Qiziqarli

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

U yigirma yoshli oʻspirin davrida taxtga oʻtirdi va oʻn ikki yil davomida mamlakatining chegaralarini xavfsizlantirib, uning sarhadlarini kengaytirib, saltanatni boshqarish bobida yuksak choʻqqiga erishdi. 

Makedoniyalik Iskandar eramizdan avvalgi 356 yilda tavallud topdi. Uning otasi Makedoniya shohi –Filipp II, onasi esa Epir shohining qizi – Olimpiada edi. 

Iskandarning onasi Olimpiada oʻzini butkul taxt vorisi boʻlmish oʻgʻlining tarbiyasiga bagʻishladi. Otasi esa koʻpincha harbiy yurishlarda boʻlgani uchun oʻgʻliga koʻp vaqt ajrata olmas edi va hamisha undan uzoqda boʻlar edi. Shunga qaramasdan Iskandar otasining jasorati va armiyasining erishgan natijalari bilan faxrlanar edi. Biroq Olimpiada oʻgʻlini doimo otasiga qarshi qayrab kelar edi, shuning uchun boʻlajak hukmdor otasiga nisbatan koʻra onasiga mehrini koʻproq bergan edi. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Shahzoda Iskandar boʻlajak hukdor boʻlganligi uchun maxsus taʼlim olgan. Oʻn uch yoshidan boshlab esa u buyuk faylasuf  Arastu (Aristotel)dan taʼlim-tarbiya ola boshlagan. Arastu taxt vorisining murabbiyi boʻlganligi uchun shogirdiga koʻproq siyosat, etika va falsafadan taʼlim bergan. Bundan tashqari vasiyligidagi Iskandarga klassik taʼlim berishni xohlagan Arastu unga tibbiyot, adabiyot va sheʼriyatdan ham saboq bergan.

Iskandar yoshlik yillaridanoq izzattalablik, qaysarlik va maqsad sari intilish kabi sifatlarni koʻrsatib kelgan. Boshqa tomondan esa u jismoniy lazzatlarga butkul befarq boʻlgan, ortiqcha ovqat yeyishdan oʻzini tiygan va ayollarga qiziqish bildirmagan. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Iskandar 16 yoshligida otasi Vizantiyani zabt etishga otlanar ekan, ilk bor Makedoniya boshqaruvini oʻgʻliga topshirib ketadi. Huddi shu payt mamlakatda isyon koʻtariladi. Yosh shahzoda poytaxtda qolgan polklar bilan qoʻzgʻalonni bosishga erishadi. Oradan ikki yil oʻtib, Iskandar yana qoʻmondon sifatida jang maydoniga chiqadi – Xerondagi jangda makedoniyalik qoʻshinning chap qanotini boshqaradi. Eramizdan avvalgi 336 yilda shoh Filipp halok boʻladi va uning oʻgʻli Iskandar Makedoniya hukmdori, deb eʼlon qilinadi. 

Taxtga oʻtirishi bilanoq Iskandar birinchi navbatda otasining oʻlimiga sababchi boʻlgan dushmanlarni yoʻq qiladi va soliqlarni bekor qiladi. Soʻngra ikki yil davomida mamlakat shimolidagi frak qabilalarining bosqinchiliklarini soʻndirib, Gretsiyada Makedoniya hukmronligini oʻrnatadi.

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Keyinchalik Iskandar butun Elladani birlashtirib, otasi Filipp bir umr orzu qilgan Eronni zabt etish uchun buyuk yurushni boshlaydi. Aynan ana shu yurushda eronliklar bilan boʻlib oʻtgan janglarda Makedoniyalik Iskandarning ajoyib harbiy mahorati namoyon boʻldi. Eramizdan avvalgi 334 yilda Granik daryosi boʻyidagi jangdan soʻng deyarli butun Kichik Osiyo makedoniyaliklarning qoʻliga oʻtadi. Iskandar esa buyuk sarkarda va jahongir nomini oladi. 

