14 fevral: Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
            14 fevral: Buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

Turkiy adabiyotning eng mashhur vakillaridan biri, o‘zining ijobiy faoliyati va kuchli siyosati bilan dunyo tarixida o‘chmas nom qoldirgan buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Amir Temurning munosib vorislaridan bo‘ldi. uning avlodlari esa ko‘p yillar davomida dunyo siyosatiga katta ta’sir ko‘rsata oldilar. Shu tariqa Bobur ulkan sulola asoschisi sifatida tarixda qoldi.

Boburning nozik ta’bi, musiqaga bo‘lgan qiziqishini barcha juda yaxshi bilardi. U farzandlarini ham ilm olishga undar, ular uchun eng yaxshi ustozlardan homiylik qilishni so‘rardi. Qarangki, Boburning o‘rtancha o‘g‘li Kamronda ham shoirlik qobiliyati paydo bo‘ldi. U "Kamron" taxassuli bilan ruboiy va g‘azallar bitishni boshladi. Boburning sevimli qizi Gulbadan esa nasr yo‘lanishidan bordi. Uning katta akasi Humoyunga bag‘ishlab yozgan"Humoyunnoma" asari esa muhim tarixiy hujjatlardan biri bo‘lib qoldi. 

O’rta asr Sharq madaniyati va adabiyotining buyuk namoyandasi Zahriddin Muhammad Bobur 1483yil 14-fevralda Andijonda tug’ildi. Otasi Umarshayx Mirzo temuriy avlodidan bo’li, Farg’ona viloyatining hokimi bo’lgan. Zahriddin Muhammad Boburo’z davrining taniqli muallim va murabbiylari rahbarligida ta’lim va tarbiya olgan. Barcha temuriy shohzodalar singari otasi saroyida tahsil oldi. Otasi Umarshayx Mirzo 1495 yilda vafot etgach, 12 yoshida uning o’rniga taxtga o’tirdi, shiddatli saroy kurashlari girdobida qolib, biron-bir madrasani ham tugatishga imkon va fursati bo`lmasa-da, adabiyot, nafis san`atining chinakam shaydosi bo`lib yetishdi. Andijon taxti uchun ukasi Jaxongir Mirzo, amakasi Sulton Ahmad Mirzo, tog`asi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashadi. Samarqand taxti uchun bir necha yil shiddatli janglar olib boradi,ammo samarasiz kechgan bu janglardan keyin Bobur janubga qarab yo`l oladi.

Andijonni Shayboniyxon egallagach, Zahriddin Muhammad Bobur Afg’onistonga ketishga majbur bo’ladi. 1503-yilda Qobul va G`aznani jangsiz qo`lga kiritadi. 1505-1515-yillarda bir necha bor Markaziy Osiyoga qaytishga urinib ko`radi, ammo hech qanday natijaga erisha olmaydi. 1519-1525-yillarda Hindistonni qo`lga kiritish uchun jang olib boradi. 1526-yilning aprel oyida Ponopatda Hindiston sultoni Ibrohim Lo`di bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan bo`lgan janglarda Boburning qo`li baland keladi. Tarixiy ma`lumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi bo`lgan Panjob hokimlari ham Boburni qo`llaganlar va Sikri jangidagi bu g`alaba Boburga Hindistonga o`z hukmronligini uzil-kesil o`rnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Yangi mustahkam davlat “Boburiylar” nomini oladi va 300yildan ortiq hukmronlik qiladi.

Bobur jahonga mashhur “Boburnoma”asarini yaratdi. Unda Movarounnahr, Xuroson, Hindiston xalqlari tarixi, urf-odat va an’analarini, tarixiy shaxslarini, mamlakat tabiiy lavhalarini aks ettirdi. Bobur Xo’ja Ubaydullo Ahrorning “Volidiya”risolasini fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qildi, aruzvazni va qofiya masalalariga “Mufassal”asarini yozdi.

