Raqslar haqida. Joʻshqin va jozibador Lezginka


Lezginka – Kavkaz xalqlarining anʼanaviy milliy raqsidir. U 6/8 ritmli musiqa joʻrligida ijro etiladi. Bu raqs sahnada ham, bayram, tantana, toʻy va boshqa oilaviy hamda korporativ tadbirlarda ham birdek ishtiyoq bilan ijro etiladi. Tarixchilarning taʼkidlashlaricha, lezginka raqsini aynan qaysi Kavkaz xalqi oʻylab topilgani maʼlum emas. Taʼdqiqotchilarning aytishlaricha, ushbu raqsning tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi.Kavkazliklar jang yoki ovga kirishishdan avval oʻziga xos marosim oʻtkazib, raqlar ijro etganlar.

Lezginka raqsi chuqur ramziy maʼnoga ega – u burgut bilan oqqush haqida hikoya quluvchi qadimgi afsona asosida yaratilgan. Raqsda yigit asta-sekinlik bilan oʻsib boruvchi keskin harakatlari bilan burgutni namoyon etadi, ayol kishi esa mayin va nafis harakatlari bilan oqqushni ifoda etadi. Raqs shuningdek qurol ishtirokida ham ijro etiladi, va bu bilan yigitning jangovar holatini bildirib turadi.
https://www.youtube.com/watch?v=9sBJguF7WsA
Lezginkaning turli variantlari bor, va har bir xalq uni oʻz anʼanasidan kelib chiqib ijro etadi. Biroq umumiy ijro etish texnikasi boʻyicha ushbu raqsning uch turi mavjud boʻlib, oʻzining betakrorligi bilan ajralib turadi.

Birinchi va keng tarqalgan turi – faqatgina erkaklarga xos. U bayramlarda ham, jang oldidan ham birdek ijro etiladi.
Ikkinchi turi – bu faqatgina ayollarga xos raqs boʻlib, nisbatan kamroq uchraydi. Bunda raqqosa ayol mayin harakatlari bilan oqqushni ifodalaydi, nigohlari esa yerga qadalgan boʻladi.
Raqsning uchinchi turi esa – juftlikda ijro etilishni talab qiladi. Bunda goʻyo burgut oqqush ustida parvoz qilib, unga nisbatan boʻlgan ishtiyoqini namoyon etadi. Bu eng koʻp ijro etiladigan hamda jozibador raqslardan biridir. Raqs qoidasiga binoan yigit kishi sherigi boʻlmish qizga va hattoki uning kuylagiga ham qoʻlini tegishi mumkin emas,bu ayolga nisbatan hurmatsizlikni bildiradi va qattiq qoralanadi.

Qizning ham oʻz navbatida sherigining koʻzlariga tik qarashi taʼqiqlanadi. Masalan, serharakat, joʻshqin chechen juftlik lezginkasida raqsni yigit boshlaydi, toʻxtatish esa qizdan. Qiz raqsni tugagani haqida bildirmaguncha yigit qanchalik charchagan boʻlmasin, davrani tark etolmaydi: bu uyat hisoblanadi. Yigit davraga oʻziga xos harakatlar bilan kirib borar ekan, uni oxirigacha ham turib berishi shart.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



