, boshqalarida bu oʻlganlarni xotirasini qadrlash bayrami, yana birlarida esa diniy bayram sifatida nishonlanadi.
Xellouin bayrami turli mamlakatlarda qanday nishonlanadi. Keling, ular bilan tanishib chiqamiz.

Avstriyada Xellouin bayramida odamlar uyqu oldidan stol ustida suv, non va yoʻqilgan lampani qoldiradilar. Ularning aytishlaricha, oʻlganlarning ruhlari bu tunda Yer yuziga qaytadilar. Bu bayramda odamlar oʻz oilalari bilan birgalikda bu dunyodan oʻtib ketgan yaqinlarining qabrlarini ziyorat qiladilar hamda ularni gullar va fonarlar bilan bezatadilar. Avstraliyalik katoliklar ham bu vaqtda Barcha Avliyolar haftasi sifatida oʻtkaziladigan Seleenwoche bayramini nishonlaydilar. Cherkovlarda oʻlganlar ruhi uchun anʼanaviy tadbirlar oʻtkazadilar.

Xitoyda Xellouin bayrami Den Tse, deb nomlanadi va har yili nishonlanadi. Bu kunda xitoyliklar vafot etgan qarindoshlarining suratlari oldiga ovqat va suv qoʻyadilar. Shuningdek, ruhlar uchun Yer zaminiga yoʻlni koʻrsatib qoʻyish uchun gulxanlar yoki fonarlar yoqadilar. Budda ibodatxonalarida qogʻozlardan “qonunlar qayigʻi” nomli qayiqcha shakllari yasaladi va kechki vaqtda uni yoqib yuboradilar. Bu narsa ikki sababdan qilinadi: halok boʻlganlar va baxtsiz hodisa tufayli halok boʻlib, jasadlari yerga dafn etilmagan daydi ruhlar xotirasiga hamda ularning ruhlari osmonga koʻtarila olishlari uchun. Xitoyliklarning fikricha, bunday daydi ruhlar xavfli hisoblanadilar, shuning uchun boqiy dunyoga yoʻlni korsatib, ular oʻz yoʻllarini topib, orom olishlariga yordam berish kerak.

Angliyada ham bayram oʻzgacha nishonlanadi. Qovoqdan chehralar kesib yasalishning oʻrniga, inglizlar quvnoq chehralarni lavlagidan yasaydilar va ularni “punkies”, deb ataydilar. Soʻngra kichkintoylar bu “Punkies”larni olib, eshikma-eshik yurib, hamma uylardan pul yigʻib yuradilar. Baʼzi tumanlarda uylarning eshigi oldiga yuz ifodasi kesilgan shoʻlgom yoki lavlagining ichiga fonuslar oʻrnatiladi va shu yoʻl bilan Xellouin kechasida kelgan yovuz ruhlarni choʻchitish orqali haydamoqchi boʻladilar. Yana bir odat boʻyicha esa, yovuz ruhlarni haydash uchun gulxanga tosh, kashtan hamda sabzavolar otiladi. Bu yoʻl bilan fol ham ochadilar. Masalan, tosh olovga otilsa-yu, ertasi kuni tongda koʻrinmay qolsa, tosh otgan odam keyingi yilgacha yetib bormasligi mumkin. Shunday anʼanaviy bayramlari boʻla turib, britaniyalik bolalar Xellouin bayramining amerikacha usulda nishonlashni afzal koʻrmoqdalar.

Fransuzlar Xellouin haqida koʻp eshitganlariga qaramasdan, yaqin-yaqingacha bu bayramni hech ham nishonlamagan edilar. Bu bayram Frantsiyaga 1990 yillarda kirib keldi. Fransuzlar turli maskarad-kostyumlarini kiyib, eshikma-eshik yurib, shirinliklar yigʻib yuradilar – xuddi amerikaliklarga oʻxshab. Biroq shunga qaramay, ular aslida nimani nishonlayotganlarini umuman bilmaydilar.

