Hayotingizni tubdan oʻzgartiradigan taʼsirli hikoyalar (1-qism)

Avraam Linkoln, oddiy bir etikdoʻzning oʻgʻli Amerika Qoʻshma Shtatlarining prezidenti boʻlib qoldi.
Tabiiyki, barcha zodagonlar juda xavotirga tushdi, gʻazablandi, bezovta boʻldi.
Faoliyatining birinchi kuni u senat oldida qasamyod qilmoqchi boʻlib endi oʻrnidan turmoqchi edi hamki zodagonlardan biri oʻrnidan turib shunday dedi: - Janob Linkoln, toʻsatdan qandaydir bir hodisa tufayli prezident boʻlib qolsangiz ham, shuni esingizdan chiqarmangki, qachonlardir siz otangiz bilan mening uyimga, oilam vakillarining poyafzalini tuzatishga kelib yurgansiz. Bu yerda otangizning poyafzalini haligacha kiyib yurgan koʻplab senatorlar bor, shuning uchun oʻz ildizlaringizni aslo unutmang.

Avraam Linkoln bir zum oʻylab, pinagini buzmay sekin javob berdi:
- Mening otamni menga aynan Senat vakillari oldida qasamyod qilishimdan oldin eslatib qoʻyganingiz uchun sizdan gʻoyat minnatdorman. Otam chindan ham ajoyib inson edi, xaqiqiy sanʼatkor edi –hali hech kim bunday goʻzal poyafzal qilmagan.
Men bilaman, nima qilishimdan qatʼiy nazar, men xech qachon otam buyuk etikdoʻz - poyafzal yaratuvchisi boʻlganiday buyuk prezident boʻla olmayman. Darvoqe, bu yerda hozir boʻlganlarning hammasiga shuni eslatib qoʻymoqchimanki, otam tomonidan yaratilgan poyfzalda ulgʻaygan oila aʼzolaringiz boʻlsa, men oʻzim xam ushbu sanʼat tahsilini olganman. Men buyuk etikdoʻz emasman, lekin xech boʻlmaganda poyafzalingizni tuzatib berish qoʻlimdan keladi. Menga xabar bersangiz boʻldi, men sizning uyingizga kelaman.
Senat mutlaq sukunatga choʻmdi, senatorlar bu insonni kamsitib boʻlmasligini va u ijodkorlikka cheksiz ehtirom bilan qarashini tushunib yetgan edi.
Aprel oyining kunlaridan biridagi sovuqqina tongda Vashington Metro stansiyalaridan birida skripka uchun futlyar koʻtargan bir odam paydo boʻldi. U shoshilmay devor oldida joylashdi, cholgʻu asbobini chiqardi, oyogʻiga oldiga ochiq futlyarni qoʻydi va kuy chalishni boshladi.
U rosa 45 daqiqa tinmay jonu dilidan, bor kuch-gʻayrati bilan skripkada kuy ijro etdi. Shu vaqt mobaynida mingdan ortiq kishi oʻtib ketdi. Birinchi uch daqiqadan soʻng, oʻrta yoshli kishi musiqachiga eʼtiborini qaratdi, sekinlashdi, bir necha daqiqaga toʻhtadi va ... yana shoshilib ketib qoldi.

Yana bir daqiqadan soʻng skripkachi oʻzining birinchi daromadini oldi: bir ayol futlyarga pul tashladi, ammo toʻxtamadi. Yana bir oz vaqt oʻtgach, bir odam musiqa tinglash uchun toʻxtatdi, lekin tez orada u soatiga qarab qoʻydi-da va yoʻlini davom ettirdi. Keyin uch yoshli bola skripkachini tomosha qilish uchun toʻhtadi, lekin uning onasi qoʻlidan tortdi va bolakay orqasiga qaray-qaray beihtiyor onasiga ergashib ketdi. Huddi shu narsa boshqa bir necha bolalar bilan ham sodir boʻldi. Istisnosiz ota-onalarning hammasi bolalariga bir daqiqaga ham qolishlariga ruxsat bermadi. Kuy ijro etilgan 45 daqiqa davomida, faqat 7 kishi bir muddat toʻhtab, biroz tingladi, yana 20 kishi toʻhtamay skripkaning futlyariga pul tashlab ketdi. Musiqachining ish haqi 32 AQSH dollarini tashkil etdi.

Yoʻlovchilardan birortasi ham dunyoning eng yaxshi musiqachilardan biri Djoshua Bell kuylarni ijro etayotganini bilmas edi, buni his etmadi va tushunmadi ham. U Antonio Stradivari oʻz qoʻllari bilan yasagan va qiymati 3,5 million AQSH dollariga teng boʻlgan skripkada kuy ijro etgan edi. Metrodagi ushbu chiqishdan ikki kun oldin Djoshua Bellning Bostonda boʻlib oʻtgan konserti uchun sotilgan biletlar 100 dollardan past emas edi, zalga esa odam sigʻmay ketgandi. Bu ijtimoiy tajriba Vashington Post gazetasi tomonidan oʻtkazildi.
Mikelanjelo marmar sotiladigan bozor boʻylab yurgan edi. U chiroyli bir toshni koʻrib shu tosh toʻgʻrisida soʻradi. Egasi shunday javob berdi:
- Agar ushbu toshni istasangiz, uni tekinga olib ketavering, chunki u faqat joy egallab behuda yotibdi. Oʻn ikki yil davomida uni hech kim hatto soʻrab qoʻymadi ham. Men bu toshda hech qanday salohiyatni koʻrmayapman.

Mikelanjelo bu toshni olib, deyarli bir yil davomida uning ustida ishladi va ehtimol, bugungi kundagi eng goʻzal haykalni yaratdi. Bir yil oʻtgach, Mikelanjelo ishini tugatganidan soʻng, doʻkon egasini oʻz ish joyiga taklif qildi, chunki unga bir narsa koʻrsatishni xohlagan edi. Doʻkon egasi oʻz koʻzlariga ishona olmadi. U ustadan soʻradi:
"Bu ajoyib marmarni qayerdan oldingiz?"
-Tanimayapsizmi? – javob berdi Mikelanjelo. - Bu sizning doʻkoningiz oldida oʻn ikki yil kutib turgan eng tasqara tosh. Inson taraqqiyotining mahfiy saloxiyati.
Ustoz oʻzshogirdiga maqsadga erishish uchun uni toʻgʻri tasavvur qilib, keyin zarur boʻlmagan barcha narsalardan voz kechish kerak, deb tez-tez aytib turardi. Shogird ustozining bu soʻzlarini juda yaxshi eslab qolgan edi, ammo nima zarur, nima zarur emasligining farqiga qanday borish mumkinligini hech tushuna olmas edi.Ustozi buni hayotning oʻzi oʻrgatadi deb qoʻya qolardi-da, hech batafsil tushuntirmas edi. Bir kuni ustoz-u shogird togʻlarda sayr qilib yurgan edilar.Toʻsatdan ularning yoʻlida gʻazablangan yoʻlbars paydo boʻlib qolibdi. Ustoz hotirjamlik bilan yoʻldan chetga oʻtdi, yoʻlbars esa shogirdning orqasida quvib ketibdi.Yirtqichdan qochayotib shogird oʻz qilichini va muqaddas tumorlarini tashlab yuboribdi,tikanzorlar, butalar oralab oʻtayotgan paytida kiyimlarini nimtalab tashlabdi, lekin pirovardida, baland daraxtga chiqib olib yirtqichdan qutilib qolibdi. Biroz vaqt oʻtgandan soʻng yoʻlbars ketib qolibdi, ammo shogird pasta tushishga qoʻrqibdi. Sal oʻtib daraxtning oldiga ustoz kelibdi. U tirnalib va qoʻrqib ketgan shogirdiga birpas tikilib qarab turibdi-da, keiyn shunday debdi:
- Mana, sen maqsadga erishish uchun zarur boʻlmagan narsalardan voz kechishni oʻrganib ham olding va shu sening hayotingni saqlab qoldi!

- Ustoz, - eʼtiroz bildirdi shogird, - ammo siz qilichni ham, kiyimni ham yoʻqotmadingiz, xatto qochishga ham urinmadingiz, yoʻlbars esa sizga tegmadi. Nima uchun bunday boʻldi?
– Men oʻzimdagi qoʻrqinchdan voz kechdim. Yoʻlbars meni koʻrmay ham qoldi, chunki shuning oʻzi mening maqsadim edi, - deb javob berdi ustoz. – Agar maqsadni toʻgʻri tanlay olsang, hamma narsa oʻzingda qoladi. Unga erishish uchun deyarli hech narsadan voz kechish shart boʻlmaydi.
Bir odam yashagan ekan. Hamma kabi u ham moʻjizadan umidvor boʻlib yurgan ekan, bir kuni moʻjiza roʻy beribdi: ishga ketayotganida uni kimdir chaqiribdi. U orqaga qarabdi va haqiqiy sehrgarni koʻrib qolibdi.
— Bugun juda ajoyib kun va men sening uchta istagingni bajarishim mumkin – ammo, aytishdan avval yaxshilab oʻylab koʻr! — debdi u.
— Muncha yaxshi! Men nimani xohlayotganimni aniq bilaman! Men tomi ochiladigan serhasham mashinaga ega boʻlishni xohlayman, — debdi u odam.
— Yaxshi, —javob beribdi sehrgar, qopidan mashinaning kalitini olib beribdi.
— Kalit? — hayqiribdi haligi odam — menga mashina toʻligʻicha kerak!
— Atrofingga bir qara, — javob beribdi sehrgar. U odam atrofiga qarabdi-da tomi ochiladigan, oq charmli oʻrindiqlarga ega serhasham mashinani koʻribdi.
— Qoyil! Aynan shunaqasidan xohlagan edim! — deb haligi odam hayqiribdi-da va yangi taasurotlar tomonga qarab ketib qolibdi.

Ertasi kuni u huddi oʻsha joyga qaytib kelibdi. U odamning hafsalasi yoʻq edi, shuning uchun Sehrgar undan soʻrabdi:
— Nima boʻldi?
— Men kun boʻyi shaharda yurdim, qayerga borsam ham hamma menga qaradi, chunki men uning ichida edim. Biroq keyin shuni angladimki, shaharda chiroyli mashinalar toʻlib yotibdi va odamlar hamma mashinaga qarayapti… Bu esa men xohlagan narsa emas.
— Unda nimani xohlaysan? Men ikkinchi istagingni bajara olaman, — debdi sehrgar.
— Pulni xohlayman!— debdi u odam. Juda ham koʻp pul, istagan narsamni olish imkoni boʻlishi uchun.
— Yaxshi, —debdi Sehrgar va qoʻlini qopga solib undan chek daftarchasini olibdi-da haligi odamga beribdi. U odam chek daftarchasini ochganida unda oʻzining ismini va hisob raqamida qandaydir maʼlum miqdorda pul borligini koʻribdi. U darhol daftarchani yopib, choʻntagiga solibdi va shunday debdi:
— Men ertaga kelaman, axir menda sen bajo keltirishga vaʼda bergan uchinchi istagim bor.
—Albatta, men seni kutaman, — deb javob beribdi Sehrgar.
Ertasi kuni huddi shu yerda va huddi oʻsha paytda, u odam bilan sehrgar yana uchrashibdi. Biroq haligi odamning yana kayfiyati yoʻq va tushkunlikka tushgan ekan. Sehrgar soʻrabdi:
— Bu safar nimaboʻldi?
— Men istagan narsamni sotib oldim. Oʻzimga yoqqan narsani koʻrishim bilan uni darhol sotib olaverdim. Juda tez vaqt oʻtib yana biror narsa sotib olishim mumkinmi-yoʻqmi menga baribir boʻlib qoldi. Axir men hamma narsani sotib olishim mumkin, shuning uchun ham, buning farqi yoʻq. Sen menga men istagan narsani berganing yoʻq.
— Unda ayt, nimani xohlaysan? — soʻrabdi Sehrgar. Bu safar u odam oʻz javobini yaxshilab oʻylab koʻrib, keyin shunday debdi:
— Men nimani istaganimni bilaman. Men mislsiz goʻzal… yor istayman. Qoʻlingdan keladimi?
—Yaxshi, — javob beribdi Sehrgar, va shu zahotiyoq uning yonida mislsiz goʻzal qiz paydo boʻlib qolibdi.
— Qayerda desang sen bilan ketishga tayyorman, — debdi u shirin ovoz bilan.
— Ha! — deb hayqiribdi-yu, uni yetaklab olib ketib qolibdi. Oradan ikki hafta oʻtganidan soʻng u huddi oʻsha joyga yana qaytib boribdi. U juda hafa va esankirab qolgan edi. Sehrgar undan yana soʻrabdi:

— Endi nima boʻldi? Men senga mislsiz goʻzal bir qizni berdim-ku!
— U juda itoatkor va moʻmin, qobil edi. Bu mening jonimga juda tez tegib ketdi. Unga faqat mening pullarim kerak ekan, oʻziga kerakligicha toʻplab olganidan keyin ketib qoldi. Sen qanaqadir gʻalati Sehrgar ekansan. Men sendan doim istagan narsamni soʻrayman, sen boʻlsa butunlay boshqacha narsani berasan.
— Buning sababi shuki, — debdi Sehrgar — sen biror marta ham istagan narsangni soʻramading.
— Yolgʻon, men doim oʻzim istagan narsani soʻrayman!
— Yoʻq — debdi Sehrgar. — Sen mashina soʻrading, aslida esa hurmat-ehtiromni istaysan, pul soʻrading, aslida esa ozodlikni istaysan, mislsiz goʻzal qizni soʻrading, aslida esa muhabbatni istaysan.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



