просмотров
Odatda uy bekalari va pazanda qizlar yangi yil uchun qanday yeguliklar tayyorlashlari haqida avvaldan aniq o‘ylab, shunga ko‘ra tayyorgarlikni boshlaydilar. Aynan mana shu sababli ham biz siz uchun bayram dasturxoni uchun mos keladigan ajoyib retseptlarni taqdim etishga qaror qildik. Eng muhimi, fantaziyani ishga soling va barcha narsaga ijodkorlik bilan yondoshing.
"Archa o‘yinchoqlari" gazagi
Kutilayotgan 2020 yilning bayram dasturxonini gazaklarsiz tasavvur qilish juda ham qiyin. Gazakning tashqi ko‘rinishi ham bayramga mos tarzda Yangi yilga urg‘u berib turishi kerak. Bu borada sizga "Archa o‘yinchoqlari"gazagi xush keladi deya umid qilamiz.
Kerakli masalliqlar:
100 gr yong‘oq
1 ta tovuq filesi
1 bo‘lak sarimsoq
150 gr pishloq
bir bog‘ ukrop
ta’bga ko‘ra tuz va murch
mayonez
1 o‘ram eritilgan pishloq
Tayyorlanishi:
Tovuq go‘shti tuzli suvda qaynatib olinadi. Sovitilgach, mayda bo‘laklarga kesib chiqiladi. Yong‘oqlar blender ichiga solib maydalanadi.
Ukrop mayda to‘g‘raladi, pishloq mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib olinadi. Sarimsoq ezilgach, ukrop, pishloq va eritilgan pishloq bilan birga qorishtiriladi.
Masalliqlar ustidan tovuq go‘shti solingach, maydalangan yong‘oqning yarmi qo‘shiladi.
Aralashma ichiga tuz, murch, mayonez solinadi va hosil bo‘lgan massadan yirik sharchalar yasaladi. Sharchalarning bir qismi yong‘oqqa, bir qismi qirg‘ichlangan pishloq, yana bir qismi esa to‘g‘ralgan ko‘katga belab olinadi.
Sharchalar likop ustiga joylashtirilgach, ukrop bandidan "archa o‘yinchoq"larining ilgak qismi yasab qo‘yiladi. Istakka ko‘ra, sharchalarni maydalangan garmdori yoki karriga belashingiz ham mumkin.
"Bayram" gazagi
2020 yil dasturxoni uchun achchiqroq va noodatiy ta’mga ega bo‘lgan biror gazak tayyorlash niyatida bo‘lsangiz, ushbu retseptga diqqat qiling. Tuzlangan baliq va qora olxo‘ri uyg‘unligi yegulikka mutlaqo o‘zgacha va betakror maza bera oladi.
Kerakli masalliqlar:
250 gr seld filesi
350 gr shirin bulg‘or qalampiri
100 gr tomat pastasi
250 gr qizil piyoz
80 gr qora olxo‘ri
3 oshqoshiq o‘simlik yog‘i
Tayyorlanishi:
Gazak uchun aynan qizil piyoz harid qilish kerak bo‘ladi. Sababi uning mazasi yegulik ichida juda o‘tkir ekanligi bilan ajralib turmaydi. Bulg‘or qalampirining yorqin ranglilaridan tanlab oling, bayramona gazak ranglar tufayli ham juda chiroyli ko‘rinadi.
Piyoz yarimhalqa shaklida to‘g‘raladi, bulg‘or qalampiri tozalab olingach, yirik shaklda maydalab chiqiladi. Masalliqlar qizdirilgan yog‘ ichiga solinadi va 20 daqiqa davomida qovuriladi.
Bulg‘or qalampiri yumshagach, ichiga tomat pastasi va danaksiz qora olxo‘ri solinadi. Agar qora olxo‘ri haddan tashqari yirik bo‘lsa uni 2-3 qismga bo‘lib chiqish kerak. Masalliqlar aralashtirilgach, tova qopqog‘i yopiladi va past olovda 5 daqiqa dimlab qo‘yiladi. Bu yerda olxo‘rining yumshoq bo‘lib chiqishiga diqqat qarating.
Seld filesi to‘rtburchak shaklda to‘g‘raladi va gazak idishining bir tomoniga terib chiqiladi. Qovurilgan masalliqlar file bo‘laklarining yoniga joylashtiriladi.
Bu kabi ajoyib gazakni muzlatgich ichida 4 kungacha saqlash mumkin. Muhimi, uning idishi yopiq holatda turishi kerak. Bundan kelib chiqadiki, gazakni bayramdan bir necha kun avval tayyorlab, vaqtni tejab qolishingiz mumkin bo‘ladi.
"Fasolino" salati
2020 yilning Yangi yil dasturxoni faqatgina gazaklardan iborat emas,albatta. Bayram taomnomasini mazali salatlarsiz tasavvur qilish ham juda qiyin. Bugungi kunda ularning turlari haddan tashqari ko‘p, shu sababli ham pazandalar qanday yegulik tayyorlashni bilmay tanlov borasida murakkabliklarga duch kelishadi. Biz esa vaqtingizni tejab qolishga yordam beradigan juda oddiy, mayin va orginal salat retseptini tavsiya qilamiz.
Kerakli masalliqlar:
1 ta tovuq filesi
1 ta bodring
1 banka qizil loviya
100 gr pishloq
3 oshqoshiq kedr yong‘oqlari
ta’bga ko‘ra ko‘katlar
Shuningdek:
9 oshqoshiq yogurt
6 oshqoshiq mayonez
1 bo‘lak sarimsoq
bir chimdimdan tuz va murch
Tayyorlanishi:
Tovuq go‘shti 20 daqiqa davomida tuzli suvda qaynatiladi. Shundan keyin go‘sht sovitilib, somoncha shaklida to‘g‘rab chiqiladi.
Bodring ham somoncha shaklida kesiladi, pishloq yirik tishli qirg‘ichdan o‘tkazib olinadi.
Konversalangan loviyaning suvi to‘kib tashlangach, quritiladi va idish ichiga solinadi. Loviya ustidan go‘sht bo‘laklari, sabzavotlar va pishloq solib, aralashtiriladi.
Alohida idishga yogurt, mayonez, ezilgan sarimsoq, tuz va murch solingach, qorishtirib olinadi. Masalliqlar birin-ketin yirik bokal ichiga joylanadi va ustidan mayonezli aralashma quyib, ustidan kedr yong‘oqlari sepib chiqiladi.
"Qahraton" salati
Yangi 2020 yil dasturxoni uchun tayyorlanayotgan taom va salatning tarkibiy masalliqlari o‘ta qimmat bo‘lishi shart emas, axir orginal yeguliklarni oddiygina masalliqlardan ham tayyorlash mumkin. Agar biroz fantaziya qilib, uni dasturxonga o‘zgacha usulda tortsangiz, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.
Kerakli masalliqlar:
Karam
2 ta tuxum
140 gr kolbasa
100 gr pishloq
4 oshqoshiq ko‘kno‘xat
yarimta sabli
mayonez
bir bog‘ petrushka
Tayyorlanishi:
Qaynatilgan tuxum to‘rtburchak shaklda to‘g‘rab olinadi. Salat uchun imkon qadar uy tuxumlaridan foydalanishga harakat qiling.
Karamning 1/3 qismi yupqa shaklda maydalab chiqiladi. Shundan keyin ustidan tuz sepiladi va qo‘l bilan yaxshilab aralashtiriladi. Shuni unutmangki, karam qishki turga mansub, shu sababli uni imkon qadar yumshatib olish kerak.
Dudlangan kolbasa yupqa somoncha shaklida to‘g‘rab chiqiladi. Aytib o‘tish keraki, ushbu salat uchun quruq kolbasa turlari to‘g‘ri kelmaydi, bu kabi kolbasa bo‘laklari salat ichida ham qattiq bo‘lib qolaveradi va chaynash vaqtida noqulayliklarni keltirib chiqaradi.
Xom sabzi yirik tishli qirg‘ichdan o‘tkaziladi, pishloq esa mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib olinadi. Petrushka piyoz bilan maydalanadi. Agar siz salat ichidagi xom sabzini unchalik ham yoqtirmsangiz, uni masalliqlar qatoridan chiqarib tashlashingiz mumkin.
Karam, sabzi, kolbasa, tuxum va ko‘katlar idish ichiga solingach, ustidan mayonez qo‘shib, aralashtiriladi. Ta’bga ko‘ra salatning tuzi rostlanadi.
Salat chiroyli idish ichiga joylanadi va ustidan qirg‘ichlangan pishloq sepib chiqiladi.
Salatni dasturxonga tortishdan 12 soat avval tayyorlab qo‘yish mumkin. Bunday holatda uning ustiga pishloq sepilmaydi, yo‘qsa pishloq butunlay qurib qolishi mumkin. Pishloqni salat iste’mol qilinishidan 3-4 soat avval sepish tavsiya etiladi.
"Shohona" salati
Yangi yil bayramini dengiz mahsulotlarisiz tasavvur qilish juda hamqiyin. Bayram dasturxoni uchun mo‘ljallangan mazkur salat tarkibidagi qizilikra va baliq taomnomaga o‘ziga xoslik bag‘ishlab turadi.
Kerakli masalliqlar:
150 gr qizil baliq
150 gr krevetka
200 gr krab tayoqchalari
100 gr kalmar
250 gr bodring
200 gr pishloq
3 dona tuxum
200 gr sabzi
200 gr kartoshka
1 ta qizil piyoz
2 oshqoshiq qizil ikra
mayonez
bezak uchun zaytun donalari
Marinad uchun:
1,5 oshqoshiq sirka
150 ml suv
1 choyqoshiq tuz
1 choyqoshiq shakar
Tayyorlanishi:
Piyoz yarimhalqa shaklida to‘g‘raladi va ustidan shakar hamda tuz sepib, sirka bilan aralashtirilgan suv quyiladi. Masalliqlar 10 daqiqa davomida tindiriladi. Shundan keyin marinad to‘kib tashlanadi va piyoz sovuq suvda yuvib olinadi.
Tuxum, barcha sabzavotlar va dengiz mahsulotlari avvaldan qaynatib olinadi. Kalmar somoncha, tuxum, bodring va krab tayoqchalari to‘rtburchak shaklida to‘g‘raladi, kartoshka, sabzi va pishloq qirg‘ichdan o‘tkazib olinadi.
Chuqur idish ichiga plyonka yoyib olingach, ustiga avval kalmar va sabzi solib, mayonez quyiladi. Baliq ham to‘rtburchak shaklda to‘g‘ralgach, masalliqlar ustidan joylashtiriladi. Keyingi qatlamni esa tuxum va mayonez tashkil qiladi. Idish ichiga bodring, piyoz, karb tayoqchalari va pishloq solingach, yana bir bor mayonez quyiladi. Salatning oxirgi qavatini kartoshka va mayonez tashkil qiladi.
Idishning ustki qismi plyonka bilan yopiladi va 4 soatga sovutgich ichiga joylanadi. Shundan keyin salat tekis idish ustiga ag‘dariladi.
Salatning ustki qismi zaytun donalari, qizil baliq va ko‘katlar bilan bezatiladi.
"Qiymali ananas" taomi
2020 yil dasturxoni uchu qanday issiq taom tayyorlashni bilmayapsizmi? Agar Yangi yilni mutlaqo yangicha uslubdagi taomlar bilar qarshi olish niyatida bo‘lsangiz, ananasli taomning ushbu retsepti sizga juda qo‘l keladi.
Kerakli masalliqlar:
1 ta ananas
200 gr tovuq go‘shti
20 gr go‘sht
1 choyqoshiq tuyilgan shirin garmdori
ziravorlar
1 choyqoshiq tuz
1 choyqoshiq zaytun yog‘i
2 oshqoshiq barbekyu qaylasi
Tayyorlanishi:
Ananasning yuqori va pastki qismi kesib olinadi.
O‘tkir pichoq yordamida ustki qismidagi po‘choq ajratib chiqiladi.
Ananasning ichki qismi pichoq yordamida o‘yib olinadi.
Tovuq go‘shti to‘g‘rab chiqilgach, garmdori, yog‘, ziravorlar bilan birga 15 daqiqaga marinadlab qo‘yiladi.
File bo‘laklari ananas ichiga joylashtirilgach, ustki qismiga yupqa qilib kesilgan go‘sht bo‘laklari o‘rab chiqiladi.
Ananas patnis ustiga joylashtirilgach, ustidan barbekyu qaylasi surtib olinadi.
Taomning ustki qismi chiroyli holatda bo‘lishi uchun folga qog‘ozi bilan o‘rab qo‘yiladi.
Taom 200 daraja haroratda yarim soat pishiriladi. Keyin esa folga qog'ozi olib tanlanadi va jarayon yana 20 daqiqa davom ettiriladi. Pishgan taom bo‘laklarga bo‘lingan holatda dasturxonga uzatiladi.
"Yangi yil" pechenyesi
Bayram uchun tuzilgan taomnomadan nafaqat tortlar, balki shirin pechenyelar ham o‘rin olsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Bu kabi shirinliklar bilan uyingizga kelgan mehmonlarni ko‘ngildagidek kutib olishingiz mumkin.
Kerakli masalliqlar:
80 ml sut
150 gr kartoshka kraxmali
1 choyqoshiq qavartma
50 gr qora shokolad
75 gr o‘simlik yog‘i
150 gr un
100 gr qandupa
qandolat sepmasi
qizil rangli drajelar
Tayyorlanishi:
Yumshatilgan sariyog‘ qandupa bilan birga pasta ko‘rinishiga keltirib olinadi.
Alohida idish ichiga un elab olingach, kraxmal va qavartma bilan qorishtiriladi.
Sariyog‘li aralashma ichiga asta-sekinlik bilan sut quyilgach, quruq masalliqlar qorishmasi solib chiqiladi. Xamir un sepilgan pergament qog‘oz ustiga joylanadi.
Xamir ustidan ikkinchi qog‘oz bo‘lagi yopiladi va yupqa ko‘rinishda yoyib chiqiladi.
Qog‘ozning ustki qavati olib tashlangach, qoliplar yordamida xamirdan turli shakllar kesib olinadi. Shirinliklar 180 daraja haroratda 10-15 daqiqa pishiriladi.
Pishgan shirinliklar pech ichida olingach, to‘liq sovitiladi.
Bezak uchun shokolad eritilgach, pechenyening ustki qismida turli tasvirlar hosil qilinadi.
Umid qilamizki, mazkur retseptlar yordamida 2020 yilni ajoyib tarzda kutib olasiz.
Сообщения из Facebook