Buyuk Iskandarning dovrugʻini eshitgan mamlakatlar jangsiz uning qoʻshiniga taslim boʻldilar. Sarkarda hech bir qiyinchiliksiz Siriya, Finikiya, Falastin, Kariya va Yaqin Sharqning boshqa davlatlarini ishgʻol qildi. Soʻngra u Misrga yurishini boshladi. U yerda ham uni iloh sifatida ochiq yuz bilan kutib oldilar. Misrda sarkarda yana bir shaharni oʻz nomi bilan atab, unga Iskandariya nomini berdi.

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Iskandar Eronga qaytib kelib, Suzu, Persepol hamda Vavilonni zabt etadi va Vavilonni buyuk davlatining poytaxti qilib oʻzgartiradi. 329 yilda Eron shohi Doro ayonlari tomonidan oʻldiriladi, bu vaziyatda ham Iskandar oʻzini aqlli taktik va strateg sifatida koʻrsatadi. U Eron saltanatining qulashida zabt etuvchilar emas, ichki dushmanlar aybdorligini aytib, shoh Doro uchun ulardan qasos olishini eʼlon qiladi. 

Asta-sekinlik bilan Iskandar Osiyo hukmdoriga aylanib bordi. U ikki yil davomida hozirgi Afgʻaniston, Tojikiston va Oʻzbekiston hududlarini oʻz ichiga olgan Sugʻdiyona va Baqtriyani zabt etdi. Yangi hududlarni ishgʻol qilar ekan, Iskandar shaharlar barpo etib, ularga oʻz nomini beradi. Masalan, Eshatadagi Iskandariya bilan Arahisiyadagi Iskandariya shaharlari bizning davrimizda Xoʻjand va Qanqagʻor nomi bilan mashhur.

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Eramizdan avvalgi 326 yilda Iskandar Buyuk Hindistonga yurushini boshlaydi. Bu yurushi davomida u bir necha qabilalarni qoʻlga olib, hozirgi Pokiston hududini ishgʻol qilishga ulguradi. Biroq Hind daryosini kesib oʻtishlari bilanoq holdan toygan askarlar istiloni davom ettirishdan bosh tortdi. Yevrosiyo qitʼasining Osiyo qismida oʻn yildan beri gʻolibona yurish qilib kelayotgan Iskandar qoʻshinini orqaga qaytarishga majbur boʻldi. 

Iskandar Buyukning hukmdorlik sifatlaridan biri shundan iborat ediki, u bosib olingan hududlardagi xalqlarning anʼana va eʼtiqodlarini hurmat qilgan, oʻzining madaniyatini singdirishga harakat qilmagan va hattoki sobiq shoh va hukmdorlarni oʻziga xizmat qilish sharti bilan joylarida qoldirgan. Iskandarning tutgan bunday siyosati ayonlari oʻrtasida norozilik hissini uygʻotar edi. Keyinchalik Qadimgi Rimlik imperatorlar ham shunday siyosat tizimini qoʻllaydilar.

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Iskandar Buyukning uch nafar xotini va 360 ta kanizakdan iborat harami boʻlgan. Haramdan faqatgina ikkita ayol – Kampaspa va Barsina ajralib turar edi. Iskandar shuningdek Amazonka qirolichasi Faletris hamda Hindiston malikasi Kleofis bilan ham yaqin aloqada boʻlgan. 

Iskandar Buyukning eng birinchi xotini – Baqtriya (yaʼni hozirgi Oʻzbekiston hududi) malikasi Roksana boʻlgan. Roksana buyuk sarkardaga turmushga chiqayotganida oʻn toʻrt yoshda boʻlgan. Nikoh marosimi 327 yilda boʻlib oʻtdi. Iskandar Buyuk Baqtriyani bosib olganda shoh butun oilasi bilan asirga tushadi, shu qatorda Roksana ham. Biroq shunga qaramasdan Iskandar bu goʻzal qizni oʻziga xotinlikka oladi va u Iskandarga oʻgʻil tugʻib beradi. Bu bola Iskandarning toʻngʻich farzandi hisoblanadi. Keyinchalik sarkarda Eronning yana ikkita malikasi – Statira va Parisatidaga uylanadi. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

