Xitoy oshxonasi xorijlik sayyohlarni nima uchun hayratga soladi?

Xitoyda taom pishirishning usullari juda ham koʻp. Taomlar ham turli-tuman, ularning har biri oʻziga xosdir. Taom pishirish usullarining har birini ifodalash uchun xitoy tilida alohida soʻzlar (jumla emas!) oʻylab topilgan.

Mahalliy taomlar mamlakatning qaysi bir hududida tayyorlanishiga qarab keskin farqlanadi. Misol uchun mamlakat shimolida yogʻli va goʻshti taomlar, janubda esa achchiq ovqatlar mashhur. Gʻarb tomonda Oʻrta Osiyo taomlariga xos boʻlgan usulda ovqat pishirishadi.

Soʻzimizni “asosiy taom” tushunchasidan boshlasak. Xitoyliklar bu borada asosan guruch va lapsha isteʼmol qilishadi. Ularning yoniga odatda goʻsht, sabzavotlar, salat va shu kabi yeguliklar ilova qilinadi.

Eng qizigʻi, xitoyliklar boshqa mamlakatlarning oshxonasiga nisbatan zerikarli deya baxo berar ekanlar. Ular kartoshkani hech qachon alohida qovurib, qaynatib, dimlab yoki pyure holiga keltirib isteʼmol qilishmaydi. Ular uchun kartoshka - taom ichidagi odatiy sabzavotdan boshqa narsa emas.
Xitoyda guruchni tuz va yogʻ solmasdan qaynatishadi. Shu sababli ham pishgan guruch donalari bir-biriga yopishib qoladi va uni tayoqchalar yordamida yeyish ham oson boʻladi.

Xitoyda non deyarli isteʼmol qilinmaydi. Bu yerdagi nonlar guruch unidan tayyorlanadi, ushbu nonni shirin deb ham boʻlmaydi. U boshqa mamlakat vakillari uchun biroz noodatiydir. Koʻrinishidan bulochkani yodga solsa ham, unga nisbatan biroz yumshoqroqdir.

Xitoyda buterbrod degan tushunchaning oʻzi yoʻq. Oʻlkadagi barcha kolbasava sosiskalar soyadan tayyorlanadi. Pishloq faqatgina eritilgan koʻrinishda boʻladi, odatiy pishloqlarni faqat xorijiy supermarketlardan topish mumkin boʻlib, narxi aqlingizni shoshirib qoʻyadi.

Xitoyda chuchvaraning szyaotszi va baotszi nomli turlari mavjud. Ammo ushbu chuchvaralar odatiy chuchvaradan farqli oʻlaroq, pirojkilarni yodga soladi.

Xitoyda qaynatilgan lapshani juda sevib isteʼmol qilishadi. Uni tushlik, yengil tamaddi va kechki taom vaqtida ham tanovul qiladilar. Xitoyliklar uchun lapsha - uzoq umr koʻrish garovi boʻlib, tugʻilgan kun bayramlari ham lapshasiz oʻtishi mumkin emas. Biz bu kabi bayramda tort isteʼmol qilsak, xitoyliklar lapshani jon deb paqqos tushirishadi.

Mamlakatda keng tarqalgan taomlardan yana biri qovurilgan pomidor va tuxumdir. Uning tayyorlanish usuli sizni biroz hayratga solishi mumkin, ammo mazasi yoqib qolishi tayin.

Xitoy aholisi kundalik hayotda hech qachon sovuq suv isteʼmol qilmaydi. Ular qaynagan suvning oʻta foydali ekanligiga qattiq ishonadilar. Aytishlaricha qaynatilgan suv koʻplab kasalliklarni davolaydi, shu sababli ham bemorlarga faqatgina qaynagan iliq suv ichish buyuriladi. Kafe hamda restoranlarda ham suv soʻragan paytingiz sizga iliq suv olib kelib berishadi.

Ushbu mamlakatda qatiq, smetana, tvorog kabi mahsulotlarni umuman topib boʻlmaydi. Doʻkonlarda faqatgina yogurt sotishlari mumkin.
Xitoyliklar juda ham mehmondoʻst boʻladilar. Ular uylariga kelgan mehmonni obdon toʻyib olmaguniga qadar taom bilan siylayveradilar.

Biz Yangi yil bayramida oʻz yaqinlarimizga shirinliklar ulashsak, ular bu maqsadda mevalardan foydalanishadi. Odatda bayram sovgʻasi sifatida sotuvg achiqarilgan olma va boshqa turdagi mevalar yorqin koʻrinishdagi qogʻozlarga oʻrab qoʻyilgan boʻladi.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



