Moda ministri. Roza Berten haqida siz bilgan va bilmagan maʼlumotlar!

Fransiyalik oddiy shlyapadoʻz ayol Roza Berten iqtidor sharofati bilan Fransiya qirolichasi – Mariya Antuanetta va eng yaqin dugonasiga aylandi.
Roza Berten 1747 yil 2 iyulda Fransiya shimolidagi Abvil shahrida, kambagʻal oilada dunyoga keldi. Uning onasi oddiy hamshira, otasi esa politsiya hodimi edi.

16 yoshli Roza Parijga yoʻl olib, shlyapadoʻz madmuazel Pagelga shogird tushdi. 1773 yili oktyabr oyida Roza Berten “Buyuk moʻgʻul” doʻkonini ochadi. Doʻkon nomi dunyodagi eng katta olmos sharafiga qoʻyilgan boʻlib, ushbu doʻkondan qoʻlqopdan tortib tayyor libosgacha sotib olish imkoni mavjud edi.

Fransuz tarixchisi Emil Langlad oʻzining “Roza Berten. Mariya Antuanetta liboschisi” nomli kitobida ushbu doʻkonni Sharq xazinasining qutichasiga qiyoslaydi.
1772 yili Roza rasmiy ravishda Mariya Antuanettaga liboslar yetkazib bera boshlaydi. “Buyuk moʻgʻul” doʻkoni peshtoqiga “Qirolicha liboschisi Roʻza Berten” yozuv taxtachasi osib qoʻyiladi.

Qirolicha Mariya Antuanetta oʻz liboslariga behad eʼtiborli edi, shu bois Roza Berten tez orada uning eng yaqin dugonasiga aylanib, barcha qabullar chogʻida uni kuzatib yuradi. Aynan shu sabab, Versal saroyi ayonlari qirolicha Roza Berten bilan huddi qirol oʻz ministrlari bilan ishlagani kabi faoliyat yuritadi, der edilar. Shu tariqa Roza Berten moda ministri eʼtirofiga sazovor boʻladi.

Qirolicha oʻz garderobini juda qadrlardi, u Rozaga soʻnggi modaga muvofiq kiyingan qoʻgʻirchoq yaratishni buyuradi. Mum, yogʻoch yoki shishadan ishlangan ushbu qoʻgʻirchoqlar pandora deb atalgan.

Berten Fransiyani dunyo moda markaziga aylantirishda munosib hissa qoʻshdi. Pandoralar butun Yevropa boʻylab aylanib, Ispaniya va Shvetsiya qirollari, Angliya, Italiya hamda Rusiya zodagonlari tomonidan eʼtirof etildi.

Fransuz inqilobi tufayli Roza Angliyaga yoʻl oladi.1765 yili ortga qaytgan Berten Napoleon Bonopartning boʻlajak rafiqasi Jozefina Bogarnega beminnat hizmat qildi.
Moda ministri 1813 yilda vafot etdi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