U davrda ayollarning qadri va darajasi ancha past boʻlishiga qaramasdan, Iskandar Buyuk ayollariga yaxshi muomala qilgan hamda ularning hurmatini joyiga qoʻygan. Uning birinchi ustozi buyuk faylasuf Arastu ham ayollarni erkaklardan ancha past qoʻyishiga qaramasdan Iskandar ayollarni hamisha hurmat qilib kelgan. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, Iskandar Buyuk eramizdan avvalgi 323 yil 10 iyun kuni 33 yoshida vafot etdi. Buyuk sarkardaning hayotdan erta ketishiga nima sabab boʻlganligi haqidaggi bahs-munozaralar bugungi kunda ham toʻxtagani yoʻq. Hukmdorning oʻlimi birdaniga sodir boʻlgani uchun uning oʻrniga oʻtiradigan voris tayinlanmagan edi. Shuning uchun ham mamlakatda tartibsizliklar boshlandi va saltanat tanazzulga yuz tuta boshladi. 

323 yilda Iskandardan biroz oldin uning yaqin doʻsti va maslahatchisi Gefestion vafot etdi. Bu hodisadan Iskandar chuqur qaygʻuga botdi. U haddan tashqari shubhali boʻlib qoldi va doimo asabi tarang, ruhiyati tushkun holda yuradigan boʻlib qoldi. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Doʻsti Gefestionga tutgan motami uzoq choʻzildi  va yangi harbiy yurishni rejalashtirish uchun Vavilonga qaytgunga qadar davom etdi. Vavilonda Iskandar har kuni ziyofatlar uyushtirar va haddan tashqari koʻp sharob isteʼmol qilar va bu bilan immun tizimini izdan chiqarib, sogʻligʻiga katta zarar yetkazar edi.

Yozning boshlarida sarkardaning salomatligi birdaniga yomonlasha boshladi va hech narsa bilan tushirib boʻlmaydigan isitma paydo boʻldi. Iskandarning xastaligi haqida eshitgan xaloyiq uni koʻrish maqsadida saroyga yopirilib kirdi. Ogʻir ahvolda ekanligiga qaramasdan Iskandar Buyuk olomonni oʻrnidan turib, ularni qarshi oldi, biroq u juda holsiz edi. 9 iyun kuni Iskandar koma holatiga tushdi, 10 iyun kuni esa uning yuragi urishdan toʻxtadi. Iskandar Buyuk vafot etdi.

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi

Ulugʻ hukmdor va sarkarda Makedoniyalik Iskandar Buyukning oʻlimidan butun Imperiya chuqur qaygʻuga botdi va saltanatda motam eʼlon qilindi.      

Makedoniyalik Iskandarning oʻlimiga nima sabab boʻlganligi haqida hanuzgacha tarixchi olimlar bir toʻxtamga kelmaganlar. Eng asosiy omil qilib bezgak kasalligi koʻrsatilmoqda. Unday boʻlsa, nima uchun shohning yaqinidagi hech kim bu kasallik bilan kasallanmadi, axir bezgak yuqumli infektsion xastalik hisoblanadi-ku?! Olimlar buni Iskandarning haddan tashqari koʻp sharob ichishi bilan immun tizimiga yetkazgan zarari bilan tushuntirmoqdalar. 

Iskandar Buyuk oʻlimining sabablaridan biri deb, shohning zaharlangan boʻlishi mumkin, degan taxmin ham ilgari surilgan. Sarkarda xastaligining belgilari ham shu narsani tasdiqlab turibdi: konvulsiya (tirishish), qayt qilish, yurakning notekis urishi. Biroq bularning bari taxmin, uni faqatgina kelajakda – ilm-fan yana ham rivojlanganda isbotlash mumkin boʻladi. 

Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli maʼlumotlar: hayot yoʻli, harbiy yurishlari va sirli oʻlimi
●

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.

Oʻxshash maqolalar