Yangi yilga tayyorgarlik ko‘ramiz: 2019 yilni qanday ko‘rinishdagi libos bilan kutib olish tavsiya etiladi?
Zamonamiz munajjimlari Yangi 2019 yilni oila davrasida, ko‘tarinki kayfiyat bilan qarshi olishni tavsiya qilmoqdalar. Bayram uni do‘stlaringiz va qarindoshlaringizga qo‘ng‘iroq qilish, dasturxon uchun turfa taomlar tayyorlash va ajoyib bazm tashkil qilishdan aslo erinmang! Yangi yil timsoli bo‘lmish to‘ng‘iz (cho‘chqa) bu kabi harakatlaringizni yuqori baholab, mehmondo‘st xonadonga turli sohalarga tegishli odam olib keladi, demoqda munajjimlar.

Muhimi, yilning asosiy oqshomi davomida chiroyli qiyofada bo‘lishingiz kerak. Bu kun kun o‘tgan yildan qolib ketgan va urfdan chiqqan liboslar kiyishni tavsiya qilmaysiz. Hech bo‘lmasa bitta yangi libos harid qilib, uni turli aksessuarlar bilan bezang. Yangi yilni qanday uslubdagi libos va qiyofada kutib olgan ma’qul? Bizning bugungi maslahatlarimiz aynan shu haqida. 

Oltin to'ng‘iz yilini tillarang, qum rangidagi, limonrang, xantal va sariq rangdagi liboslar bilan kutib olgan ma’qul. Bu turdagi ranglar kirib kelayotgan yil timsoli bo‘lmish to‘ng‘izga xush yoqadi. U jigarrang,yashil va kulrangsimon buyumlar ishqibozi, bu turdagi ranglar yer va tabiat asosini ham anglatadi, albatta. Shundan kelib chiqib, liboslaringiz va pardoz uchun asosiy ranglarni ham tanlab olish mumkin. Ranglar imkon qadar yorqin bo‘lishi kerak. Agar sizga yashil rangli liboslar yarashmasa, terrakota rangidagi libosni tillarang aksessuar hamda taqinchoqlar bilan uyg‘unlashtiring.

Bundan tashqari metallik rangdagi ko‘ylak harid qilsangiz ham bo‘ladi. Unutmang, bu yilni kutib olish uchun oddiy liboslar tanlash yaramaydi, qiyofangiz imkon qadar hashamatli va bayramona ko‘rinishda bo‘lishi kerak.

 Bayramga nima kiyish mumkin: zamonaviy tendensiyalar

Ko‘ylak

Sariq rangli va shaffof yubka qismiga ega, keng yenglar bilan tikib chiqilgan libos sizni bayramning bosh qahramoniga aylantiradi. Ammo libosdagi asosiy urg‘u uning faqatgina bir qismiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Klassika sanalmish qora rangli kalta ko‘ylakni ham hech kim rad etmoqchi emas -biroq uni ham tillarang aksessuarlar, piston hamda yorqin bezaklar bilan yasatishingiz darkor. Jozibador bo‘lishni istasangiz uzunligini to‘piqqacha bo‘lgan va bo‘yin qismi bezatilgan ko‘ylak harid qiling.

Yubka

Ko‘p qavatli va g‘ijim ko‘rinishdagi yubka yaratilayotgan qiyofaga o‘ziga hoslik bera oladi. Bu turdagi liboslar to‘r tasma hamda shokilalar bilan bezatilgan bo‘lishi mumkin. Shokilalar 2019 yilda urfga kirishi kutilmoqda, shunday ekan yangi yil oqshomi qiyofasi uchun ham ushbu elementdan ikkilanmay foydalaning.

Shimli kostyum yoki kombinezon

Bayram uchun kombinezon kiymoqchi bo‘lsangiz uning naqshinkor yoki gulli turidan tanlang, bu qiyofangizga tantanavor ko‘rinish beradi. Kostyum turli pistonlar, to‘r tasmalar, shaffof bezaklar va bantiklar bilan bezatilgan bo‘lsa undan ham yaxshi.

Bluzka

Assimetriya urfga kirmoqda! Shunday ekan tantana  uchun bir yelkali kofta yoki erkin bichimdagi bluza tanlashingiz ham mumkin. Bu sizni oqshom yulduziga aylantiradi. Bundan tashqari yaltiroq detalli tunikalarga ham diqqat qarating, zero ular ayni paytda stilistlar tomonidan tobora ommalashtirilmoqda.

Mato tanlash

Endi esa matolar masalasi haqida ikki og‘iz. Javonni ochishingiz bilan birinchi bo‘lib ko‘zingiz tushadigan jinsi liboslarni bir chetga olib qo‘ying, ularni faqatgina kundalik libos sifatida kiyish mumkin.Yangi yil oqshomi uchun shoyi, shifon va to‘r matolaridan tikilgan libos tanlash tavsiya etiladi. Libosga qo‘shimcha tarzda pistonli klatch yoki tillarang ko‘rinishdagi sumka ilova qilishingiz mumkin.

