Oshxona

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

Aslini olganda, jazirama yoz issigʻida konditsionerlarsiz bemalol yashash mumkin (axir bizning ota-bobolarimiz ularsiz yashashgan-ku). Quyida siz uyda, ishda va avtomobilda jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkinligi haqida maslahatlarimiz bilan tanishishingiz mumkin.

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

1.Derazalarga parda va jalyuzilarni oʻrnating. Yoz kunida uyga kirgan yorugʻlik xona haroratini 3-10 darajagacha koʻtarib yuborishi va issiqxona (parnik) effektini yaratishi mumkin.

2.Deraza oynalarini issiqlik qaytaruvchi plyonka bilan berkitib yopishtirib chiqish, kuzda esa ularni yechish mumkin. Bunday plyonkalarni pardalarning orqa tomoniga ham tikib chiqish mumkin.

3.Ventilyator sotib oling (u kondotsionerdan bir necha barobar arzonroq). Ventilyatorning tagiga yoki roʻparasiga suv solinib yaxlatilgan idishlar qoʻying. Shunday qilsangiz konditsioner effektini hosil qilasiz (sovuq havo aylana boshlaydi). Kamchiligi – koʻp elektr quvvatini sarflanadi.

4.Kunduz kunlari deraza oynalari yopiq tursin, erta tong va kechalari esa ularni ochib, yelvizaklar hosil qiling. Bu bilan siz xonalarni shamollatib, ozgina boʻlsa ham shamollatib olasiz. Kechasi ham balkon eshigini yoki xona derazasini lang ochib uxlang. 

5.Qizdiradigan lampochkalarni fluorestsent yoki svetodiodli lampochkalarga almashtiring. Bunday lampochkalar qizdiradiganlariga qaraganda 80 % kamroq issiqlik ajratadi.

6.Jazirama yoz kunida sovib olishning eng oddiy yoʻli – yaxna ichimliklar ichishdir. Biroq ichimliklarni xoʻplab-xoʻplab ichish lozim, shu yoʻlo bilan siz nafaqat tomogʻingizning ogʻrib qolishi, balki kuchli ter ajralishining ham oldini olgan boʻlasiz.

7.Agar imkoniyatingiz boʻlsa muntazam ravishda sovuq yoki iliq dush qabil qiling. Sovuq suvli dush tana haroratini pasaytirsa, iligʻi xona haroratini pastroq his qilishga sababchi boʻladi. Bundan tashqari dush terini namlab turadi, bu esa zajiramada ayniqsa muhimdir. 

8.Yozning issiq kunlarida tananing bosh va boʻyin qismiga hoʻl sochiq oʻrab olsa ham boʻladi.

9.Plita va duxovkalardan iloji boricha kamroq foydalaning. Issiq kunda ishtaha ham kamroq boʻladi, bu tabiiy reaktsiya. Yeyilganda ham yengilroq narsalar isteʼmol qilinadi. Yangi pishgan sabzavot va mevalardan yegulik tayyorlab, shuni isteʼmol qiling yoki yaxna taomlardan yeb turing.

10.Uy hayvonlaridan ibrat oling, axir ular issiq kunda kam harakat qiladilar. Siz ham kunning issiq vaqtida faolligingizni kamaytiring. Vazifalaringizni erta turib, kun isimasidan avval bajarib oling yoki kechki payt vaqt ajratib, qilib oling.

11.Agar issiqdan uxlashingiz qiyinlashsa, uyquga ketishdan ikki soat avval choyshab va yastiq jildlarni polietilen paketga solib, muzlatgichga joylashtiring. Muzlatgichdan olganingizdan keyin u yana qaytib isib ketishi mumkin, lekin endi u juda mayin boʻladi va uxlashingiz yengillashadi. Oʻrin-koʻrpa bilan yastiqlaringiz ham yengil va tabiiy matolardan tikilgan boʻlishi kerak.

12.Oʻrningiz yaqiniga sovuq suv solingan idish qoʻyib yoting. Shunda kechasi isib, chanqab ketganingizda oʻrningizdan turmagan holda chanqogʻingizni qondirib, boshingizni hoʻllab olishingiz mumkin.

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

1.Ishga otlanar ekansiz, avvalam bor mavsumga va kunga qarab kiyining. Yoz kunlari tabiiy matolardan tikilgan och rangli va kengroq turuvchi kiyimlarni kiying.

2.Agar ishxonangiz uzoqroqda boʻlsa, oʻzingiz bilan muzdek suv ovoling. Buning uchun suvli idishni muzxonaga joylab qoʻying, ertalab esa oʻzingiz bilan olib ketsangiz boʻladi. Muzlagan suv asta-sekinlik bilan eriy boshlaydi, shuning uchun siz ham uzoq vaqt davomida yaxna suv ichib turishingiz mumkin, faqat oz-ozdan, xoʻplab-xoʻplab.

3.Yoz kunlari yoningizda yelpigʻich yoki dastroʻmolcha olib yursangiz ayni muddao boʻlar edi. Roʻmolchani hoʻllab, yuz va qoʻlaringizni artib olishingiz mumkin. Yelpigʻichdan kelayotgan shamoldan esa oʻzingiz ham, yoningizdagilar ham bahra olasizlar.

4.Yoz kunida makiyaj, krem va antiperspirantlardan foydalanmaganligingiz maʼqulroq. Axir issiqdan teringiz shundoq ham qiyinalib nafas olmoqda.

5.Ish stolingizga kichkinagina akvarium qoʻyib qoʻying, ichida baliqlar boʻlishi shart emas. Idishdagi suv parlanib, havoni biroz muzlashiga yordam beradi.

6.Yoningizda doimo kichkinagina purkagich olib yuring va vaqti-vaqti bilan yuz-qoʻllaringiz hamda atrofingizga suv purkab turing.

7.Koʻk choy ichib turing, u issiqlik almashinuvini meʼyorda ushlab turadi.

8.Ofisda barglari katta boʻlgan oʻsimliklar (begoniya yoki fikus) oʻstirish maqsadga muvofiq. Ularni suv bilan sugʻorsangiz, atrofingizdagi havo ancha vaqtgacha nam boʻlib turadi.

9.Tushlik vaqtida ogʻir ovqatlar (goʻsht yoki pirojniy)dan ehtiyot boʻling, salat va mevalar bilan chegaralaning.

10.Barcha muhim topshiriqlaringizni quyosh hali qizdirmasidan oldin kunning birinchi yarmida bajarib olishga harakat qiling.

11.Ish stolingizning tagiga kichkinagina ventilyatorni qoʻyish mumkin. U oyogʻingizni biroz sovutadi, soʻngra bu sovuq butun tanangizga yoyiladi. Shovqin ham deyarli yoʻq.

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

1.Avtomobilingizni parkovkada qoldirar ekansiz, oynalarini quyosh nurlarini qaytaruvchi darpardalar bilan oʻrab chiqing. Shunda salondagi harorat 5-7 darajaga kamayadi.

2.Avtomobil uchun muzlatgich xarid qiling va unda hamisha muz boʻlaklari va suv saqlang. Muz boʻlaklari bilan yuz va boʻyinlaringizni artishingiz, sovuq suvni esa oʻzingiz bilan ishxonaga olib ketishingiz mumkin. 

3.Avtomobilingiz qanchalik toza boʻlsa, unga tushgan quyosh nurini qaytarish xususiyati shunchalik kuchli boʻladi. Mashinangizni tez-tez yuvib, yaltiratib turing.

4. Avtomobilingizning orqa oʻrindigʻiga ichiga muzlatilgan suvli plastik butilkalar solingan sumka tashlab qoʻysangiz, salon ichidagi havo bir muncha salqinroq boʻladi.

5.Avtomobilingiz salonida igna bargli daraxtlarning efir yogʻini purkab turing. Nafas olayotganingizda tetiklik bahsh etib turadi.

Konditsionersiz jazirama yoz issigʻidan qanday saqlanish mumkin?

1.Yoz kunlarida yer, oʻt va uyda oyoq yalang yuring.

2.Chanqogʻingizni tarkibida koʻp suv boʻlgan yangi pishgan sabzavot va mevalar (bodring, pomidor, tarvuz) bilan qondiring. Bu sabzavot va mevalar chanqogʻingizni ketkazibgina qolmay, organizmingizni vitamin va minerallar bilan ham toʻyintiradi.

3.Salqinlovchi samara beruvchi mevalarga xurmo va banan hamda yashil va oq rangdagi meva va sabzavotlar kiradi.

4.Koʻproq vaqtingizni suv boʻyida oʻtkazishga harakat qiling. Lekin ehtiyot boʻling, qattiq issiq kunda suvga shoʻngʻish tavsiya qilinmaydi, chunki tana haroratining birdan tushib ketishi natijasida yurak tomirlarining qisilishi sodir boʻlishi mumkin.

5.Jazirama yoz kunlarida alkogolli ichimliklardan (shu jumladan pivodan ham) va qahvadan voz keching – bu ichimliklar tanani suvsizlantiradi. Limonad ham tavsiya etilmaydi, chunki uning tarkibida ortiqcha miqdorda shakar boʻlib, u qon bosimini koʻtaradi, issiq kunda esa bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

6.Issiq kunda koʻproq limon qoʻshilgan suv, mineral suv, fresh va kompotlar isteʼmol qilgan maʼqul.

7.Iloji boricha koʻchaga ertalabki soat 11 gacha yoki 17dan keyin chiqing.

8.Yoz kunida ultrabinafsha nurlanish darajasi yuqori boʻladi. Shuning uchun bosh kiyim (masalan, keng hoshiyali shlyapalarni) kiyish, quyoshdan asrovchi koʻzoynak taqish, tananing ochiq qismiga esa quyoshdan saqlovchi krem surtish tavsiya qilinadi.

9.Dush qabul qilayotganda sovun va boshqa yuvish vositalaridan foydalanmaslikka harakat qiling, ular teringizni quritib yuboradi. Dush shundoq ham badaningizdagi terni yuvib tushiradi va teringizni tozalaydi.

10.Kunduz kunlari kompyuter va boshqa elektr quvvatini saflovchi asboblardan foydalanmang. Shunda xonangizda salqinlik saqlanib qolinadi.

11.Shahar chetida har qanday issiqlikni koʻtarish oson kechadi. Agar shunday  imkoniyatingiz boʻlsa, dalaga yoki togʻ yon bagʻriga dam olishga boring.

12.Yoz jaziramasiga imkon qadar moslashavering. Axir odamlar yuz yillab konditsionerlarsiz yashashgan va hozir ham yashab kelmoqdalar. Sogʻlom turmush tarzini kechiring, yaxshi jismoniy holatni ushlab yuring, shunda har qanday ob-havoda oʻzingizni tetik his qilasiz.

●

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.

Oʻxshash maqolalar