Ayollar korseti: Qanday paydo boʻlgani, mashhur namunalar va zararlar haqida...

Beldamcha yaʼni korset – (fransuzcha corps – badan) qomatni ixchamlashtirish maqsadida kiyiladigan mahsus kiyim boʻlib, qadimdan hushbichim qomat siri boʻlib kelgan.

Bundan 1000 yil avval Krit orollarida yashagan yoshlar bel qismini ingichkaroq koʻrsatish maqsadida teri tasmani (ilk korsetni) bogʻlab yurgan.
Vaqtoʻtishi bilan uning shakli va tuzilishi oʻzgarib bordi , eni yanada qalinroq hajmga kirdi.

Burgundiyada ilk bor koʻylakning bir qismi hisoblangan korset paydo boʻldi. Uning paxta astariga temir va yogʻoch qismlar ulangan boʻlib, oʻsha paytda juda qimmat narxga baholangan, shu bois faqatgina badavlat ayollarga nasib qilgan, xolos.

XVI asrda korsetlar urfga aylandi, biroq u juda ogʻir, kiyishga ham noqulay edi. Oʻsha davrlarda ayollar 8 kg gacha boʻlgan korset kiyishga majbur boʻlishgan. Ispaniyada shunday ogʻir korset yordamida ayollar koʻksi tekis koʻrinishga keltirilgan. Kichik yoshli qizlarning koʻkrak qismi rivojlanmasligi uchun uyqudan oldin koʻkrak qismiga qoʻrgʻoshin quymasi quyilgan.

XVII asrga kelib korsetning yangi koʻrinishlari paydo boʻldi. Fransiyada belning urfga kirgan standart oʻlchami 33 sm boʻlgan, shunga yarasha honimlar xipcha belini koʻrsatish maqsadida korsetlarni shu qadar tortib kiyishganki, bu hatto ayollar oʻlimiga ham sabab boʻlgan.

Buyuk Fransuz inqilobiga qadar korset kiyish davom etgan. Inqilobdan soʻng ayollar yengil koʻylak kiya boʻshlashdi. Bu vaqtda modaga “Ampir” uslubi kirib keldi. Ammo korsetlar yana urfga qaytdi va XX asrga qadar oʻz oʻrnini mustaxkamlashga erishdi.

1880 yilga kelib dizaynerlar tomonidan “pompadur” uslubida kalta korsetlar taqdim etildi. Xuddi shu vaqtda katta va keng yubkalar xonimlarning ingichka beliga urgʻu berib, qomatni yanada betakror koʻrsatishga xizmat qilar edi. Skarletning 17 dyumli ingichka beli yodingizdami? (“Shamollarda qolgan hislarim” film qahramoni).

Bu buyum nafaqat Gʻarbda, balki Sharqda ham mashxur boʻlgan. Xindistonlik raqqosalar madagaskar daraxtining poʻstlogʻidan yasalgan korsetlar taqishgan.
XIX asrga kelib korsetning salomatlikka koʻrsatadigan zarari haqida turli fikrlar paydo boʻldi. Ammo bu korsetga boʻlgan talabni aslo kamaytirmadi.

Bugungi kunda turli bichimdagi liboslar koʻpaygan boʻlsa-da, dizaynerlarning korsetga boʻlgan eʼtibori hali soʻngani yoʻq. Hozirda zamonaviy korsetlar nafaqat oʻz chiroyi , balki qulayligi bilan eʼtirofga sazovor boʻlib, nikoh toʻylariga yanada joziba baxsh etmoqda.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