Erkaklarga kerakli maslahatlar

 

Ranglar borasida erkaklar uchun tanlov imkoniyati juda keng. Ammo bayram oqshomi uchun tanlangan libos jigarrang, kulrang, qora bo‘lgani ma’qul. 2019 yilni qarshi olish uchun to‘q bordo ranglidagi libos kiyishingiz ham mumkin. 

Bayram uchun tanlangan erkaklar libosi oskin ranglarda bo‘lsa uni yorqin elementlar bilan boyitishga harakat qiling. Yorqin rangli ko‘ylak, naqshinkor galstuk yoki "kapalak" bo‘yinbog‘i - bu borada ayni muddaodir. Ayol va erkak libosi bir hil ranglar gammasida tanlangan bo‘lsa undan yaxshisi yo‘q. 

 

Norasmiy ko‘rinishdagi, kichik bayram dasturxoni uchun yengil jemper yoki tillarang tusdagi pidjak bilan kifoyalanishingiz ham mumkin. Agar erkaklar bayram oqshomida ham jinsi shim kiyishni lozim deb topsalar, klassik bichimlarga diqqat qaratish tavsiya etiladi. 

Bayram uchun poyabzal tanlaymiz!

Bu borada asosiy qoidani yodda tuting - tanlagan poyabzalingiz eng avvalo qulay bo‘lishi kerak. U butun bazm davomida qulay ravishda harakatlanishingizni ta’minlab berishi lozim. Ingichka poshnali tufli borasida ham hech qanday cheklovlar mavjud emas, muhimi u siz uchun qulay bo‘lsa bas.

 

2019 yilni kutib olish paytida jigarrang va tillarang poyabzallarga diqqat qaratganingiz ma’qul. Bayram uyda, oila davrasida nishonlanayotgan bo‘lsa ham tantana paytida shippak kiyib yurishdan saqlaning. Oltin to‘ng‘iz bayramona qiyofaga hafsalasizlik bilan yondoshgan insonlardan ranjishi mumkin.

Bayram uchun qanday pardoz qilish kerak?

Did bilan tanlangan va amalga oshirilgan pardoz bayramona qiyofasining muhim qismidir. 2019 yilda pardoz turlarida o‘ziga hoslik sezilib turishi kerak. Pardozingizni yaltiroq bo‘yoqlar, tillarang tenlar va metallik rangdagi bezaklar bilan boyitishingiz mumkin.

 

Grafik chiziqlar (strelka) va smoki-ays uslubidagi pardoz hamon urfda bo‘lib turibdi. Bayram pardozi uchun rangli tushlardan foydalanmang, bu borada klassik tanlov -qora rangli bo‘yoq bilan cheklanganingiz ma’qul. Pardoz ustalari mazkur yilni kutib olish uchun hashamatli pardoz turlariga e’tibor qaratishni tavsiya etmoqdalar.

Pardoz jarayonida teringizning mukammal darajada ko‘rinishiga ham ahamiyat bering. 

Aytganday, bayram uchun "pardozsiz ko‘rinuvchi"pardoz qilish usullaridan ham foydalsangiz bo‘ladi. Bu sodda uslubni xush ko‘ruvchilar uchun ayni muddao. 

Yangi yil bayrami pardozi imkon qadar uzoqroq turishi kerakligini ham hisobga oling. Yo‘qsa, mehmonlar qarshisida pardozingizni yangilab olish uchun imkon bo‘lmay qoladi. Shu sababdan bayram uchun foydalanmoqchi bo‘lgan pardoz vositalaringizni avvaldan sinab ko‘ring. 

Yangi yil manikyuri

Bayram uchun o‘zida tabiat ranglarini aks ettirgan tirnoq bezaklari mos keladi. Bundan tashqari tirnoqlarni tillarang tusga ham bo‘yashingiz mumkin. Yaltiroq frenchli och jigarrang lak yoki och pushtirang bo‘yoq hamda strazlar uyg‘unligi ajoyib ko‘rinish hosil qiladi.

Istakka ko‘ra kumushrang lak bo‘yoqlaridan ham foydalanib ko‘rishingiz mumkin.

Agar quvnoq insonlar sirasiga kirsangiz, tirnoqlaringizga archa, qorbobo yoki bayram timsollari tasvirini tushirib olsangiz ham bo‘ladi. Ammo bu borada o‘ta ehtiyotkor bo‘lishingiz kerak, tirnoq bezaklari bolalarga hos ko‘rinish paydo qilmasligi lozim. Shu sababli omadli natijaga ishonchingiz bo‘lmasa, klassik yechimlar bilan cheklaning. Bundan tashqari tirnoqlar ustida kichik yulduzchalar va grafik naqshlar tasvirini ham hosil qilish mumkin.

 

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations