просмотров
Topshiriqda dastlab bombani Kokura shahriga tashlanishiga ko‘rsatma berilgan edi, ammo qalin bulutlar tufayli uchuvchi samolyotni zahiradagi nishon - Nagasakiga burgan.
O‘zining butun umri davomida Suini Yaponiyani atom bombardimon qilinishi zarur bo‘lganligini ashaddiy tarzda himoyalab kolledjlar va universitetlarning talabalariga ma’ruza qilgan.
Marion Antonuchchi (Marion Antonucci) bilan hamkorlikda “Urushning tugashi: Amerikaning oxirgi yadroviy missiyasi to‘g‘risidagi guvohning hikoyasi” nomi bilan hotiralar kitobini chiqargan. (War’s End: An Eyewitness Account of America’s Last Atomic Mission)
1976- yilda iste’foga chiqqan. 2004-yil 16-iyul kuni 84 yoshida Boston kasalxonasida vafot etgan.
Tsutomu Yamaguti
Tsutomu Yamaguti (yaponcha 山口 彊 Yamaguti Tsutomu) — Xirosima va Nagasaki shaharlarida ikkala atom bombardimonidan keyin ham tirik qolgan oz miqdordagi odamlardan biri.
Kemasozlik zavodida ishlagan,1945- yilning 6 avgustida Xirosimada hizmat safarida bo‘lgan. U portlash paytida portlash episentridan uch kilometr uzoqlikda bo‘lgan va o‘ta kuchli kuyuklar olgan. Yamaguti Tsutomu boshqa odamlar kabi vahimaga tushib poyezdda Nagasakidagi uyiga ketgan, ammo uch kuni o‘tgandan so‘ng u yerga ham yadroviy zarba berilgan. U portlashlar amalga oshirilgan paytda Xirosimada ham, Nagasakida ham bo‘lganligi rasmiy jihatdan tasdiqlangan yagona shaxs bo‘lgan.
Sutomu Yamaguti 1945- yil 9 avgustida Nagasaki bombardimon qilinishidan keyin xibakusyalar (tirik qolgan qurbonlar) qatoriga kiitilgan, 2009- yilning 24-mart kuni esa Yaponiya hukumati u birinchi atom bombardimon qilinishi paytida Xirosimada bo‘lganini rasmiy tasdiqlagan. 2009-yilda Yamaguti oshqozon saratonidan o‘layotgani to‘g‘risida xabar topgan. U 2010-yil 4-yanvar kuni Nagasakida 93 yoshida vafot etgan.
Xirosimadagi Ayoi ko‘prigida qolgan soyalar
Xirosima soyalari — yadroviy portlash natijasida vujudga kelgan effekt; nurlanishga inson yoki hayvon tanasi yoki boshqa bir jism halaqit qilgan joylarda kuygan zamindagi siluet shaklida namoyon bo‘ladi. Bu effekt ilk bor paydo bo‘lgan joy - 1945- yil 6- avgust kuni bombardimon qilingan Yaponiyadagi Xirosima shahrining nomidan kelib chiqqan holda nomlangan.
Xirosimada ydroviy portlashning episentri Ayoi ko‘prigiga to‘g‘ri kelgan, shuning uchun ham ko‘prikda to‘qqiz kishining soyasi qolgan
Bu hodisa oddiy soyaning vujudga kelishi bilan bir hil: nurlanish yo‘nalishida biror jism bo‘lib qolsauning orqasidagi hududni nurlanishdan to‘sib qoladi. Atom portlashida nurlanishning kuchi shu darajada balandki, ko‘pchilik yuzalar o‘z tusini hamda xossalarini o‘zgartirib yuboradi. Maslan, asfalt qoplamasi o‘ta qorayib ketadi, sayqallangan granit g‘adir-g‘udir bo‘lib qoladi, bo‘yalgan yuza esa mutlaq kuyib ketadi. Xirosimada yorug‘lik bilan nurlanish radiusida himoyalanmagan odamlar, ko‘mirga aylanib ketish darajasida kuyib, keyin zarba to‘lqin bilan uchirib yuborilgan. Ularning o‘rnida esa kuymagan joyda “soyalar” qolgan. Xirosimada portlashning episentri Ayoi ko‘prigiga to‘g‘ri kelgan, shuning uchun ham ko‘prikda to‘qqiz kishining soyasi qolgan.