  Zahriddin Muhammad Bobur adabiyotshunos, tarixshunos olim va shoir sifatida xalqimiz ma’naviy madaniyati tarixida muunosib o’rin egalladi.

  Bobur 1530-yilning 26-dekabrida Hindistonnig Agra shahrida o’zi bunyod etgan go’zal maskan Zarafshon chorbog’ida vafot etdi.

 Bobur qisqa vaqt ichida Hindistonda siyosiy muhitini barqarorlashtirish, Hindiston yerlarini obodonlashtirib, birlashtirish, savdo-sotiq ishlarini to`g`ri yo`lga qo`yish, bog`-rog`lar yaratish ishlariga rahbarlik qildi. Madaniy yodgorliklar qurish, karvonsaroylar barpo qilish, kutubxonalar qurish Bobur va uning o`g`illari davrida keng miqyosda yoyildi. Hindiston me`morchiligiga Markaziy Osiyo uslubi kirib kela boshladi. Bobur va uning hukmron avlodlari huzurida o`sha davrning ilg`or va zehni o`tkir olimlari, shoirlari, musiqashunoslarini mujassam etgan mukammal bir ma`naviy-ruhiy muhit vujudga keldi. 

Boburning ilm-ma’rifat haqidagi g’oyalari

  Bobur o’z ma’rifiy, madaniy,ijtimoiy faoliyatida ilmli kishi (ustoz), ilmni o’rganish uchun ilm talabgori bo’lish g’oyasini oldinga surdi.

     Bobur deydi:

                 Kim yor anga ilm tolibi ilm kerak,

                O’rgangali ilm tolibi ilm kerak.

                Men tolibi ilm tolibi ilm yo’q,

                Men borman ilm tolibi, ilm kerak.

  Bobur ilmli bo’lishni istaganlarni ilmni zo’r havas, ishtiyoq bilan egallashga da’vat etdi.

Bobur axloq-odob va insonparvarlik haqida

Bobur axloq-odob haqidagi qarashlariga yaxshilik, vafodorlikni eng go’zal fazilat sifatida ulug’laydi, yomonlikni jafo keltiruvchi illat sifatida qaradi:

               Har kimki vafo qilsa,vafo topqusidur,

               Har kimki jafo qilsa jafo topqusidur.

               Yaxshi kishi ko’rmagay yomonlig’ hargiz,

               Har kimki yomon bo’lsa, jazo topqusidur.

 Bobur odamlarni elga yaxshilik qilib,o’zidan yaxshi nom qoldirishga chorlaydi: 

   

               Bori elga yaxshilik qilgilki, mundin yaxshi yo’q.

               Kim degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshi yo’q,.         

 Bobur yaxshi xulqlikni,kishilarga yaxshilik qilishni insonni oliyjanobligini hisoblaydi. Bobur mehnat ahlini qadrladi va davlat ahlini tasvirida “mehnat elini”unutmaslikka da’vat etdi.

               Davlatga yetib mehnat elin unutma,

               Bu besh kun uchun o’zingni asru tutma,            

deydi Bobur.

  Boburning bu insonparvarlik qarashlari  “Boburnoma” asarida dehqon xo’jaliklarida ishlayotgan qullar, asrlarning achinarli ahvoli tasvirida ham o’z ifodasini topgan. 

Bobur vatanparvarlik haqida

  Boburning ma’naviy-ma’rifiy qarashlarida Vatan tuyg’usi salmoqli o’rinda turadi.

  Bobur Afg’oniston va Hindistonda davlatni boshqarib turgan holda, umrining oxiriga qadar kindik qoni to’kilgan yurtni unutmadi. U o’z ona diyorini haddan ziyod sevadi, Vatanidan judoligidan g’am-alam chekadi. U tug’ilib o’sgan yurtini qoldirib ketishni ”xatolik”,”yuz qarolik” deb biladi, o’zini o’z yurtidan judo bo’lgan g’arib his qiladi. U deydi:

                Tole’ yo’qi jonimga balolig’ bo’ldi,

                Har ishniki ayladim xatolig’ bo’ldi.

                O’z yerni qo’yib Hind sari yuzlandim,

                Yorab netayin, ne yuz qarolig’ bo’ldi.            

 Zahriddin Muhammad Boburning ilm-ma’rifathaqidagi g’oyalari, axloq odob, yaxshilik, vafo, insonni xalqqa yaxshilik, qiladigan qilib tarbiyalash, mehnat ahlini qadrlash, insonparvarlik,Vatandan judolik g’am, alam ekanligi, adolat haqidagi qarashlari,axloqiy-ta’limiy fikrlari hozirgi davr yoshlar tarbiyasida ham g’oyat ahamiyatlidir.          

 Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda o`zining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi. 1503-yilda “Xatti Boburiy” ni yaratdi. 1521-yilda “Mubayyin al-zakot”, 1523-25-yillarda“Muxtasar”, “Xarb ishi”, “Musiqa ilmi” (topilma), “Volidiyya” asarlarini,1519-yilda 1-devon “Qobul devoni” ni, 1528-29-yillarda 2-devon “Hind devoni” ni yaratdi. “Tuzuki Boburiy”, “Voqeoti Boburiy”, “Voqeanoma”, “Boburnoma” nomlari bilan mashhur bo`lgan asarni 1525-1530-yillarda yozdi.

Boburning tarixiy, ilmiy va adabiy merosini o`rganish va ommalashtirishda O`zbekiston, Tojikiston va Rossiya olimlarining faoliyatlari diqqatga sazovordir. XIX-XX asrlar davomida Georg Ker, N.Ilminskiy, O.Senkovskiy, M.Sale, Porso Shamsiyev, Sodiq Mirzayev, V.Zohidov, Ya.G`ulomov, R.Nabiyev, S.Azimjonova, A.Qayumov kabi olimlarning harakatlari tufayli “Boburnoma” bir necha bor nashr qilindi (o`zbek va rus tillarida).

Bobur ikki tilda -o`zbek va forsiy tillarida erkin ijod qilgan bo`lsa-da, faqat o`zbekcha she`rlarini to`plab 2 ta devon tuzgan. 1519-yilda Qobulda, 1529-yilda Hindistonda tuzilgan bu devonlar o`sha joylar nomi bilan yuritiladi. Qobul devoni topilmagan. Hind devonidagi she`rlarining umumiy miqdori 400 dan ortiq. 119 tasi g`azal, 231 tasi ruboiy, boshqalari turli janrdagi she`rlardir. Bobur she`rlarining ma`lum bir qismi hasbi hol xususiyatiga ega bo`lgan g`azaldir. Bobur g`azallari orasida hayotga qaynoq mehr aks etgan, jo`shqin g`azallar, afsus-nadomat ohanglari bilan to`lgan g`azallarni ham uchratish mumkin.

Bobur -podshoh, shoir va olim.

Ammo Boburning betimsol shaxsi shohlik, balki shoirlik va olimlikdan ham teranroqda turadi. Shuning uchun uning latif ruhi va darveshvash ko`ngli andak-mundak narsalarni pisand qilmaydi, aniqrog`i arzitmaydi. Shunday ekan, qaysi xon yoki sulton:

Qilmoq umidu biym ila xizmat shah olida

Darbonining so`kunchu tayoqig`a arzimas, -

 deydi. 


Insonga xos qanaqa tabiiy fazilat va sof tuyg`ular bo`lsa, Bobur hayotda ham, ijodda ham asosan ana shularga suyangan. U o`z davlati va saltanati manfaati yuzasidan she`riyatiga bir siyosiy rang, targ`ibot ohanglarini olib kirsa bo`lardi. Yo`q Bobur she`riyatida topolmaysiz bunday ohanglarni.

Mohiyatan toju taxt, hukmronlikka borib tarqaladigan murod-maqsadlarini ham u nihoyatda oddiylashtirib, oddiy odamlarning yuragiga uyg`unlashib ketadigan mazmunda aks ettiradi:

Ko`ngli tilagan murodig`a yetsa kishi

Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,

Bu ikki ish muyassar o`lmasa olamda,

Boshni olib bir sorig`a ketsa kishi.

 

Bu fikrlar aynan shoh va shoir Boburga tegishli ekanini bilamiz, ammo ko`ngli bir murodga intilib, yetolmagan, “bu ikki ish muyassar” bo`lmasa-da, boshini olib qayonlargadir ketishning ham uddasidan chiqolmagan har bir kishiga daxldorligini ham inkor etolmaymiz. Shuning uchun Boburning ma`naviy-ruhiy dunyosi shohu gadoni o`ziga jalb etaveradi. Ko`ngilni sehrlash, ruhni qanoatlantirishdan to`xtamaydi.

Bobur tasavvuf ta`limoti bilan maxsus shug`ullanmagan bo`lsa-da, ayrim she`rlarida tasavvufiy g`oyalar aks etgan. Shoirning quyidagi she`rlarida dunyoi dundan chekinayotgan, siyrati darveshvash, Bobur bilan yuzma-yuz kelganday bo`lamiz:

Arzimas g`am yemakka bu dunyo,

Bal otin demakka bu dunyo.

Tama` uzgil bu eski dunyodin,

Xotiringdin chiqar bu dun yodin.

Davlat uchun o`zungni zor etma,

Izzat uchun o`zungni xor etma.

 

Bobur bir masnaviysida Husni Mutlaqqa murojaat etib shunday deydi:

Go`shu hushimni so`zing sori qil,

Jonu ko`nglimni o`zung sori qil.

G`amlaring birla ovut ko`nglimni,

Ma`rifat birla yorut ko`nglimni. 

Bobur ruboiylaridan birida “Har ishniki ayladim xatolig` bo`ldi”, -deydi. Aslida Bobur qilgan ishlar xato bo`lmagan. Birgina “Boburnoma” asarini olib qaraydigan bo`lsak ham hali bu darajada har tomonlama yetuk asar yaratilmaganligining guvohi bo`lamiz. Bu asar butun jahon ommasiga mashhur bo`lgan shoh asardir. “Boburnoma” da Bobur yashagan davrdagi Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar uch qismdan iborat bo`lib, 1-qismi- XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda ro`y bergan voqealarga, 2-qismi XV asrning oxiri, XVI asrning birinchi yarmida Qobulda ro`y bergan voqealarga, 3-qismi XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bag`ishlangan. “Boburnoma” ning mavjud to`liq matni 1857-yilda turkolog N.Ilminskiy tomonidan Qozonda tipografiya yo`li bilan nashr qilingan. 1905-yilda ingliz olimasi A.Beverigi xonim “Boburnoma” ning Haydaroboddagi qo`lyozma nusxasini chop ettirdi. Ana shu 2 ta nusxaga asoslanib 1948-49-yillarda asarning ikki qismdan iborat to`liq matni P.Shamsiyev, Sodiq Mirzayevlar tomonidan nashr qilindi. 1960-1989-yillarda yana qayta nashr etildi. “Boburnoma” dagi ma`lumotlar o`sha davrda yaratilgan boshqa tarixiy manbalar: Mirxond, Xondamir, Muhammad Solih, Binoiy, Muhammad Haydar, Farishta, Allomiy kabi tarixchilarning asarlarida bu darajada oshiq va mukammal yoritilmagan. Muallif “Boburnoma” da Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Behzod, Mirzo Ulug`bek va boshqa allomalar haqida o`zining eng yuqori fikr va mulohazalarini bildiradi. Kamoliddin Binoiy, Behzod, Mirak naqqosh, Husayn Udiy singari adabiyot va san`at arboblari haqida qimmatli ma`lumotlar va mulohazalarni keltiradi.

Bobur nima haqda va kim haqda yozmasin, g`oyat samimiydir. O`zining quvonchini ham, g`amini ham hech kimdan yashirmay, ro`y-rost aytadi. Do`sti haqida ham, dushmani haqida ham ko`nglidagini so`zlaydi.

Bobur butun umri jangu jadallarda kechishiga qaramasdan tabiatan nihoyatda ziyrak va sinchkov, g`oyat fahmli va idrokli, hamma narsaga qiziquvchan bir zot edi. U qaerga bormasin, o`sha yerning geografik tuzilishi, joylashishi o`rindan tortib, o`simlik va hayvonot dunyosigacha, qishu yozining ob-havosidan, elining tili-yu, urf-odatlarigacha hamma-hammasi bilan qiziqadi va yozib qoldiradi.

“Boburnoma” da Boburning ilk she`riy mashqlaridan tortib yirik asarlarigacha yozilish tarixi, ular bilan bog`liq voqealar haqida ma`lumot berilgan. Alisher Navoiy bilan xatlashgani, “Boburiy xat” ni ixtiro etgani, musiqa bilan shug`ullangani, turkiy tilning sofligi va ravnaqi uchun kurashganlari haqida ham batafsil ma`lumot beradi. 

“Boburnoma” Bobur kezgan yurtlar haqida o`ziga xos qomusdir. Lekin bu faqat sinchkov emas, badiiy zavqi ham baland bo`lgan ijodkor tomonidan yozilgan. Asarda turli fanlarga oid ma`lumotlar bilan bir qatorda go`zal ijodiy kuzatishlar, chiroyli badiiy lavhalar ham bor. Ayniqsa, Xuroson va Hindiston manzaralarini chizganda, xususan, o`zbek o`quvchisiga notanish urf-odatlar, o`simlik va hayvonlar haqida hikoya qilganda Boburning badiiy iste`dodi ish beradi. Masalan, u xurmoni shunday tushuntiradi:

“Yana xurmodir. Agarchi xurmo Hindiston maxsusi emas. Chun ul viloyatlarda yo`q edi, mazkur bo`ldi. Xurmo daraxti Lamg`onda ham bordur, shoxlari daraxt kallasida bir yerda-o`q bo`lur. Barglari shoxlarining tubidin uchig`acha ikki tarafida bo`lur, tanasi nohamvor (notekis) va badrang (ko`rimsiz) dir. Mevasi uzumning xo`shasidek bo`lur, xo`shasidin xili ulug`roq bo`lur.

Derlarkim, nabotat orasida xurmo daraxtining ikki ishi hayvonotqa o`xshar: biri ulkim, nechukkim hayvonot boshini kesarlar-hayoti munqati` bo`lur(uzilur). Xurmo daraxtining ham boshi kesilsa, daraxti qurur. Yana biri ulkim, nechukkim hayvonottin benar natija hosil bo`lmas, xurmo daraxtig`a ham narxurmo shoxini kelturub, tegurmasalar, yaxshi bar bermas. Bu so`zning haqiqati ma`lum ermas”.

“Boburnoma” o`zbek nasri taraqqiyotiga juda katta ta`sir ko`rsatdi. Buning yorqin namunasi Abulg`ozi Bahodirxonning “Shajarai turk” va “Shajarai takorima” asarlaridir. “Boburnoma”ning tasvir va bayon usuli tarjimalar orqali boshqa adabiyotga ham o`tdi. G`arb va Sharqning fan va davlat arboblari Boburning tarix va madaniyat oldidagi xizmatlarini belgilashda bu kitobga asosiy manba sifatida qaradilar. Hindiston tarixini yoritishda esa, mutaxassislar fikricha, hali xam buyuk bobomiz Beruniyning “Hindiston” idan keyingi muhim asar“Boburnoma” bo`lib turibdi.

Bobur o`zining ma`lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir va ijtimoiy masalalar yechimiga o`z hissasini qo`shgan olim sifatida xalqimiz ma`naviy madaniyati tarixida munosib o`rin egallaydi.

 

Boburning nasriy asarlari.

