Yulduzlar hayoti: MiyaGi - hayoti, ijod yoʻli, baxti va baxtsizligi

MiyaGi - taniqli rep ijrochisi
Asl ismi - Azamat Kudzayev
Tugʻilgan sanasi: 1990 yil, 13 dekabr
Tugʻilgan joyi: Rossiya, Shimoliy Osetiya, Vladikavkaz
Oilaviy ahvoli: Uylangan

MiyaGining asl ismi Azamat Kudzayev boʻlib, boʻlgʻusi xonanda shimoliy Kavkazning markaziy qismida tavallud topgan. Uning bolaligi Vladikavkazda oʻtdi. Azamatning oilasida ijodiy muhit hukmron boʻlib, ota-onasi sanʼat bilan bogʻliq insonlar boʻlmasalar ham, sanʼatni hurmat qilishardi. Azamatning otasi va onasi shifokor sifatida faoliyat olib boradilar. Uning otasi Kazbek Kuzdayev mamlakatdagi eng taniqli va nufuzli jarrohlardan biri boʻlib, Shimoliy Osetiyadagi Ortopediya va Estetik jarrohlik Markazi rahbari sifatida ishlaydi. Juftlik oʻz farzandlarini osetincha anʼanalarga sodiq qilib tarbiyalaganlar.

Azamat bolalikdan oʻzining turli qobiliyatlarini namoyish qila boshladi: U kichik yoshdanoq kitob oʻqishni sevar, yakkakurash bilan qiziqar, musiqaga ixlosi baland, ovozi ham chiroyli edi. Kudzayevni maktab vaqtlarida "Shau" laqabi bilan chaqirgan ekanlar. Bu osetin tilida "Qorachadan kelgan bola, qoravoy" degan maʼnoni beradi. Azamatning taxallusi "Karatechi bolakay" filmidagi bosh qahramonni oʻqitgan jang sanʼati murabbiysiga berilgan va aynan mana shu film Azamatga katta ilhom bagʻishlagan ekan.
U kasb tanlash qarori bilan toʻqnash kelgan vaqtda shifokor boʻlish fikriga keldi. Uning bu tanloviga sabab otasiga boʻlgan hurmati va hayotidagi fojia edi. Azamat 7 yoshlik paytlarida uni tramvay urib yuboradi, bolakay halokat oqibatida oʻlim topishi ham mumkin edi. Shifokorlar qoʻldan kelgancha harakat qilib, uni oʻlim changalidan saqlab qolishgan. Maktabni tugatib, tibbiyot oliygohiga hujjat topshirgan Azamatning ushbu qarori shifokorlarga boʻlgan beqiyos hurmati yuzasidan boʻlgan.

U kelajakda ajoyib ortoped yoki plastik jarroh boʻlishi mumkin edi, ammo musiqaga boʻlgan ishtiyoqi sababli tibbiyotdan ketish fikriga keldi. Oʻgʻlini sulola davomchisi sifatida koʻradigan otasiga ushbu qarorni aytish oson boʻlmadi, albatta. Bu narsa uning otasini quvontirib yuborgani yoʻq, ammo u oʻgʻliga orzulari tomon ildam borish uchun imkoniyat berdi. U otasi bilan soʻzlashar ekan, ushbu imkoniyat evaziga "Oʻz sohasining ustasi" boʻlishni vaʼda qildi. Oradan bir yil oʻtib MiyaGi oʻz vaʼdasini bajardi: Osetiyalik reperning ismini butun Rossiya tanib oldi.

MiyaGining ijodiy faoliyati bundan 10 yildan avval boshlandi. U 2011 yilda oʻzining ilk qoʻshiqlarini yozgan boʻlsa, oradan 4 yil oʻtib birinchi albomini muxlislariga taqdim qildi. Sankt-Peterburg shahriga kelgach, oʻzini butunlay ijodga bagʻishladi va musiqa studiyasini ochdi. Aynanmana shu pallada hamkasbi va duetdoshi Soslan Burnatsev (Endshpil) bilan tanishib qoldi.
Soslandan Azamatdan 5 yoshga kichik boʻlib, maktabni tugatgach, texnolog mutaxassisligi boʻyicha oʻqigan va universitetdagi tahsil davomida uning hayoti musiqa bilan bogʻliq ekanligini tushunib yetgandi.
Endshpil Azamat bilan uchrashgunga qadar bir nechta kompozitsiyalar yozib ulgurgan, bu vaqtga kelib MiyaGi ham qator qoʻshiqlarni ijod qilib boʻlgandi.

Osetiyalik musiqachilar uchrashuvi MiyaGi & Endshpil duetining yaralishiga sabab boʻldi. Ularni Bob Marli va Trevis Skott ijodi ilhomlantirar, ammo ular oʻzlari uchun mutlaqo yangicha uslubni tanlab boʻlgan edilar.
Ilk qoʻshiqlar ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim qilingach, katta mashhurlikka sabab boʻldi. Ilk kliplarni suratga olish uchun bu ikki yigitda katta mablagʻ mavjud emasdi, shu sababli havaskor uslubda klip olib, ularni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatardilar. Ushbu duet katta shov-shuv, reklama va pulsiz ham mashhurlikka erishish mumkin ekanligini isbotlashdi.
2016 yilda taqdim etilgan "Hajime" va "Hajime 2" albomlari muxlislarga juda maʼqul keldi, xalq vakillari orasida oʻtkazilgan soʻrovnomalarda duetni "Yil kashfiyoti" sifatida eʼtirof etishdi. Aynan shu yili "Tamada" nomli yangi kompozitsiya taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Shu tariqa duet ijrochining yangi hayoti boshlandi.


MiyaGi kitob oʻqish shaydosi. Uning aytishicha, har bir reper koʻproq kitob oʻqishi kerak, sababi kitoblar dunyoqarashni kengaytirish va qoʻshiqlar matnining takrorlanmas boʻlishi uchun yordam beradi. Azamatning sevimli yozuvchisi - Oskar Uayld.


Azamat Kudzayev uylangan, ammo shahsiy hayot masalasida koʻp gapirmaydi. U oʻz rafiqasini tibbiyot oliygohida oʻqib yurgan vaqtlari uchratgan. Qiz bu vaqtda ayollar shifokori boʻlish uchun tahsil olayotgan edi.
2016 yilda MiyaGi oʻgʻil farzandli boʻldi. Eng qizigʻi, reperlar uchun salkam "zaruriy" element boʻlmish tatuirovkalar tushunchasi MiyaGi uchun mutlaqo begona. U shu vaqtga qadar biror marta ham tatuirovka chizdirgan emas.

MiyaGi otalik baxtidan masrur boʻlgan damlarda, 2017 yilning 8 sentyabr kuni uning hayotida kutilmagan burilish va fojia yuz berdi. Ijodkor bu vaqtda koʻp qavatli uyning 9 qavatida hayot kechirardi, uyning derazasidan uning 1,5 yoshli oʻgʻli pastga yiqilib tushdi. Bolakay tez tibbiy yordam xizmati yetib kelguniga qadar vafot etdi. Fojia koʻplab guvohlar koʻz oʻngida sodir boʻlgan, bolakay uyni shamollatish uchun ochib qoʻyilgan deraza tokchasiga chiqib olgan. Ijodkorning rafiqasi oshxonaga chiqib kelguniga qadar derazaning dastagini ochgan va pastga qulagan. Uning omon qolishiga umid yoʻq edi.
Bolakayning pastga qulayotganini shu yerdan oʻtib ketayotgan xat tashuvchi koʻrib qolgan. Oradan bir necha daqiqa oʻtmay reperning rafiqasi pastga yugurib tushgan, oradan bir soat oʻtib Azamat ham uyiga yetib kelgan. Shifokorlar unga yordam koʻrsatishga harakat qilganlar. Ammo, qattiq azob chekayotgan ota atrofdagi toʻsiqlarni yakson qilib tashlagan. Shundan keyin Azamat karyerasini vaqtincha toʻxtatganini maʼlum qildi.
Muxlislari uni qoʻllab-quvvatlash uchun reperning ijodga qaytishini iltimos qila boshladilar. MiyaGi bir necha yilni sukutda oʻtkazdi. Nihoyat oʻzida qaytadan kuch topdi va ijodini davom ettirdi. Bugungi kunda uning koʻzlarida allaqanday gʻam borligi bilinib turadi... Bu uning taronalarida ham yaqqol seziladi. Qoʻshiqlarining aksariyatida dard, ogʻriq, ayriliq kuylanadi. Balki muxlislar uni aynan shuning uchun ham yaxshi koʻrishar...
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



