Roʻzgʻor maktabi: Muzlatgichdagi noxush hidlarni ketkazish

Birinchidan, aynigan mahsulotlardir. Koʻpincha bu tuxum boʻlishi mumkin. Uning hidi poʻchogʻidan ham oʻtadi.
Ikkinchidan, yomon hidning sababchisi muzlatgichda toʻkilib, yaxshilab artilmay qolgan ovqat qoldiqlari boʻlishi mumkin. Yoki doʻkonlarda mahsulot qadogʻi zararlanishi va undan ham yoqimsiz hid taralishi mumkin.
Uchinchidan, uzoq vaqt davomida oʻchirib qoʻyilsa va ishlamay tursa ham muzlatgichdan yoqimsiz hid chiqishi mumkin. Chunki uzoq vaqt ishlamay turgan muzlatgichni mogʻor bosadi. U artilishi qiyin boʻlgan burchaklarga kirib oladi, shuning uchun uning tozalanishi qiyinchilik tugʻdiradi.

Muzlatgichdagi yoqimsiz hiddan qanday xalos boʻlish mumkin?
Eng oson va samarali yoʻli – yaxshilab yuvish. Qayta-qayta. Mahsulotlarni joylashdan oldin ularni yaxshilab nazoratdan oʻtkazish kerak, ayniqsa uzoq vaqt davomida saqlanayotganlariga alohida eʼtibor berish lozim.
Muzlatgichni yuvish uchun maxsus vositalar mavjud. Biroq idish- tovoqlarni yuvish uchun moʻljallangan vositalardan ham foydalanish mumkin. U suvda eritilib, artiladi, soʻngra toza suvda, oxiruda esa quruq latta bilan artiladi.
Muzlatgichni tozalashda oddiy osh sodasining kuchsiz eritmasidan ham foydalanish mumkin. U ham yaxshi natija beradi, chunki turli xil zamburugʻlarni oʻldirish xususiyatiga ega.
Uksus eritmasini ham sinab koʻrish mumkin. 1litr suvga 1 osh qoshiq uksus solinadi. Bu usullar nafaqat yoqimsiz hidni oladi, balki uning sababini ham bartaraf etadi.

Muzlatgichdan yoqimsiz hid chiqmasligi uchun nima qilish kerak?
Buning bir necha xil usullari bor. Oddiy roʻzgʻorbob usullardan tortib, maxsus zamonaviy usullargacha.
Muzlatgichga limon pallachasini, mandarin poʻchogʻini yoki javdari non boʻlaklarini qoʻyish mumkin. Maydalangan yoki yirik qahva donachalari ham oʻziga yarasha yoqimli xushboʻy is taratishi mumkin.
Osh sodasi, tuz va aktiv koʻmir tabletkasi noxush hidlarni oʻziga singdirib olish xususiyatiga ega.
Hidlarni ketkazuvchi maxsus asboblar ham mavjud. Ular noxush hidlarga sabab boʻluvchi koʻpgina bakteriyalarni oʻldirib, muzlatgichning ozodaligini taʼminlaydi.
Koʻrib turganingizdek, hidlarni bartaraf qiluvchi vositalar koʻp. Biroq ular muzlatgichingizni tozalab, undagi yaroqsiz, aynigan mahsulotlarni tashlab yubora olmaydi. Hammasi oʻzingizga bogʻliq. Yaxshi beka boʻlsangiz, muzlatgichni ozoda saqlang va undan noxush hidlar chiqishiga yoʻl qoʻymang.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



