Serhosiyat va shifobaxsh zardob

Sut,qatiq va zardobning shifoligini dastlab mashhur yunon shifokori Gippokrat aniqlagan. Quyida Gippokrat bilan bogʻliq bir rivoyat bor. Qadim yunon elida bir yigit buyrak kasaliga mubtalo boʻlib qoladi, uni hech kim davolay olmaydi. Soʻng bemor hakim Gippokratga murojaat qiladi. Oʻsha davrda buyrak kasalliklarini davolaydigan har xil dorilar va giyohlar bor edi, bularning kuchi shu kasalni tuzatolmasligiga ishonib, Gippokrat kunda uch mahal biya sutidan ivitilgan qatiqning zardobidan ichishni tavsiya qiladi. 10 kunda kelib,koʻrinib turishni tayinlaydi va bir necha oyda yigit tuzalib ketadi. Tabobat ilmining bobokaloni Abu Ali ibn Sino nomi bilan bogʻliq bir rivoyat ham mavjud. Bir bemor alloma oldiga kelib, sillasi quriyotganini, koʻp chanqayotganini aytadi. Tabib bemorning tomirini koʻradi va sopol likopchaga solingan peshobini oftobga qoʻyadi. Peshob bugʻlanib ketgach, likopchaga arilar qoʻna boshlaydi, borib qarasa, mayda kristallar hosil boʻlganini koʻradi. Shunda tabib: «Sen qada kasaliga mubtalo boʻlibsan» deb tashxis qoʻyadi. Ibn Sino muolajani bunday belgilagan ekan: echki, qoʻy, sigir sutlaridan qatiq ivitib, zardobini ajratasan, zardobni bir qaynatib olib sovitasan va koʻzaga quyib, yerga koʻmasan yoki salqin joyda saqlaysan, har kuni shundan koʻngil tilaguncha ichib yurasan. Ajabo, bir hafta ichida bemor oʻzini tetik sezadigan boʻlibdi.

Sobiq ittifoq tibbiyot akdemiyasining bir guruh olimlari tomonidan nashr etilgan «Sutli taomlar» kitobida sut, qatiq, va zardobning kimyoviy tarkibi tahlil qilingan. Zardob – qatiq (ayrondan) suzma tayyorlashda ajralib chiqqan sel (sariq suv). Zardobda sut tarkibidagi maʼdanli tuzlar, javharlar hamda mikroelementlar mavjudligi koʻrsatiladi. Chunonchi, maʼdanli modda tuzlaridan kaltsiy, kaliy, magniy, natriy va temir tuzlari uchraydi. Javharlardan limon, tuz va fosfor kislotalari, mikroelementlardan esa yod, kobalt, mis, marganets va boshqalar bor. Suzmada qatiqdagi oqsil, yogʻ qoladi, zardobga esa suv, sut qandi hamda vitaminlarning koʻp qismi oʻtadi. Zardob qaynatilib, soʻng sovitilib ichiladi. Xalq tabobatida zardob koʻp xastaliklarni davolashda qoʻllaniladi (jigar, buyrak, istisqo, gipertoniya, boʻgʻin ogʻriqlari va boshqalar). Binobarin, bunday serxosiyat neʼmatni sira ham toʻkib tashlamaslik kerak.

Soʻyilgan hayvonning ichak-chavogʻidan taom tayyorlanganda qoʻllansa hidni ketkazish uchun zardob bilan yuviladi.
Zardobdan tayyorlangan qurut qon bosimini pasaytiradi, ishtahani ochadi, safroni yaxshi haydaydi, chanqoqni qondiradi, tumov, yoʻtalni davolaydi, uni suvda ivitib boshga surtilsa, soch toʻkilishining oldini oladi.

Zardob suv oʻrnida ishlatilib, xamir qoriladi va non yopiladi. Xamirturushsiz zardobli xamirdan shifobaxsh chuchvara, manti jildi hamda ugra tayyorlanadi.
Guruch iliq suvda yuvilgach, 5-6 soat ivitib qoʻyiladi, soʻngra mantiqasqon lappagiga doka yoyiladi va ustiga guruch solinib, to yumshaguncha bugʻlab pishiriladi. Zardob qozonga quyilib, piyoz va sabzi solinadi hamda yogʻlik goʻshtdan dumalatilgan qiyma solib qaynatiladi, pishgach, haligi guruch qoʻshiladi. Qadimiy mastava ana shu tarzda tayyorlanadi.

Zardobning har bir litriga bir osh qoshiq hisobida asal aralashtirilib qaynatiladi, sovitib, shishalarga quyilib, sovitgichda saqlanadi hamda yaxna ichimlik sifatida yozda ichiladi.
Jigʻildon qaynasa, uch hoʻplam zardob ichiladi, bu jigʻildon qaynashini darhol qoldiradi. Yangi goʻsht qaynatilib sovitilgan zardobga botirib qoʻyilsa, bir necha kungacha aynimaydi va taʼmi yanada yaxshilanadi.

2 litr zardobga 0,5 kilo qoʻy goʻshti, 1 bosh piyoz va 2 dona sholgʻom solinib pishirilgan qaynatma shoʻrva koni foyda.
Yarim litr zardobga 1 osh qoshiq sariyogʻ, bir oz murch solib, qaynating va qattiq non botirib yesangiz shamollaganda yaxshi terlatadi, oʻranib yotsangiz, bu yaxshi shifo.
Zardob achib qolgan boʻlsa, uni ilitib, sochlarni va yuzlarni yuvsangiz ijobiy foyda olasiz.

Qandli diabetni davolash davrida bemor ichadigan asosiy suyuqlik qatiq zardobi boʻlmasligi kerak.
Sut qaynayotganda (2 litr) 2 osh qoshigʻida qatiq qoʻshib yuborsangiz, oqsil ivib ajraladi, uni suzib olib, tvorog tayyorlang, zardobini esa qand kasali bor odamlar ichsin. Shu maqsadda qatiq zardobini qaynatib ichsa ham boʻlaveradi.

Sut fermalarida va zavodlarda tvorog tayyorlaganda koʻp zardob toʻplanadi. Shundan 40-50 litrini olib, qaynatib, bankaga quyib yotilsa, bel va boʻgʻimlarning ogʻrigʻiga shifo boʻladi hamda kishi oʻzini gʻoyat bardam his qiladi.
Sharqning ulugʻ allomalari falaj, shol dardini davolashda 3 kun hech narsa yemay, ichmay faqat har kuni kechga borib, 1 litr qatiq zardobini birdan ichib, ichni yuvib, tozalash lozimligini tavsiya qilganlar.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



