Ogʻir va dahshatli kasb: Hindistondagi kanalizatsiya gʻavvoslari haqida eshitganmisiz?

Ammo, dunyoda shunday kasblar ham borki, bu haqida eshitishning oʻzi sizni hayratga solib qoʻyishi mumkin. Misol uchun Hindistonda kanalizatsiya gʻavvoslari oʻzlarining ogʻir mehnatlari ortidan kun koʻrishadi. Bunday kasb turini dunyoning boshqa hech bir burchagida uchrata olmaysiz.

Hindistondagi kanalizatsiya gʻavvoslarini shahar sharoitlarida truba oʻtkazgichlarini taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi inosnlarga qiyoslash mumkin. Biroq, ular orasidagi farqlar ham yetarlicha: Hindistonda bu ishda hech qanday malaka va maʼlumotga ega boʻlmagan insonlar mehnat qilishadi, ular bevosita kanalizatsiya ichiga suzib kirib, tiqinlarni qoʻllari bilan tozalab olishadi.
Trubalarni taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanuvchi insonlar uchun uchun maxsus liboslar va uskunalardan foydalanishlari haqida bilasiz. Hindistonning gʻavvoslari esa hech qanday xavfsizlik qoidalariga ham eʼtibor berib oʻtirishmaydi.

Ular har safar kanalizatsiya ichiga tushayotgan vaqtlari oʻz hayotlarini xavf ostiga qoʻyadilar. Shu sababli ham ular orasida oʻlim koʻrsatkichlari juda baland.
1993 yilda aynan mana shu sabab tufayli Hindistonda kanalizatsiya gʻavvosligi bilan shugʻullanish taʼqiqlab qoʻyilgan, shunga qaramay ushbu kasbga boʻlgan talab yuqori ekani bois uni butunlay yoʻqotib boʻlmadi.
Kanalizatsiya - Hindiston uchun juda katta muammo. Bu yerdagi boylar yashaydigan tumanlarda ham trubalar toza emas. Chiqindi toʻgʻri daryoga oqib ketadi, kanalizatsiya quduqlarini biror turdagi panjara bilan himoyalab qoʻyish birovning hayoliga ham kelmaydi. Shu sababli minglab gʻavvoslar har kuni mana shu ish bilan shugʻullanishadi. Aslini olganda mana shu odamlar sharofati bilan aholi vakillarining hayoti birmuncha yaxshilanadi, yoʻqsa shaharlarda juda katta muammolar yuzaga kelgan boʻlardi. Ammo, insonlar kanalizatsiya gʻavvoslarini odam oʻrnida koʻrishmaydi. Odatda bu ish bilan oʻta nochor insonlar va eng quyi kasta vakillari shugʻullanishadi.

Kanalizatsiya gʻavvoslari haftasiga 7 kun, kuniga 12 soatdan mehnat qilishadi. Ogʻir mehnatlari evaziga esa bir kun davomida 5 dollar va undan kamroq pul topishlari mumkin. Koʻp hollarda bu kabi ishchilar oʻz kasblari ortidan turli kasalliklar orttirishadi, koʻrish qobiliyatidan mahrum boʻlishadi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, mazkur kasb bilan shugʻullanuvchi insonlarning 70%i ish vaqtidagi baxtsiz hodisalar oqibatida halok boʻlar ekanlar.
2018 yilda aynan mana shu sababli Nyu-Dehli shahri koʻchalarida odamlar namoyish uyushtirganlar. Ular kanalizatsiya gʻavvoslarining mehnat sharoitlarini yaxshilashni hukumatdan talab qilgan edilar. Ming afsuski, ularning murojaatlariga hali biror javob boʻlganicha yoʻq.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



