So’nggi koreys malikasining fojiali taqdiri
So’nggi koreys malikasining fojiali taqdiri
Lu sulolasining vakilasi bo’lgan tarixdagi so’nggi koreys malikasining taqdiri barchani lol qilishi tabiiy. Siyosiy o’yinlar, xiyonatlar va yolg’izlik malika Tok Xeni butun umr davomida taqib qilgan. Ammo hech bir narsa uning irodasini buka olmadi, Vataniga bo’lgan muhabbatini so’ndirmadi. Chosonni idora qilgan yigirma oltinchi hukmdorning qizi bo’lgan malika Tok Xening taqdir bolalikdan oson bo’lmadi.

1912 yilning may oyida imperator Kodjonning joriyasi Yan Guy In qiz farzandni dunyoga keltirdi. Qizaloqqa Tok Xe deya ism berdilar. Ammo Tok Xeni qirolicha emas, joriya dunyoga keltirgani uchun amaldorlar unga malika sifatida nazar tashlamas edilar. Xalq marhuma qirolicha Minni juda yaxshi ko’rar, shu sababli ham oddiy joriya dunyoga keltirgan qizaloqni qabul qilish odamlarga oson emasdi. Shu bois ham qizaloq davralarda hurmat ila emas, kinoyali tabassum bilan qarshi olinardi.

1917 yilga kelib imperator qizini rasmiy ravishda malika deya tan olishlariga erishdi.  Ammo rasmiy unvon odamlarning unga bo’lgan muhabbatlarini to’liq ta’minlab bera olmadi. 

Buning oqibatida Tok Xe kamgap va odamovi qiz bo’lib ulg’aydi. Malika atrofidagilar bilan ko’p ham so’zlashmasdi. Uning otasi sevimli qizining boshqa tengdoshlari bilan til topishishi uchun saroyda amaldorlarning farzandlari tarbiyalanadigan bog’cha ochdi. G’oya haqiqatdan ish berdi, tez orada Tok Xe boshqa tengdoshlari bilan do’stlashdi, bu esa uning ruhiyatidagi yaxshi o’zgarishlarga sabab bo’ldi. 

Malika balog’at yoshiga qadam qo’ygan vaqtda Koreya va Yaponiya o’rtasidagi siyosiy munosabatlar keskinlashdi. Imperator ushbu holat xavfini avvaldan sezib, qizini dushmanlarning changalidan himoya qilish uchun turmushga bermoqchi bo’ldi. Ushbu nikoh Tok Xeni yapon amaldorlarining bosimidan himoya qilishi kerak edi. Ammo tez orada Yaponiyaning aralashuvi sababli unashtiruv bekor qilindi, Tok Xening bo’lg’usi turmush o’rtog’iga saroyga kirish taqiqlab qo’yildi.

Oradan bir necha oy o’tmay Li sulolasining boshiga og’ir musibat tushdi, imperator Kodjon xastalikka chalindi.

Shifokorlar imperator hayotini saqlab qolish uchun harakat qilishlariga qaramay, u olamdan o’tdi. Ushbu holat nafaqat malika, balki butun mamlakat uchun og’ir kunlarni boshlab berdi, Koreyada tartibsizliklar, hukumat uchun ayovsiz kurashlar boshlandi. 

Koreyadagi ichki siyosiy vaziyat yaponlarga bu yerdagi ta’sir kuchini oshirish uchun imkon berdi. Tez orada yaponlar Yaponiya va Koreya yerlari birlashuvini e’lon qildilar. Bu esa Koreyada yashovchi insonlar uchun daxshatga aylandi. Bosh ko’targanlar qattiq jazolandi, bosma nashrlar o’z ishini to’xtatdi, koreyslar o’z ismlarini yaponcha ismlarga almashtirishga majbur etildi, ulardan o’z madaniyatidan voz kechish talab qilindi.

1925 yilda imperator Kodjon qorqqan voqea yuz berdi-uning sevimli qizi Tok Xeni majburan Yaponiyaga surgun qildilar. Tok Xe mahalliy o'quv muassasalarining birida ta’lim olishni boshladi, unga Koreyaga kirish va onasi bilan ko’rishish ta’qiqlab qo’yildi. Begona yurtda yashayotgan qiz qaytadan yolg’izlik domiga cho’mdi. Uni o’z tili va madaniyatini unutishga majbur qilmoqchi bo’ldilar.

Oradan besh yil vaqt o’tib, Tok Xening onasi olamdan o’tdi. Malikaga dafn marosimini o’tkazish uchun Koreyaga borishga ruxsat berishdi, ammo vataniga yetib kelgan Tok Xeni onasi bilan vidolashish uchun uning yoniga kiritishmadi.