Bobur «Boburnoma» ni 925 hijriy- 1518-1519 milodiy yilda yozishga kirishib, shu vaqtdan boshlab keyingi yillarda sodir bo’lgan voqealarni ketma-ket yozib borgan. 934 hijriy - 1527 milodiy yildan so’ng, ya’ni Rano Sango ustidan g’alaba qozonib, shimoliy Hindistonda o’z saltanatin imustahkamlagan Bobur o’z kitobida boshdan kechirgan sarguzashtlarini, ya’ni 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 925 hijriy - 1518-1519 milodiy yilgacha bo’lgan voqealarni ham kiritishni ma’qul deb bilib, ularni esdalik uslubida yozib borgan. Shuning natijasida «Boburnoma»da 899 hijriy - 1494 milodiy yildan 936 hijriy - 1529 milodiy yillarda sodir bo’lgan voqealarning sanaviy tartibdagi bayoni o’z aksini topgan. Shuni ham nazarda tutmoq lozimki, «Boburnoma»da ana shu yillar orasida o’n olti yil (910, 915-924, 927, 928, 930, 931 va boshqa hijriy yillar) voqealarining alohida bayoni uchramaydi. Ammo bu «Boburnoma»ning yaxlitligiga katta ta’sir ko’rsatmaydi.

Shunday qilib, «Boburnoma»da Boburning Farg’ona viloyati hokimi bo’lib,Kobulda o’zini podshoh deb e’lon qilgani va nihoyat Hindistonda o’z saltanatiga asos solgani bilan bog’liq voqealar tizmasi o’z aksini topgan.

«Boburnoma»ning mazmuni unda tasvirlangan hodisa-voqealar shunchalik boy va ko’p qirraliki, buning natijasida u Movarounnahr, Afg’oniston vaHindistonning XV asr va XVI asr boshlaridagi tarixiy, madaniy, urf-odatlar, ilmi va adabiyoti, o’simliklar va hayvonot dunyosi, shahar, qishloq, meva va gullarining boy manzarasini chizuvchi nodir manbaga aylanib qoldi.

Asarning bosh qahramoni-hikoya qiluvchisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Boburnoma»ni o’qigan kishi bosh qahramonning achchiq-chuchuk sarguzashtlari, o’ziga xos fazilatli shaxsiyati, nihoyatda hassos, qiziquvchan, o’tkir zehn va serqirra idrokli, keng dunyoqarashli ekanligi, mard va jasur, to’g’ri so’z va mustahkam iymon-e’tiqodli bo’lganligining guvohi bo’ladi. Shunisi muhimki, bosh qahramon-Bobur o’zgalar aybini axtarishga intilmaydi, balki o’z aybi va xatosini ham, o’zining «gunohlarini ham shafqatsiz bo’lib qalamga oladi. Shundan-da, Bobur ba’zan qiyin ahvolda qolganini ham yozib, shunday deydi:«Manga bisyor dushvor keldi, beixtiyor g’alaba (ko’p) yig’ladim» (Boburnoma,113-bet).

«Boburnoma» - da hayotiylik, haqqoniylik, haqgo’ylik va sodda-turkona bayon yetakchilik qiladi. Boburning quyidagicha yozganlari ham bu fikrlarni qo’llab-quvvatlaydi: «Chun bu tarixda andoq iltizom qilinibdurkim, har so’zning rostini bitilgay va har ishning bayoni voqeini tahrir etilgay» (Boburnoma,292-bet).

