Idish-tovoqlarni tozalash mumkin bo’lgan vositalar va ularni uy sharoitida tabiiy vositalar yordamida tayyorlash usullari
Bugungi kunda oshxonadagi idishlarni yuvish uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalarning turlari ko’payib bormoqda. Ammo tabiiy vositalardan ham foydalanib, har bir beka uy-ro’zg’or buyumlarini ozoda saqlashi mumkin. Ular hamisha qo’l ostingizda, eng asosiysi – xavfsiz va arzon.

Xantal kukuni barcha turdagi yog’larni yaxshi ketkazadi. Shuning uchun yog’ bosgan likop va kostrulkalarni tozalashda bekalarga beminnat yordamchi bo’lishi aniq. Buning uchun xantal kukuniga gubka botirilib, idishlarga ishqalansa bas, muammo hal.

Idishlarni dezinfeksiyalovchi eng kuchli vosita sirka bo’lib, u oshxona buyumlaridagi mog’or va viruslarni yaxshi bartaraf etadi. Buning uchun sirka idish yuvish gubkasiga purkalib, u bilan buyumlar yuviladi. Sirka, ayniqsa, shisha idishlarni yuvishda qo’l keladi.

Barcha uy bekalariga yaxshi tanish bo’lgan kir yuvish sovuni oshxona idishlarini risoladagidek tozalab, hatto hid ham qoldirmaydi. Chunki sovunga hech qanday kimyoviy qo’shimcha va ranglar qo’shilmaydi. Shu bois ham uni havfsiz vosita deyish mumkin.

To’g’ri, kulni shaxar sharoitida topish qiyin, lekin qishloq yoki dala xovliga borganingizda tandirdagi, o’choqdagi kuldan idish yuvishda bemalol  foydalanishingiz mumkin. Kul yog’ va qalin qatlamli chirklarni yaxshi ketkazadi. Qo’lni himoyalash uchun hech qanday qolqopdan foydalanish ham shart emas.

Kul, ayniqsa, sirlangan choynak va kastrulkalar yuzasiga sepilib, ustidan ho’l mato yordamida ishqalanilsa, ularni yarqiratib yuboradi.

Uy sharoitida mavjud bo’lgan tabiiy vositalardan idishlarni tozalovchi aralashma tayyorlash:

Buning uchun sizga yarimta kir sovun, 1 stakan qaynoq suv, 1,5 osh qoshiq soda, 1,5 oshqoshiq xantal kukuni va 2 oshqoshiq nashatir spirti kerak bo’ladi.

Xojalik sovuni qirg’ichdan chiqarilib, unga stakandagi suvning yarmi quyiladi va suv bug’ida ushlanadi.

Sovun erigach, suvning qolgani quyiladi. Smetanaga o’xshash massa hosil bo’lishi kerak. Massa biroz sovugach, unga soda va xantal kukuni qo’shib aralashtiriladi.

So’ngra nashatir spirti solib, mikserda ko’pirtiriladi. Hosil bo’lgan pufakchalar olib tashlanishi lozim. Tayyor massa og’zi keng va qopqoqli idishga solinadi. Idish qopqog’ quyilgunicha yopib qo’yilishi lozim, aks xolda nashatir spirti “uchib ketishi” mumkin. Ushbu tabiiy gel oshxonangizga gard ham yuqtirmaydi.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations