Yulduzlar hayoti: Nik Jonas va Priyanka Chopraning hashamatli uyiga sayohat

Uyning umumiy maydoni 1858 kvadrat metrga teng boʻlib, narxi 20 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu haqida The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Zamonaviy uslubda qurilgan ikki qavatli uyda mehmonxona, 7 ta yotoqxona, 11 ta vannaxona, oshxona, 12 kishi uchunmoʻljallangan taomlanish xonasi, trenajyor zali, shuningdek 12 ta avtomobil uchun moʻljallangan yer osti garaji mavjud.

Uy interyeri yorqin ranglarda yaratilgan boʻlib, ayrim qismlarda yogʻoch va marmardan ishlangan elementlar koʻzga tashlanadi. Xonalarning barchasi keng oynalar bilan jihozlangan, ularSan-Fernando vodiysini qurshab turgan betakror togʻlarni koʻrish uchun imkon beradi.

Uy katta bazmlar va turli marosimlarni oʻtkazish uchun ham mos keladi. Xonadonga tashrif buyurgan mehmonlarni bouling xonasi, bar, uy kinoteatri, bilyard xonasi va basketbol maydoni ham hayratda qoldiradi.


124,4 sotix maydonni egallagan uyda katta basseyn ham boʻlib, uning yonginasida taomlanish uchun maxsus joy ham bor. Bu yerga butun oila aʼzolarini sigʻdirish mumkin. Qorovullar xonasi, kuzatuv kameralari boʻlimi va yirik panjaralar esa uy egalarining xavfsizligini toʻliq taʼminlay oladi.


Aytish kerakki, ushbu hududda koʻplab sport va kino yulduzlari yashaydilar. Misol uchun, Priyanka va Nikka tegishli boʻlgan ushbu uydan 5 kilometr uzoqlikda xonanda Jo Jonas va uning rafiqasi,"Taxtlar oʻyini" seriali yulduzi Sofi Terner istiqomat qiladi.
Zamonaviy uy interyeri sizga ham maʼqul boʻldimi?


Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



