Tez vazn tashlashga imkon beruvchi Zumba haqida maʼlumotlar

Zumbaning payda boʻlganiga deyarli hech qancha boʻlgani yoʻq, lekin u darxol dunyo boʻylab, barcha qitʼa va mamlakatlarda juda keng yoyildi. Bu anʼanaviy fitnesning oʻrniga qoʻllash mumkin boʻlgan tetik va shiddatli yoʻnalishdir.

Zumba oʻzida samba, salsa, bachata, kizomba, reggeton, flamenko, xip-xop va yana koʻp boshqa raqslardagi anʼanaviy qadamlar bilan birga fitness hamda aerobika elementlarini birlashtiruvchi shiddatli mashgʻulotlar tizimini aks ettiradi. Oddiy mashgʻulotlar taxminan bir soat davom etadi, raqsning oʻzi esa instruktor rahbarligida non-stop tarzida bajariladi. Zumba darslari oʻzida salomatlik uchun juda katta jismoniy hamda ruhiy foyda zahiralarini ochib beradi.

Mashgʻulotlar boʻksa, son, qorin kabi tananing oʻta muammoli qismlariga sezilarli darajada ijobiy taʼsir oʻtkazadi. Bu dastur inson oʻzini sarvqomat koʻrinishga keltirish, ortiqcha vaznni yoʻqotish bilan birga qaytadan ortiqcha semirib ketishning oldini oladi.

Bundan tashqari, zumba barcha mushaklar guruhlarini ishga soladigan aʼlo darajadagi sport mashgʻulotidir. Mashgʻulotlar olib borilayotgan paytdagi tez va shiddatli mashqlar mushaklardagi turgʻunlik holatining oldini olib, qomatni rostlaydi, chiroyli va chaqqon qadam tashlashni shakllantirishga yordam beradi. Doimiy ravishdagi mashgʻulotlar badanni tetik holatda tutish, mushaklarni mustaxkamlash imkonini yaratadi.

Shiddatli mashgʻulotlarga jiddiy yondashish insonning barcha organlari, shu jumladan, yurak qon-tomir va nafas olish tizimi uchun mislsiz darajada foydalidir. Mashqlar qon aylanishini sezilarli darajada kuchaytiradi, bu esa, oʻz navbatida, butun organizmning faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