Sadako Sasaki
Men sizlarning qanotlaringizga tinchlik so'zini yozaman va sizlar dunyo uzra uchasizlar.
Sadako Sasaki
Sadako Sasaki armoni va 1000 dona qog'oz turnachalar
Sadako Sasaki (yaponcha: 佐々木 禎子 Sasaki Sadako, Xirosimada yashagan yapon qizchasi.
1945- yilning 6-avgustida Xirosimaning atom bombardimon qilinishi paytida atigi 2,5 yoshda bo‘lgan Sadako portlash markazidan bir yarim kilometr uzoqlikda joylashgan o‘z uyida bo‘lgan. U oradan 10 yil o‘tib, tahminlarcha, radiasion nurlanishning oqibati bo‘lgan leykemiya kasalligidan vafot etgan.
“Kichkintoy” atom bombasining detonasiyasi paytidazarbali to‘lqin Sadakoni oynadan tashqariga uloqtirib yuborgan, biroq qizcha tirik qolgan. 1954-yilning noyabr oyida uning badanida - bo‘ynida va quloqlarining orqasida birinchi shishlar paydo bo‘lgan.
1955-yilning yanvar oyida shishlar oyoqlarda ham vujudga kelgan, 21-fevral kuni esa qizcha leykemiya diagnozi bilan kasalxonaga joylashtirilgan. Shifokorlarning fikricha qizchaning tahminan 1 yillik umri qolgan ekan.
3-avgust kuni Sadako o‘zining eng yaqin dugonasi Tidzuko Xamamotodan bir afsonani eshitgan. O‘sha afsonaga ko‘ra ming nafar qog‘oz turnachalarini yasagan odam o‘zining istagini bildirsa, uning istagi albatta ro‘yobga chiqar emish. Afsona Sadakoga kuchli ta’sir qilgan, va u, kasalxonaning boshqa ko‘pchilik pasiyentlari kabi qo‘liga kirganki qog‘oz qiyqimlaridan turnachalar yasay boshlagan.
Shu bilan birga, Sadakoning salomatligi asta sekin yomonlashib borgan va 1955-yilning 25- oktyabr kuni u vafot etgan. “Sadako va uning mingta qog‘oz turnachalari” kitobida yozilishi bo‘yicha u atigi 644 ta turnacha yasashga ulgurgan ekan. Uning do‘stlari Sadako boshlagan ishni tugatgan va u ming dona qog‘ozli turnachalarbilan birga dafn qilingan. Xirosima shahridagi Tinchlik memorial muzeyidagi Sadakoga bag‘ishlangan ko‘rgazmada qizcha mingdan ortiq qog‘oz turnachalarini yasashga ulgurganligi to‘g‘risida ma’lumot keltirilgan.
Sadako Sasakiga qo'yilgan yodgorlik
“Tinch uxlanglar, bu boshqa qaytarilmaydi!”
Xirosima va Nagasaki yadroviy bombardimon qurbonlariga ramziy qabr toshida quyidagi iyerogliflar o‘yib yozib qo'uilgan: “Tinch uxlanglar, bu boshqa qaytarilmaydi!”
Nima ham deyish mumkin, bunga butun dunyoning odamlari umid qilib yashaydi. Biroq ommaviy qirg‘in qurollarning yangidan yangi ko‘rinishlari paydo bo‘lib kelyapti. Afsuski, Xirosima va Nagasakining dahshatli tajribasi insoniyat uchun to‘laligicha dars bo‘la olmadi. Kim biladi, balki 1955- yilda Albert Eynshteyn butun insoniyatni chaqirgan yangicha fikrlashga, insoniyat taqdirlarining umumiyligi, mamlakatlar va xalqlarning uzviy bog‘liqligi, yadroviy qurolsizlanish va xalqaro keskinlikni yumshatish, Yer deb atalmish ona-sayyoramizda birgalikda tinch-totuv yashashning zarurligi va muqarrarligini tamomila tushunib yetish uchun o‘ta azobli va qiyin yo‘lni bosib o‘tish kerakdir. Nima bo‘lganida ham, bugungi kunda dunyo hamjamiyati alohida obro‘-e’tibor bilan tilga olib kelayotgan Vatanimiz - O‘zbekiston bu masalada dunyo mamlakatlarining aksariyatiga o‘rnak bo‘lishi mumkin! Jannatmakon o‘lkamizda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayotimizga ko‘z tegmasin!
Сообщения из Facebook