Ushbu fojiali voqealar Tok Xening qalbida og'ir iz qoldirdi. Tez orada unda shizofreniya kasalligi boshlanganligi aniqlandi. Malika odatiy va kundalik narsalarni- ovqatlanish, suyuqlik ichish, kundalik buyumlardan ham foydalanishni unutdi. Shifokorlar unga toza havoda sayr qilishni maslaxat berdilar. Malikaning kasalligi tufayli uning yonida bo’lish uchun uning ukasini olib kelishdi.

Malika ukasini ko’rishi bilan uning holati biroz yaxshilangandek bo’ldi. Oradan bir yil o’tib, uning salomatligida ijobiy o’zgarishlar kuzatila boshladi.

1931 yili Yaponiya imperatorining rafiqasi Teymey malika Tok Xeni turmushga berish fikriga keldi va unga kuyov sifatida yapon oqsuyaklaridan biri – Takeyuki Soni tanlandi. Tez orada turmush qurgan juftlikvoilasida Masae ismli qizaloq dunyoga keldi. Bir qarashda malikaning hayoti iziga tushib ketgandek edi. U turmushga chiqib, oilali bo’lgan, shiringina qizalog’ini tarbiyalay boshlagandi. Aslida esa… 

Juftlik orasida muhabbat hech qachon bo’lmagan. Tokxening turmush o’rtog’i unga hiyonat qilar, oilani saqlab qolish haqida o’ylab ham o’tirmas edi. Tok Xe bundan qattiq azob chekardi. U yaponlar jamiyatiga o’rgana olmasdi, Vatan sog’inchi bilan yashashda davom etardi. Tok Xe yapon milliy liboslarini kiyishdan bosh tortish bilan birga qiziga kareyscha ism qo’yib olgan edi. Turmushining ikkinchi yilida Tok Xe salomatligida jiddiy muammolar kuzatila boshladi. Malika uyquda yurish bilan birga odatiy narsalarni unutib qo’ydi. Ortiq unga bola tarbiyasini ishonib topshirish mumkin emasdi. Bu vaqtda unga shaxsiy yordamchisi ko’mak qo’lini cho'zdi, uning qizini tarbiyalash bilan birga malikaning qalb og’riqlarini tushunishga harakat qildi. Biroq tez orada malikani ruhiy kasallar shifoxonasiga joylashtirishdi, Tok Xeni tushungan yagona inson uning shaxsiy yordamchisiga esa malika bilan ko’rishish taqiqlab qo’yildi. 

Malika umumiy hisobda umrining 15 yilini ruhiy kasalliklar shifoxonasida o’tkazdi. Bu vaqt davomida unga eri va qizi bilan ko’rishish uchun ruxsat berilmadi. U kasalxonada bo’lgan vaqti qizini yapon odatlariga ko’ra tarbiya qilishdi.

Ulg’aygan Masae onasining qayerda ekanligi bilan qiziqa boshladi. Ammo Takeyuki So Tok Xening qayerda ekanligini qizidan qattiq sir tutdi. Bir vaqtlar Tok Xening yaqin dugonasiga aylangan shaxsiy yordamchisi tinimsiz harakat qilib, malikani kasalxonadan chiqarib oldi.

Ozodlikka chiqqan malika eri va qizi bilan uchrashdi, ammo Masaening otasi o’zboshimchalik bilan tarbiya qilgani uni qattiq ranjitdi. 

Ikkinchi jahon urushi tugagandan keyin Yaponiya Koreya ustidan nazoratni yoqotdi, siyosiy maqsadlarda barpo bo’lgan Tok Xe va Takeyuki So nikohi ham yakun topdi. Endigina o’ziga kela boshlagan Tok Xeni taqdirning navbatdagi zarbasi qiynoqqa soldi- ota-onasining ajrimini og’ir qabul qilgan Masae o’z joniga qasd qilib halok bo’ldi.

Yagona farzandining o’limi Tok Xening uyquga ketgan kasalligi qayta bosh ko’tarishiga sabab bo’ldi. U nafaqat odatiy narsalarni, balki odamlarning kim ekanligini ham unutdi. 

1962 yilda malika koreys jurnalisti yordamida Janubiy Koreya hukumatiga murojat qilib, vataniga qaytdi. Ko’p yillardan beri odamlar bilan so’zlashmay qo’ygan, atrofidagilarga nisbatan hech qanday munosabat bildirmaydigan malika Vatan tuprog’iga qadam bosgach, achchiq ko’z yosh to’kdi.

U bir necha yil davomida Seuldagi saroyda hayot kechirdi. Aynan mana shu yillar uning hayotidagi eng sokin pallaga aylandi. So’nggi koreys malikasi 1989 yilda o’z vatanida olamdan o’tdi.

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook