просмотров
Uni mashhurlik yoki boylik emas, yurt uchun xizmat qilish maqsadi qiziqtirar edi. Bundan tashqari ulug‘ shoir ko‘plab shogirdlarni voyaga yetkazdi, mashhur rassom Kamoliddin Behzod va hattot Sulton Alilar ham aynan uning qo‘l ostida ta’lim olganlar. Navoiyning yuqori mansab egasi bo‘lganidan xabardorsiz, albatta. U olim, san’atkor, yozuvchilardan o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini to‘g‘ri ishlatishni talab qilardi. U ijodiy ishga shoshma-shosharlik, pala-partishlik bilan qaraydigan insonlar sirasidan emasdi, bu kabi insonlarni yoqtirmas, shu sababli nasihatni ayamas ham edi. Bundan tashqari shogirdlari Navoiy haqida uning o‘ta marhamatli va talabchan ustoz bo‘lganini yozib ketganlar, Navoiyga hos bo‘lgan ushbu talabchanlik shoirlarni ulug‘lik darajasiga ko‘tarardi, u ustoz sifatida qo‘l ostidagi ijodkorlarning hafsala va sabr bilan ish ko‘rishlarining tarafdori bo‘lgan. Buni mana bu holat orqali ham tushunib olasiz.
"Osafiy degan shoir o‘z ijodiy mahoratini oshirishga aksariyat holatlarda yalqovlik qilar, ishlariga beparvolik bilan qarardi. Navoiy esa ushbu kamchiliklarni tanqid qilib, uni yaxshilikka undab turardi, albatta. Bir kuni Osafiy Navoiyning yoniga kelib, shunday dedi:
- Ustoz, men endi siz aytgandek ijodga qattiq kirishdim. Mana masalan kecha bozordan ikki pulga sham olib, kechqurun ishga o‘tirdim va shu sham tugaguniga qadar ikki yuz misra she’r bitdim.
Osafiyning bu gapi Navoiyga yoqmadi, chunki Osafiy shoshma-shosharlik bilan tuzsiz va kuchsiz g‘azallar yozib kelgan edi. Ranjigan Navoiy shoirga qarab "Demak siz yozgan misralarning bahosi bir pul ekan-da!" deya tanbeh berib qo‘ydi.
Navoiy vazirlik vaqtida ham halqning ta’lim olishiga katta diqqat qaratar edi. Uning qo‘llab-quvvatlashi sababli do‘sti Sulton Xusayn Boyqaro ham ilm-fan uchun davlat g‘aznasidan kattagina pul ajratib bergan ekan.
Hazrati Alisher Navoiy ijodi turkiy adabiyotining eng yuksak cho’qqisidir. Chunki hech kim unga qadar bu tilda bunchalik ,,ko’p va ho’p“ (Bobur) yozmagan edi. Aytish mumkinki, undan keyin salkam olti yuz yil ichida ham hech kim u kabi ko’p va yaxshi yozolgani yo’q. Navoiy barcha turkiy xalqlarning eng buyuk shoiridir. U o’zini ,,Xitodin to Xuroson“ gacha yoyilgan turkiy “qavm” larning shoiri, deb bildi. Ularni bir adabiy til bayrog’i ostida birlashtirdi – “yakqalam” qildi. Buyuk shoir Xurosonda, uning poytaxti Hirotda yashab ijod qildi. Navoiy yashagan davrda Xuroson va Mavorounnahr bir mamlakat bo’lib, taxt egasi ixtiyorida kelganligi va aholisining asosiy nufuzini turk xalqlari tashkil etkanligi ma’lum. Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy asarlarining “Andijon shevasi bila rost”ligini aytadi.
Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning o’g’li Shohruh Mirzo hukmronligi davrida Hirotda tug’ildi. Zamondoshlari uning haqida “Nizomiddin Mir Alisher” deb yozadilar. “Nizomiddin” – din-diyonat nizomi degani bo’lib, donishmand mansab egalariga beriladigan sifat, “Mir” – Amir demakdir. Uning otasi G’iyosiddin Muhammad Temuriylar saroyining amaldorlaridan edi. Uning onasi amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi bo’lgan, ismi ma’lum emas. Alisherning bobosi Temurning o’g’li Umar Shayx bilan emikdosh bo’lganekan. Alisher kichiklik chog’ida saroy muhitida yashaganligi uchun alohida tarbiya va nazoratda bo’ldi. Uch-to’rt yoshligida davrning mashhur shoiri Qosim Anvorning kattalar ham tushinishi qiyin bo’lgan bir baytini yodlab hammani hayratga soldi. U bo’lajak sulton Husayn Boyqaro bilan birga o’qidi. 1447-yili Shohruh vafot etib, Hirot notinch bo’lib qoldi. Shunda Alisher va uning oilasi Iroqqa yo’l oladi. Alisherning xonadoni1451-yili Hirotga qaytadi. 1452-yili Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga o’tiradi. Alisherning otasi Sabzavorga hokim qilib tayinlanadi. 1453-yili Alisherning otasi G’iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher esa Abulqosim Bobur hizmatiga o’tadi. Avval Sabzavorda, so’ng Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do’st – Husayn va Alisher yana birga bo’ldilar. Bu yillar ham yosh Alisher uchun o’qish va bilm yillari bo’ldi. U yetti- sakkiz yoshida she’r yozgani ma’lum. Bu she’rlar shoirning aytishicha, “turk alfozi bila” bitilgan. U forscha she’rlar ham yozdi. Turkiy sh’rlariga “Navoiy”, forschasiga “Foniy” taxallusini egallaydi. “Navo”ning bir ma’nosi – kuy, ohang, yana bir ma’nosi – bahr.
Dard, g’amni ham “Navo” deganlar. “Foniy“ esa o’tib ketuvchi, yo’q bo’luvchi, vaqtincha degani. Navoiy o’n besh yoshlarida o’z sherlari bilan zamonasining mashhur shoirlari diqqatini tortdi. Xondamirning yozishicha, she’rlari bilan endigina tanilib kela boshlagan Alisher o’z davrining dongdor shoiri mavlono Lutfiy huzurida o’zining: "Orazin yobqoch, ko’zindin sochilur harlahza yosh, Bo’ylakim paydo bo’lur yulduz nihon bo’lg’och quyosh" matla’si bilan boshlanadigan g’azalini o’qiydi. She’rdan hayratga tushgan keksa shoir shunday deydi: “Valloh, agar muyassar bo’lsa edi, o’zimning forsiy va turkiy tillarda aytgan o’n-o’n ikki ming baytimni shu g’azalga almashardim va buni o’zimning yutug’im deb hisoblar edim”. Bu turkiy she’riyat buyuk iste’dod kirib kelayotgannidan nishona edi.
1457-yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etdi. Hokimyat tepasiga Abusaid Mirzo keldi. Husayn Bayqaro taxt uchun kurashga sho’ng’ib ketdi. Navoiy esa, Mashhad madrasalarida o’qishini davom ettirdi. Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Biroq poytaxtda uni nohushliklar kutar edi. Abusaid Mirzo u bilan taxt tashlayotgan Husayn Boyqaroning yaqin kishilarini ta’qib va tazyiq ostiga olgan, jumladan, Alisherning tog’alari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali G’aribiylarni oldinma-keyin qatl ettirgan edi. Alisherning ota mulki musodara qilingan, hatto yashab turgani boshpana ham qolmagan edi. U jonajon shaxri Hirotda uzoq qololmadi.
Holbuki, yosh shoirning ijodi avj pallaga kirgan, Jomiydek alloma bilan yaqindan tanishib, saboqlar olgan, mehrini qazongan edi. Navoiy “Nuran maxdum” deb e’zozlagan bu mashhur shoir va olim o’zini siyosatdan uzoq tutar, hatto shahar tashqarisidagi Sa’diddin Koshg’ariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy qilib o’sha yerda yashar edi. Vatan va do’stlarni tashlab ketish og’ir. Xayrlashmay ketish undan-da og’ir. Shoir ulug’ do’stiga ketish sabablarini tushuntirmoqchi. Xat shu munosabat bilan yozilgan. Inson so’zi bilan ulug’dir, “falak jisminig joni” – so’z, ayniqsa “nazm”, – deydi shoir. Va o’zida she’r yozishga juda katta kuch-qudrat sezayotganini aytadi. Nizomiy Ganjaviyning 30 yil sarflab maydonga keltirgan “Xamsa”si uning uchun 2-3 yillik ishdir. Faqat unga imkon kerak. Yurt notinch, odamlarda vafo yo’q. Hatto, tasalli beruvchi kishi ham yo’q. Ketaman, desang etagingdan tutadigan umr yo’ldoshing, ketsang, ayriliqdan eziladigan do’sting bo’lmasa. Bu maktubdan ma’lumki, Navoiy 24-25 yoshlaridayoq “Xamsa” yaratishga har jihatdan tayyor ekanini bilgan.
O’zining ijodiy kuchiga ishonchi katta bo’lgan. Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Shoir Samarqandda dastlab moddiy qiyinchilikda hayot kechiradi. Keyinroq, unga shahar hokimi Ahmad Hojibek homiylik ko’rsatadi. Samarqand shoirining hayotida o’chmas iz qoldirdi. Zamon bo’ronlari har qancha to’zitmasin, shaharda olim-u fozillar hali ham ko’p edi. 1465–1466-yillarda muhlislari uning she’rlarini to’plab, o’zlari “Devon” tuzdilar. Bu kitob bugun “Ilk devon” nomi bilan mashhurdir.
Alisher Navoiy 1469– 1472-yillarda muhrdor, 1472–1476- yillarda vazir bo’lib xizmat qildi. 1487– 1488-yillarda Astrobodda hokimlik qildi. Husayn Bayqoro uni o’ziga g’oyat yaqin turar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini nihoyatda qadrlar edi. To’g’ri, Boyqaro va Navoiy o’rtasiga sovuqlik tushgan paytlar ham bo’ladi. Lekin o’z davrining bu ikki buyuk arbobning do’stligi va hamkorligi juda ko’p sinovlardan muvaffaqiyat bilan o’tib, avlodlarga o’rnak bo’lib qoldi. Navoiy 1476-yilda vazirlikdan bo’shagandan so’ng ham obodonlik ishlariga rahnomolik qilaverdi. Podshohning eng yaqin kishisi sifatida unga barcha ishlariga yordam berib turdi. Navoiy ilm va san’st ahlining homiysi, madatkori edi. Zahiriddin Muhammad Bobur yozadi: “Ahli fazl va ahli hunarg’a Alisherbekcha murabbiy va muqavviy (madadkor) ma’lum emaskim, hargiz paydo bo’lmish bo’lg’ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayx Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad (mashhur) edilar, bekning tarbiyat va taqviyat (madad)i bilan muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa’y (g’ayrat) va imom (himmat)i bilan mundoq mashhur va ma’ruf (ma’lum) bo’ldilar…”
Alisher Navoiy she’rni, shoirlikni hamma narsadan baland tutdi. Vazirlik martabasida turib ham she’r yozishni to’xtatmadi. Ulug’ shoirning ikki she’riy devonini muxlislari tuzgan bo’lsalar, “Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”) nomli devonini 1472–1476-yillarda sultonning amiriga ko’ra, shoirning o’zi kitob qildi. 1485– 1486-yillarda ikkinchi devon “Navodir un-nihoya” (“Nihoyasiz nodirliklar”) maydonga keldi. Navoiyning eng katta orzusi yirik dostonlar yozish, birinchi navbatda, XII asrning buyuk shoiri Nizomiy Ganjaviy (1141–1209)dan keyin shoirlik qudratining mezoniga aylanib qolgan “Xamsa” yaratish edi.
Navoiy “Xamsa” yozish niyati to’g’risida ustozi Abdurahmon Jomiy bilan maslahatlashganda, u Navoiyni bu ishga tezlikda kiritishga undaydi. Shoir ustozidan oq fotiha olib, og’ir, mashaqqatli ishga kirishadi. Nizomiy bilan bellanishish – uning panjasiga panja urish (“Xamsa”siga “Xamsa” bilan javob qilish) maqsadida maydonga kirish ulkan jasorat talab qilardi. She'rga yuzma-yuz bo’lish uchun sher bo’lmaganda ham yo’lbars bo’lmoq lozim edi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.
Kerak sher oldida ham sheri jangi,
Agar sher o’lmasa,bori palangi.
Navoiy besh dostonni ikki yilda yozib tamomlaydi. “Xamsa” yaratishga 1483-yilda kirishgan shoir 1485-yil boshida uni tugatadi. Agar shoir ishlagan kunlarigina hisobga olinsa 54 ming misralik ulkan asar olti oyda bitkazilganligi ma'lum bo’ladi. Shu tariqa, tukiy tildagi birinchi “Xamsa” yaratildi.
Husayn Boyqaro Navoiy tomonidan bir vaqtlar Sayyit Hasan Ardasherga yozilgan she’riy maktubdagi gaplarini shunchaki bir “xomayi gazof ” (shoirona gap) deb o’ylagan edi. Shoir sultonga “Xamsa”ni taqdim etganida, u g’oyat qattiq hayajonga tushadi. Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye” asarida yozilishicha: “Shoh Navoiyga: Bir mojaro Siz bilan bizning oramizda ko’pdan hal bo’lmay keladi, shuni bugun bir yoqlik qilaylik, deydi. Bu mojaro shundan iborat ediki, Sulton Husayn Alisherning muridi bo’lishni orzu qilar va uni “pirim”deb atardi. Alisher esa har gal: “Yo Alloh, yo Alloh, bu qanday gap bo’ldi! Aslida, biz muridmiz, siz hammamizga pirsiz” – der edi. Endi Sulton Husayn Alisherdan so’radi: “Pir nima-yu, murid nima?” Shunda Alisher javob berdi: “Pirning tilagi – muridning tilagi bo’lishi kerak”. Sulton Husayn o’zining oq otini olib kelishni buyurdi. Ot juda asov, chopag’on edi. Sulton Husayn aytdi: “Siz murid, men pir bo’lsam, siz shu otga minasiz, men uni yetaklayman”. Alisher otga minadi. Ot g’oyat asov bo’lib, shohdan o’zgani yaqinlashtirmas edi. Alisher oyog’ini uzangiga qo’yishi bilan ot tipirchilay boshladi. Sulton Husayn otiga o’shqirdi, ot itoat qilib, Alisherning minishini kutdi. Alisher egarga o’tirishi bilan Husayn otning jilovidan ushlab, yetaklay boshladi. Alisher hushdan ketdi. Uni egardan ko’tarib oldilar.” Tarixda bunday hol ko’rilmagan edi.
1989-yilda Navoiyga Hirotga qaytgach, Astrobod hokimi qilib Badiuzzamon tayinlangan edi. Bu orada Balxda Darveshali qo’zg’oloni boshlanadi. Husayn Boyqaro Navoiyni olib, Balxga jo’naydi. Darveshali bilan sulh tuziladi, lekin Hisorda Abusaidning o’g’li Sulton Mahmud Husayn Boyqaroga qarshi kurash boshlaydi. Shoh Navoiyni Balxda qoldirib, o’g’li Badiuzzamonni olib, Hisorga otlanadi. U bilan ham murosaga kelishib, orqaga qaytadi va Balxni Badiuzzamon tasarrufiga beradi.
Badiuzzamon o’n uch yoshli o’g’li Mo’min Mirzoni Astrobodda qoldirib, Balxga keladi. Xadichabegim Nizomulmulk bilan birgalikda Astrobodga Muzaffar Mirzoni hokim qilib tayinlashga erishadilar. Xadichabegim shohning mastlik chog’ida unga imzo qo’ydirib, tezlikda farmonni ijro ettirib yuboradi. Shoh hushiga kelib, yangi farmon jo’natganida jallod Mo’min Mirzoning boshini kesib ulgurgan edi. Bu voqea 1497 -yilning sentabrida yuz bergan edi. 1500-yil dekabrning oxirida Husayn Bayqaro Astrobod yurishidan qaytar edi. An’anaga ko’ra, saroyning barcha e’tiborli kishilari shohni kutib olishga yo’lga chiqadilar. Ular orasida Alisher Navoiy ham bor edi. Sog’lig’i yomonlashganiga qaramay, shoir safardan qaytgan sulton huzuriga yetib keldi va hamrohlari yordamida uning ko’ksiga bosh qo’yib, hushidan ketadi. Shu ahvolda yarim tunda uni uyga olib ketadilar.
Ertasiga mashhur tabiblar maslahatga to’planib, qon olmoqqa qaror berardilar. Ammo buni foydasi bo’lmaydi. Uch kun hushsiz yotgan Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etadi.
Alisher Navoiy ijodidan
Qaro ko‘zum,kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.
Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.
Takovaringg‘abag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.
Firoq tog‘ida topilsa tufrog‘im, ey charx,
Xamir etib yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.
Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.
Xazon sipohiga, ey bog‘bon, emas mone’
Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.
Yuzida terni ko‘rub o‘lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg‘il.
Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshog‘lig‘ o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.
* * *
Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.
Qut bir bodomu yerim go‘shan mehrob edi,
G‘orati din etti nogah bir baloliq ko‘zu qosh.
Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog‘ki aylar mehr fosh.
Bo‘sae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og‘zi ichra aytur la’l ham bor nav’ tosh.
Novaking ko‘nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko‘nglum bila jonim talosh.
Umri jovidistasang fard o‘lki, bo‘ston Xizridur,
Sarvkim da’b ayladi ozodaliq birla maosh.
Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo‘ygusidir barcha bosh.
O‘n sakkizming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur.
Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor,
O‘n sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.
O‘n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, ko‘zu qoshinadur.
Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sun`i naqqoshinadur.
Tan anga siymu ichina tosh muzmar ko‘nglidin,
Aqlg‘a yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.
May ketur, ey mug‘ki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.
To Navoiy to‘kti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.
* * *
Ko‘rgali husnungni zoru mubtalo bo‘ldum sanga,
Ne balolig‘ kun edikim, oshno bo‘ldum sanga.
Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo‘ldum sanga.
Men qachon dedim:«Vafo qilg‘il manga» zulm aylading,
Sen qachon deding: «Fido bo‘lg‘il manga» bo‘ldim sanga.
Qay paripaykarga dersen telba bo‘ldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, bo‘ldum sanga.
Ey ko‘ngul, tarki nasihat aylading ovora bo‘l,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo‘ldum sanga.
Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo‘ldum sanga.
G‘ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo bo‘ldum sanga.
* * * *
Lablaring kimhayf erur teng tutmoq oni qand ila,
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila.
Toki hayronmen senga nomus ila itmish ko‘ngul,
Telba yanglig‘kim, qochar el g‘ofil o‘lg‘ach band ila.
Odam ul soatki jannat ichra avlodin ko‘rar,
Ne quvong‘ay dam-badam sen nozanin farzand ila.
Qo‘y nasihat, zohido, o‘tlug‘ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yo‘qturkim, sog‘alg‘ay pand ila.
Hojatingni elga arz etmakka hojat bo‘lmasun,
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila.
Lablaring hajrinda yur parkandkim bo‘lmish ko‘ngul,
La’l erur mahlul qon o‘rnig‘a har parkand ila.
Chun Navoiy ko‘ngli sindi, emdi lutfing ne asig‘?
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.
Oshiqo‘ldum, bilmadim yor o‘zgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.
Qaddig‘a elmayli bo‘lg‘ondin ko‘ngul ozurdadur,
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.
Elga nova kurdi, men o‘ldim erur bu turfakim,
Jonim etgan resh el bag‘rig‘a kirgan xor emish.
Rishtakim, muhlik yaram og‘zig‘a tiktim angladim,
Kim kafan jinsi qirog‘idin suvurgan tor emish.
Ko‘yi devoridin og‘riq tang‘a tushgan soyadek,
Sel g‘amidin emdi soya o‘rnig‘a dildor emish.
Jong‘a taxvif ayladim tig‘i halokidin aning,
Bilmadim bu ishdin ul o‘lguncha minnatdor emish.
Ey Navoiy, xo‘blarni ko‘rma osonlig‘ bilan,
Kim biravkim soldi ko‘z, uzmak ko‘ngul dushvor emish.
Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga kim jonim fido aylab sog‘indim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yo‘qturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yo‘qtur sog‘inib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida vah g‘aflat ko‘rung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni ko‘ngul ko‘z birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorug‘luq topmadim,
Dayr piri xizmatig‘a ko‘yi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu g‘ussadin,
O‘zni bekaslik balosig‘a giriftor istadim.
* * * *
Meni menistagan o‘z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas.
Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.
Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimg‘a,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu no‘shxand etmas.
Kerakmas oyila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.
Kerak o‘z chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzug‘ ko‘nglumdin o‘zga yerga javloni samand etmas.
Ko‘ngul uzcharx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin o‘zga bo‘ynungg‘a kamand etmas.
Ul oy o‘tlug‘ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb ko‘z,
Muhabbat tuxmidin o‘zga ul o‘t uzra sipand etmas.
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu chektim yo‘lida intizor,
Keldi jon og‘zimg‘avu ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.
Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Ro‘zgorimdek ham o‘lg‘onda qorong‘u kelmadi.
Ul parivash hajridinkim yig‘ladim devonavor,
Kimsa bormukim anga ko‘rganda kulgu kelmadi.
Ko‘zlarindin necha suv kelgay deb o‘lturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas, yo‘qsakim qo‘ydi qadam,
Yo‘lg‘akim avval qadam ma’shuqa o‘tro‘ kelmadi.
Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi.
RUBOIYLAR
G’urbatda g’arib shodmon bo’lmas emish,
El anga shafiq-u mehribon bo’lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulga tikondek oshyon bo’lmas emish.
* * *
Zohid, senga – hur, manga – jonona kerak,
Jannat – sega bo’lsun, manga – mayxona kerak.
Mayxona aro soqiy-u paymona kerak,
Paymona necha bo’lsa to’la, yona kerak.
TUYUQLAR
Yo rab, ul shaxd-u shakar yo labdurur,
Yo magar shaxd-u shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali,
G’amza o’qin qoshig’a yolabdurur.
* * *
Yo qoshingdin necha bir o’q ko’z tutay,
Otki, o’trusig’a oning ko’ztutay.
Necha ko’rgach o’zga mahvashlar qoshin,
Yangi oy ko’rgan kishidek ko’z tutay.
Сообщения из Facebook