Issiq kunlarda qaysi kosmetika vositasi xavfli sanaladi?

Koʻpchilikka maʼlumki A vitamini teri uchun nihoyatda foydali. U terini taranglashtiradi, ajinlarni yoʻqotadi va yangilari paydo boʻlishidan himoyalaydi. Ajoyib hususiyatlari tufayli retinol yoshga doir kremlar hamda husnbuzarlarga qarshi vositalar tarkibidan joy olgan. Biroq yoz ob-havosida A vitamini “hunar” koʻrsatishi mumkin. Quyoshning ultrabinafsha nurlari bilan taʼsirga kirishgan darmondori teri qizarishi, quruqlashishi hatto allergik reaksiyalarni paydo qilishi ham hech gap emas. Shu bois kosmetik vosita harid qilayotganda tarkibida A vitamini bor yoki yoʻqligiga ahamiyat bering. Mabodo, retinol qoʻshilgan krem yoki boshqa parvarishlash vositasiga ega boʻlsangiz, uni salqin kunlargacha saqlab qoʻying.

Krem yorligʻida ANA kislota soʻziga koʻzingiz tushgan boʻlishi kerak. Bu meva kislotasi degani. Bunday vositalar salqin havoda foydali. Biroq havo harorati yuqori boʻlganida meva kislotasi teriga nojoʻya taʼsir koʻrsatishi mumkin. Misol uchun, terida achishish qizarish, qichishish paydo boʻlishi baʼzan kuchli allergiya (oʻz vaqtida muolaja qilinmasa, dogʻ saqlanib qoladi) kuzatilishi mumkin. Mevali pilinglar mutaxassislar tavsiyasi bilan amalga oshirilishi lozim.

Issiqda teri tez kirlanadi. Shu bois uni tozalab turish lozim. Ammo yoz uchun istalgan kosmetik vositasi toʻgʻri kelmaydi. Eng maʼquli molochko yoki mitselyar suyuqlikdir. Siz tanlagan vosita teriga chuqur singishi shart emas. Chunki quyoshda quruqlashgan teri shiddat bilan ishlayotgan yogʻ bezlari taʼsirida qiynaladi. Chuqurlashtirilgan tozalash muolajasi esa vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin. Shuni unutmangki, yuz terisida ham stress holati yuz berishi mumkin. Qolaversa, yozda terini chuqur tozalash tabiiy himoya- lipid qatlamini zararlaydi.

Yuz terisi parvarishiga eʼtiborli boʻlsangiz, imkon qadar tonal kremdan kamroq foydalaning. Togʻri, ushbu vosita pardoz qutisining ajralmas qismiga aylanib ulgʻurdi, u teri kataklarini toʻldirmaydi toshmalar toshirmaydi. Muammo kun davomida yuzni siypalovchi qoʻllardadir. Bilasiz, kompyuterda ishlash, transport vositalaridan foydalanish, umuman kundalik yumushlar barmoq terisida bakteriyalar yigʻilishiga sabab boʻladi. Beixtiyor yuz qismiga tegilganida, qichishish, silash yoki shapatilashda ana shu bakteriyalar teriga oʻtishi mumkin. Bu esa keyinchalik toshma toshishi va boshqa teri kasalliklarini keltirib chiqaradi. Jaziramada BB va CC kremlaridan foydalangan yaxshi. Ushbu vositalar ikkita vazifani bajaradi: ultrabinafsha nuridan himoyalaydi va tonal kremi taʼsirini beradi. Krem ustidan yupqa qilib upa surtish mumkin.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



