Quyoshda sochga zarar yetmasligi uchun nimalarga eʼtibor berish lozim?

"Soch tolasining ichida kimyoviy boʻyoqlar bilan ochartirishga oʻxshagan oksidlanish jarayoni roʻy beradi va pigment ajrala boshlaydi", - deya izoh beradi mutaxassis Irina Joxova. Buning natijasida sochlar quruqlashib, sinuvchan boʻlib qoladi, shu bilan birga ularning jilosi yoʻqoladi.
Agar, bunga qarshi chora koʻrilmasa, sochlaringiz jonsiz boʻlib qolishi mumkin. Qaynoq harorat, havoda namlikning kamligi, shuningdek, dam olish joylaridagi shoʻr va hovuzlardagi xlorlangan suv natijasini koʻrsatmasdan qolmaydi.
"Yoz faslida sochlarni parvarish qilish kamida uch bosqichdan iborat boʻlishi kerak: tozalash, himoyalash, qayta tiklash, - deydi Schwarzkopf Professional stilisti Aleksandra Edelberg. - Sochning turi va strukturasidan kelib chiqib qoʻshimcha parvarish vositalaridan ham foydalanilsa, undan-da yaxshi".
"Quyoshli liniya" shampunlari (odatda ularda Sun soʻzi boʻladi) soch tolalarini nafaqat tozalaydi, balki ularni keyingi oziqlantiruvchi komponentlar taʼsiriga ham tayyorlaydi, tuz va xlorning taʼsirini neytrallashtiradi. Dam olish maskanlarida sochni har kuni shampun bilan yuvish tavsiya etiladi.
Soch parvarishida niqob (maska), balzam, kondisionerlar kabi vositalar haqida ham unutmaslik kerak, chunki har birining oʻz vazifasi bor - soch kutikulasini yopish, yaʼni uni "tekkislash" va shu bilan birga uni himoyalash. Bu maxsulotlar quyosh ostida yurgandan soʻng sochlarni qayta tiklashga yordam beradi.
Yozda sochlar haqida qaygʻurishning yana bir muhim bosqichi - ularni yuvulmaydigan vositalar bilan taʼminlash. Bu sprey, krem yoki yogʻ boʻlishi mumkin, bu goʻzallik maxsulotlari tarkibida SPF dan himoya qiluvchi moddalar mavjud. Ular sochlarga huddi tanani quyoshdan himoyalovchi kremlar kabi taʼsir koʻrsatadi, ikkala holatda ham UV-filtrlari oʻz ishini qiladi. Ekspertlar bunday vositalarni koʻchaga chiqishdan 15-30 daqiqa avval qoʻllashni maslahat qilishadi.

Zamonaviy kosmetika vositalariga qaramasdan sochlaringizni yoz mavsumiga oldimdan tayyorlashni boshlang. Buning uchun quyidagi qoidalarga amal qilsangiz, foydadan holi boʻlmaydi.
Sochlaringizni koʻproq namlantiring. Bunda sizlarga shampun va niqoblar bilan bir qatorda spreylar ham yordam beradi. "Xozir deyarli har bir brend arsenalida sochlarni qayta tiklovchi yogʻlar bor, shulardan birini tanlab, shampun yoki niqobga bir necha tomchi tomizing, shunda ular yanada zoʻr natija koʻrsatadi", - deya maslahat beradi mutahassis.

Doimiy soch turmagingizni oʻzgartiring. Soch dazmollari va qisqichlarning haroratini pasaytiring, fendan voz kechib sochingizni tabiiy yoʻl bilan quriting, sochlarni ogʻirlashtiruvchi vositalardan foydalanmang.

Xonada havoni namlantiruvchi vosita boʻlsa yana-da yaxshi. Ular soch tolalarini namligini saqlab turishga yordam beradi.

Dam olish maskanlarida mehmonxonalardagi shampunlar bilan cheklanib qolmang. Sayyohlar uchun yaxshisi sinalgan maxsulotlarni oling.

Sochni quyoshdan himoya qiluvchi eng oddiy vosita - bosh kiyim - haqida unutmang. Toʻgʻridan-toʻgʻri quyosh nurlari tushadigan joylarga chiqsangiz, shlyapa yoki kepka kiyib oling.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