Koʻpchilik odamlar Irlandiyani Xellouinning haqiqiy vatani, deb hisoblaydilar va bu narsa haqiqatga oʻxshaydi. Bu yerda bayramni nishonlash Amerikadagi Xellouindan hech ham farq qilmaydi. Huddi Shtatlardagi kabi, bu yerda ham irlandiyaliklar qoʻrqinchli maxluqqotlarning libosini kiyib olib, oʻtgan-ketganlarni qoʻrqitadilar, kechalar uyushtiradilar hamda shirinliklarni ulashadilar. Bu kunda “Olma” oʻyini ayniqsa ommalashadi. Oʻyin qoidasi boʻyicha, olma mevasi daraxt yoki uy eshigining romiga osib qoʻyiladi, oʻyin ishtirokchilari esa sakrab turib, bu olmani tishlab olishlari kerak boʻladi.

Meksikada bu bayram “El Dia de los Muertos” yoki oʻlganlar kuni, deb nomlanadi. Tadbir 31 oktyabr kuni boshlanib, 2 noyabr kunigacha davom etadi. Bu kunlari odamlar halok boʻlgan qarindoshlarining qabrlari atrofida oilalari bilan yigʻiladilar, oʻtirishlar tashkil etadilar va bayramni shu yerda nishonlaydilar. Goʻyoki bu kuni oʻlganlar oʻz uylariga qaytadilar, shuning uchun qurbongohlar shirinliklar, gullar, suv, suratlar, taom va ichimliklar bilan toʻlib ketadi.

Yaponlar Xellouin bayramini huddi amerikaliklar singari nishonlaymaydilar. Ular bu kuni Obon festivalini oʻtkazadilar. Bu festival oʻtib ketgan ajdodlar ruhiga bagʻishlanadi. Qizil ulanlarga sham yoki fonuslar oʻrnatiladi va bu bilan ruhlarning yoʻli yoritilgandek boʻladi. Bunday fonuslar daryo va dengizlarga suzdirib, oqizib qoʻyadilar.

Filippin davlatida ham Xellouin bayrami koʻpgina mamlakatlar kabi oʻlgan odamlarning ruhiga bagʻishlangan. Bu yerda u Pangangaluluva deb nomlanadi. Yildan-yilga bu bayram amerikacha tus olib borayotganligiga qaramasdan, Pangangaluluva bayramining anʼanasi haligicha bajarilib kelinmoqda. Odamlar uyma-uy, eshikma-eshik yurib, ruhlar haqida qoʻshiq aytadilar hamda evaziga ovqat yoki pul soʻraydilar.

Shotlandiyada Xellouin bayrami 16 asrda nishonlana boshlandi. Avvaliga odamlar bu bayramda fol ochib, kelajakni bilishga harakat qilganlar. 18 asrda Xellouin bayramida koʻpgina yoshlar oʻzlariga turmush oʻrtoq tanlar edilar. 19 asrdagi Xellouinda esa odamlar maskarad-kostyumlarni kiya boshladilar. Oʻrmondagi ruhlarning kiyimini kiyib olgan bolalar uyma-uy yurib, ovqat va pul yigʻib yurar edilar. Bu zamonaviy amerikacha Xellouinga juda oʻxshashdir.

Amerikacha Xellouin bugungi kunda eng ommabopi hisoblanadi. Bolalar qandaydir qoʻrqinchli maxluqning kiyimini kiyadilar-da, uymna-uy yurib, odamlarni qoʻrqitishga harakat qiladilar, qoʻshiq aytadilar, biror bir parcha koʻrinishni sahnalashtiradilar, evaziga konfet va shirinliklarga ega boʻladilar. Shu bilan birga maskarad-kostyum kiygan odamlar oʻtirish va kechalarni tashkillashtiradilar. Bu kechalarda ular turli oʻyinlar oʻynaydilar, yeb-ichadilar. Qovoqdan basharalarning shaklini oʻyib oladilar, uning ichiga shamlarni oʻrnatadilar. Bunday fonarlar Xellouin bayramining rasmiy belgisiga aylanib qolgan.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