Asarda o’sha davrning tarixiy shaxslari - otasi Umarshayx mirzo, amakisi Sulton Mahmud mirzo, Sulton Husayn Boyqaro, Shayboniyxon va boshqa ko’plab tojdorlar, hokimlar, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Solih, Badriddin Chochiy kabi ijodkorlar ham qalamga olingan. Ularning tasviri esa bir xil emas, balki har birining tashqi siymosi-surati, ichki dunyosi, urf-odat, qilmishlari, afzaliyat va kamchiliklari boburona ko’rish va qarash asosida o’ziga xos tarzda tasvirlanadi. Masalan, Sulton Husayn Boyqaroning tasvirini nazardan o’tkazaylik:

«Shujo’ va mardona kishi edi… Temurbek naslidin hech kim ma’lum emaskim, Sulton Husayn mirzocha qilich chopmish bo’lg’ay. Tab’i nazmi bor edi. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi «Husayniy» edi… Bovujudkim, ham yosh va ham saltanat bila ulug’ podshoh edi, kichiklardek qo’chqor saxlab, kabutar o’ynar edi, tovuq ham urushqa solur edi…»

 

«Boburnoma»dagi tabiat mo’jiza va manzaralari tasvirlari ham Boburning yozuvchi sifatidagi nozik didi, Shoirona idroki, qiziquvchan va hassosligidan dalolat beradi. Jumladan, Kobulning sharqi-shimolidagi Ko’histon tasvirida chilg’o’za daraxti haqida shunday yozadi: «Ko’histon elining chirog’lari tamom chilg’o’za yig’ochindindur, sham’dek yonar, xele g’arobati bordur»

Yoki, Dashti shayx deb ataladigan mavze tasvirida quyidagicha yozganlari qiziqarlidir: «Bu domanada (tog’ etagida) rango-ranga har nav’  lola bo’lur. Bir qatla sanattim, o’ttiz ikki-o’ttiz uch nav’ g’ayri mukarrar lola chiqti. Bir nav’ lola bo’lurkim, andin andak (ozgina) qizil gul hidi kelur, lolai gulbo’y, der eduk» (Boburnoma, 193-bet).

«Boburnoma»da Hindiston bilan bog’liq voqea-hodisa, joy hamda tabiat manzaralari va boshqa tasvirlarda urdu tilidagi so’zlardan foydalanish ham ko’zga tashlanadi. Shunisi borki, Bobur urdu tilini o’rgana boshlagan va hatto o’zbekcha-urducha ayrim baytlarni ham yozgan:

 

Mango na havoi kuch-u havasi monak-u mutti,

Faqr ahlig’a bas bo’lg’usidur poni-yu rutti.

Baytda ishlatilgan urducha so’zlarning izohi: kuch-hech narsa; monak-qasr; mutti-marvarid; poni-suv; rutti-non.

 

Agar diqqat qilinsa, mazkur o’zbekcha-urducha baytda «faqir-mening faxrim», degan hadisning mazmuni Boburona uslubda bayon etilgan.

Shunday qilib, «Boburnoma» tarixiy-esdalik va badiiy asar sifatida Boburning yozuvchilik mahoratini o’zida mujassam etgan ko’pqirrali va teran ahamiyatga molik yodgorlik bo’lib, faqat o’zbek nasrininggina emas, balki jahoniy nasrning shoh asarlaridan biridir.

Shuning uchun Yangi Dehlidagi milliy muzeyning mutasaddisi janob G.N.Pantning «Boburnoma»ga oid maqolasini quyidagicha yakunlashida hikmat ko’p:

«Hindiston tarixida uning (Boburning) qutlug’ xizmatlari chinakam buyukdir, ammo solnomachilik bobidagi xizmati esa undan ham buyuk. «Boburnoma» ajoyib adabiy va tasviriy san’at asaridir, tarixiy hujjat sifatidagi qiymati esa aslo beo’lchov. Amir Temur tarjimai holi (ya’ni, «Temur tuzuklari») kashfiyot bo’lsa, Boburning tarjimai holi (ya’ni «Boburnoma») bu kashfiyotning oliy nuqtasidir».

Bobur g'azallari

Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,

Kelsun agar yuzumni evursam, balo manga.

Netgayman ul rafiq bilakim, qilur base,

Mehru vafo raqibg‘a, jabru jafo sanga.

Begona bo‘lsa aql meni tilbadin, ne tong,

Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga.

Ohu yoshimdin orta durur za’f, ey tabib,

Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.

Dardim ko‘rub muolajada zoye’ etma umr,

Kim, jonda dardi ishq durur bedavo manga.

To yor kimni istaru ko‘ngliga kim yoqar,

Tashvish bejihat durur oxir sango,manga.

Bobur, bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt,

Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.


* * *


O‘zni , ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak,

Bizni unutqonni unutmoq kerak.

Ayshu tarab gulbunig‘a suv berib,

G‘ussa niholini qurutmoq kerak.

Tiyra turur zuhd damidin ko‘ngul,

Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.

Har nimag‘a g‘am ema, g‘am ko‘p turur,

Aysh bila o‘zni unutmoq kerak.

Qo‘yma mashaqqat aro, Bobur, ko‘ngul,

O‘zni farog‘at bila tutmoq kerak.


* * *


Ne xush bo‘lg‘ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg‘otsam,

Kechalar tori mo‘yidek belig‘a chirmashib yotsam.

Gahi guldek yuzini ul shakar so‘zlukni islasam,

Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la’lidin totsam.

Qani Shirin bila Layliki sendin noz o‘rgansa,

Qani Farhodu Majnunkim, alarg‘a ishq o‘rgatsam.

Yoruq kunduz, qorong‘u kechada anjum kibi bo‘lgay,

Chekib gar oh dudini ko‘ngul o‘tini tutratsam.

Ko‘zum ravshanlig‘ida bo‘lg‘ay, Bobur, base kamliq,

Agar qoshi bila yuzun hilolu kunga o‘xshatsam.


* * *


Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,

Tiyra bo‘ldi ro‘zg‘orim ul qaro qoshdin yana.

Men xud ul tifli parivashg‘a ko‘ngul berdim, vale,

Xonumonim nogahon buzulmag‘ay boshdin yana.

Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung,ey ko‘ngul,

Yaxshilig‘ni ko‘z tutarsen ul parivashdin yana,

Tosh urar atfol mani,uyida forig‘ ul pari,

Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.

Oyog‘im etgancha Boburdek ketar erdim, netay,

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.


* * *


Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,

Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.

Jonimdin o‘zga jonni dilafkor ko‘rmadim,

Ko‘nglum kibi ko‘ngulni giriftor topmadim.

Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo,

Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.

Nochor furqati bila xo‘y etmisham, netay,

Chun vaslig‘a o‘zumni sazovor topmadim.

Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko‘ngul,

Nechaki borib eshigiga bor topmadim.

Bobur, o‘zungni o‘rgatako‘r yorsizki, men

Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.

* * *

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching,

Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching.

Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli,

Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.

Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar,

Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.

Ochildi ko‘ngli, chu ochting sochingni, Boburning,

Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.



* * *


Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,

Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.

Xati labig‘a tutash bo‘lsa, ey ko‘ngul, ne ajab,

Ki Xizr chashmayi hayvong‘a rahnamoyedur.

Yarar bu xasta ko‘ngul dardig‘a o‘qin yarasi,

Magarki har yarasi yorning davoyedur.

Bahor fasliduru may havosi boshimda,

Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.

Ul oy raqibg‘a bo‘ldi rafiqu Boburning

Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.

* * *

Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldim,

Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon bo‘ldum.

Labing gar bermasa bo‘sa nechuk jon elta olg‘aymen,

Bu yo‘ldakim, adam sahrosig‘a emdi ravon bo‘ldum.

So‘rub ul oy labidin og‘zining ramzini angladim,

Bir og‘iz so‘z bila ko‘rungki muncha xo‘rdadon bo‘ldum.

Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni ko‘rsattim,

Vale oxir malomat o‘qlarig‘a-o‘q nishon bo‘ldum.

Kular erdim burun Farhodi miskin dostonig‘a,

Bu Shirindurki oning birla-o‘q hamdoston bo‘ldum.

Visoling davlatig‘a yetmasam Bobur kibi, ne tong,

Ki hajring mehnatida asru zoru notavon bo‘ldum.

 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook