Kennedining qotili kim? – Hanuzgacha yechimi topilmagan jumboq


Jon Kennedining karyerasi 1946 yilda boshlandi. Avvaliga demokrat Kennedi 1953 yilga qadar AQSH Kongresi vakillari Palatasining aʼzosi etib tayinlandi. Soʻngra 1960 yilgacha Massachussetsning senatori lavozimida ishlab keldi. 1960 yilning 13 iyulida uning nomzodi demokratlar tomonidan AQSH prezidenti lavozimiga qoʻyildi. 1960 yilning 8 noyabrida esa Kennedi ovozlar soni boʻyicha Richard Niksondan oʻzib ketib, tarixda eng yosh AQSH prezidenti hamda eng birinchi katolik president boʻldi.

Kennedi shajarasi achchiq qismat taʼqibiga uchradi, desa mubolagʻa boʻlmaydi. Jon Kennedi (oʻngda) Dallasda boshining orqa qismidan oʻq yeb halok boʻldi, uning akasi Robert Kennedi (chapda) ham 1968 yilda otib oʻldirildi, Ted Kennedi (oʻrtada) esa “Kennedilar balosi” tamgʻasidan omon qolib, 77 yoshgacha yashab, qarilik gashtini surishga ulgurdi. U miya oʻsimtasisaraton kasalligidan vafot etdi.

Jaklin hamda Jon Kennedi 1952 yilning may oyida tanishdilar. Dallasda boʻlgan safarida Jaklin uning yonida boʻlgan. Birinchi xonim turmush oʻrtogʻini otishganligini darrov fahmlab yetmadi – oʻq tovushini u motitsiklning tovushi, deb tushundi. Yaralangan prezidentni Parklend gospitaliga yetkazdilar. Jaklin operatsiya xonasiga kirish istagini bildirdi va president shifokoriga: “Uni koʻz oldimda otishdi. Men qonga boʻyaldim. Bundan ortiq nimaham boʻlishi mumkin?! Erim oʻlim bilan olishayotgan paytda uning yonida boʻlishim kerak”, deb aytdi.

Prezidentning oʻldirilishi boʻyicha tergov ishlarini Edgar Guver boshchiligidagi FTB (Federal Tergov Byurosi) hamda Uorren komissiyasi oʻz boʻyniga oldi. Kommisiyaning tergov natijalari 1964 yilning sentyabr oyida eʼlon qilindi. 1979 yilda Kongressning maxsus komiteti natijalarni qayta tekshiruvdan oʻtkazib, shunday xulosaga keldi – tergovning prezident oʻldirilishi bilan bogʻliq boʻlgan boʻlgan qismida tergovchilar aʼlo darajada ish olib borganlar, biroq jinoyatning sabablariga keraklicha eʼtibor qaratmaganlar.

Jon Kennedi oʻlganidan keyin Jaklin turmush oʻrtogʻining qoni tekkan pushtirang kuylagini yechishdan bosh tortdi. Kennedining jasadini Vashingtonga olib borishi kerak boʻlgan samolyot bortida Lindon Jonson prezidentlik lavozimiga kirish uchun qasamyod qilayotgan vaqtida ham Jaklin uning yonida aynan ana shu kuylagida turar edi. “Jonni qay ahvolga solishganini hamma koʻrishini istayman”, deb izoh berdi bu ishiga Jaklin.

Jon Kennedining oʻldirilishi boʻyicha tergov ishlarini olib borgan Uorren komissiyasi quyidagi xulosaga keldi: 1963 yilning 22 noyabrida Li Xarvi Osvald Texas shtatining Dallas shahridagi kitob omborxonasining oltinchi qavatidan turib prezident mashinasiga qarab 5,6 soniya ichida uch marotaba oʻq uzgan.Ushbu oʻq uzishlar natijasida Prezident Kennedi halok boʻlgan, Texas gubernatori Konnalli ogʻir, yoʻlovchilardan biri esa yengil yaralangan. Bundan keyin Osvald mahalliy politsiyachini ham otib oʻldirgan. Komissiya Osvald “hech kimning yordamisiz va maslahatisiz yakka holda harakat qilgan”, degan xulosaga keldi.

Li Xarvi Osvald sobiq dengiz askari boʻlib, Jon Kennediga oʻq otilgandan 40 daqiqa keyin oʻldirilgan politsiyachining qotili sifatida gumonlanib, hibsga olingan. Ayblanuvchi oʻz aybini tan olmadi. Oradan ikki kun oʻtgach uni Dallas shahar qamoqxonasiga koʻchirishga qaroq qilishdi. Mazkur jarayon toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi. Soat 11:21 da Dallasdagi tungi klub egasi Jek Rubi olomon ichidan chiqib, Osvaldning qorniga qarab oʻq uzdi. Ikki soatdan soʻng prezident Kennedi vafot etgan kasalxonada Osvaldning oʻzi ham jon taslim qildi.

Uorren komissiyasi Osvald nima sababdan bu qotillikni sodir etganligini aniqlay olmadi. Komissiya aʼzolari "U oʻzining nomini tarixda “buyuk inson” sifatida muxrlanib qolishini istagan boʻlishi mumkin”, degan taxminni ilgari surdi. Yana bir taxminlardan birida aytilishicha, Osvaldning marksizm va kommunizm gʻoyalarini qoʻllab quvvatlashi va ularga amal qilishi ham qotillikka undagan boʻlishi mumkin. Bu hamda boshqa bir qator omillar Li Xarvi Osvaldda prezident Kennedini oʻldira oladigan xarakterni shakllanishiga turtki boʻldi.

Prezident Kennedini kim oʻldirganligi haqidagi baxslar hanuzgacha davom etib kelmoqda. Gumondorlar orasidan Fidel Kastro, AQSH mafiyasi, MRB (Markaziy Razvedka Boshqarmasi), Edgar Guver, Lindon Jonson, maxfiy xizmat va boshqalar oʻrin olgan. Amerikaliklarning koʻpchiligi mazkur jinoyat bilan shugʻullanib, AQSH ning sobiq dengiz askari Li Xarvi Osvaldni qotilllikda ayblagan Uorren komissiyasining xulosalariga ishonishdan bosh tortdilar. AQSH ning hozirgi kundagi davlat kotibi Jon Kerri ham bu xulosani tan olishni istamaydi. “Men hanuzgacha Li Xarvi Osvald yakka holda harakat qilganligiga ishonmayman”, deb aytadi u.

Jon Kennedining oʻldirilishini uning oʻrniga prezidentlik kursisiga oʻtirgan vitse-prezident Lindon Jonson uyushtirgan boʻlishi mumkin, degan taxminlar ham bor. Lindonni bu jinoyatni uyushtirishiga faqatgina hukmdorlikka intilish emas, balki oʻz-oʻzini saqlash instinkti ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Gap shundaki, vitse-prezident korruptsiyada gumonlanayotgan edi. Prezidentning Dallasda oʻldirilishi ham tasodif emas. Lindon Jonson Texasda tugʻilib, oʻsgan boʻlib, Dallas politsiyasi uning nazoratida edi, bu narsa esa unga dalillarning bir qismini berkitishga yordam berishi mumkin edi.

Boshqa bir taxminda aytilishicha esa, Jon Kennedining oʻlimi fojiali tasodif boʻlishi ham mumkin. Tasodifiy qotil esa – fojia roʻy bergan kuni Kennedi limuzinining ketidan borayotgan, prezident va uning oila aʼzolari hamda AQSH ning yuqori lavozimidagi amaldorlarining muhofazasi bilan shugʻullanuvchi maxfiy xizmat agenti Jorj Xikki boʻlish ehtimoli ham bor. Gap shundaki, Osvald oʻq uzganidan keyin prezidentni qoʻriqlayotgan agent Xikki uni himoya qilish maqsadida javob qaytarib, oʻq uzgan.

Kennedini Amerika mafiyasi oʻldirgan, degan taxmin ham mavjud. Mazkur izoh tarafdorlarining fikrlaricha, ushbu qotillikni mafiyaning “choʻqintirgan otasi” maqomiga ega boʻlgan Karlos Marsello, Santo Trafikante va Sem Jiakanalar uyushtirganlar. Asosiy sabab esa – Jon Kennedi AQSH mafiyasiga qarshi urush eʼlon qilganidir.

Prezidentning dafn marosimi 1963 yilning 25 noyabrida boʻlib oʻtdi. Uni tashkillashtirishni shaxsan Jaklin Kennedi oʻz boʻyniga oldi.Kennedining jasadi solingan tobut Vashingtonga yetib kelganida Jaklin oʻz barmogʻidagi nikoh uzugini yechib, uni turmush oʻrtogʻining qoʻliga solib qoʻydi hamda yordamchisiga qarab: “Endi mening hech narsam yoʻq”, deb qoʻshib qoʻydi.

Kennedi bilan xayrlashish uchun 800 mingdan ziyod odam tashrif buyurdi. Dafn marosimining boshida Jaklin Kennedi hamda prezidentning aka-ukalari Robert va Edvard ketib borar edilar. Prezidentning bolalari orqaroqda limuzinda borar edilar. Jon Kennedi Arlington milliy qabristoniga dafn etildi. Tobut yerga tushirilganida Jaklin qabr ustida mangulik olovini yoqdi. Dafn marosimi televideniyening uchta umummilliy kanallari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi.

Osvaldning qotilligi shubha ostiga qoʻyilishiga “sehrli oʻq” muammosi sabab boʻldi. Gap shundaki, komissiya tekshiruvlarining xulosalariga koʻra, bir oʻqning oʻzi Kennedi boshining orqasiga tegib, soʻngra trayektoriyasini oʻzgartiradi va oldi oʻrindiqda oʻtirgan senator Konnalliga kelib tegadi. Ekspertlarning bergan maʼlumotlariga koʻra, Osvaldning uchtadan ortiq oʻq otishga vaqti yoʻq edi. Shunday ekan, “sehrli oʻq” voqeasi yana bir oʻqchi boʻlgan boʻlishi mumkinligini izohlaydi (bu esa agent Jorj Xikkining ham aloqasi bor, degan taxminni ilgari suradi).

Kennedining oʻlimida kim aybdor, degan savol mana 55 yildan beri yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar hamda kinorejisyorlar ijodining mavzusiga aylanib kelmoqda. Ushbu mavzudagi ilk kitob – Uilyam Manchesterning romani boʻldi. Bu romanni yozishni prezidentning bevasi - Jaklin taklif qildi. Kitobdan tushgan gonorarning barchasi – 5 mln$ - Kennedi nomidagi Kutubxona fondiga oʻtkazildi. 2011 yilda esa Stiven Kingning “11/22/63” nomli romani haqiqiy shov-shuvga aylandi. Qandaydir bir qahramon Li Xarvi Osvaldni toʻxtatib qola olganida, voqealar qanday tus olgan boʻlar edi – asar ana shular haqida hikoya qiladi.

2013 yilda AQSHning 35 prezidenti Jon Fitsjerald Kennedining Dallasda oʻldirilganligiga 50 yil toʻlishi munosabati bilan Skyhorse Publishing ushbu qotillik haqida yozilgan 25 xil kitobni nashr qildi.

Amerika tarixida hech bir voqea 35 prezidentning oʻldirilishi kabi keng ekranlashtirilmagan. Mazkur voqeaga asoslanib, bir necha filmlar suratga olingan, 50 ga yaqin badiiy filmlar yoki seriallarda esa ushbu fojia motiv qilib olingan. 2017 yilda Gollivud kinostudiyasi tomonidan “Jeki” nomli film suratga olindi, unda Jaklin Kennedining erining oʻlimidan keyingi dastlabki kunlari tasvirlanadi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



