Mashhur rassom Titsian Xurram sulton suratini chizgani rostmi?

Usmonlilar imperiyasida Xurram sulton butun dunyoga mashhur insonlardanbiri edi. Roksolana hayotlik paytlarida shunchalar katta yutuqlarni qoʻlga kiritadiki, tez orada butun dunyo u haqida gapirishni boshlaydi. Gʻarb hukmdorlari u bilan uchrashish haqida orzu qilardilar. Yevropalik diplomatlar Xurram sultonning qabulidan umid qilar, uning oʻzi esa koʻplab qirolichalar bilan yozishmalar olib borardi. Shu sababli ham Xurram sulton Qayta uygʻonish davrining eng mashhur rassomlaridan biri Titsian uchun ilhom parisi vazifasini oʻtgani ajablanarli emas. Ayni paytda Titsian tomonidan yaratilgan sanʼat asari, aniqrogʻi Xurram sultonning portreti AQSHning Florida shtatida saqlab kelinadi.

"La Sultana Rossa" portreti 1550 yilda ijod qilingan. Bu paytlarda Xurram sulton 48 yoshda edi.
Ammo suratdagi ayol tasviriga qarab uning 48 yoshli ayoldan koʻra ancha yoshroq ekanligini koʻrish mumkin. Shubha yoʻqki, Xurram juda yosh va chiroyli koʻrinishga ega boʻlgan. Suratdagi malika och pushti rangli koʻylakda, uning ustidan esa qimmatbaxo toshlar bilan bezatilgan yopinchiq kiyib olgan. Uning bosh kiyimi esa alohida diqqatga sazovor – yuqori qismi uchli shakldagi tojning hoshiyasi ham qimmatbaxo toshlar bilan qoplangan, oʻrta qismiga esa ulkan rubin toshi oʻrnatilgan.

Tarixdan maʼlumki, Sulton Sulaymon sevimli yorining liboslari va taqinchoqlari uchun juda sahiylik qilgan. Xurramning quloqlarini bezab turgan ziraklar marvarid va olmosdan yaratilgan boʻlsa, boʻyin qismiga marvarid toshlaridan ishlangan nafis marjon, bilak qismiga esa qimmatbaho toshlar va marvaridli bilaguzuk taqib olgan. Eng qizigʻi, suratda Xurram mitti jonivorni ushlab turibdi. Mutaxassislar buni uning sevimli jonivori boʻlishi mumkin ekanligini taxmin qiladilar.
Oʻsha davr guvohlarining yozib qoldirishlaricha, Xurram Sulton boshqa ayollardan oʻzining oʻta goʻzalligi bilan ajralib turmagan. Ammo jozibasi va aqli bilan barchani lol qilib qoʻya olardi. Biroq Titsian tasvirlagan ayolning tashqi koʻrinishi juda goʻzal. Shaffof teri, chiroyli burun qismi, qalin lablar uning koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi. Xurram sulton rassomga nazar tashlash barobarida nima tabassum ham qilgan.
Titsian tasvirlagan suratda Xurram sultonning yosh ekanligini payqash mumkin. Xoʻsh, rassom Titsian yosh malika bilan qayerda uchrashgan? Agar u rassomning surat ishlash paytida koʻrinish bergan boʻlsa asarda 48 yoshli ayol tasvirlangan boʻlishi kerak edi-ku? Biroq nima uchundir suratdagi ayol endigina 20 yoshdan oshgandek taassurot uygʻotadi.
Taxminlarga koʻra, Titsian Xurram sulton bilan uchrashmagan, uning suratini malikaning tashqi koʻrinishi va guvohlarning taʼriflariga asoslangan holatda chizgan. Yana bir taxminda Italyan rassomi ushbu suratni chizib boʻlgach, sultonga yuborgani, bu orqali oʻz mamlakati va Usmonlilar imperiyasi orasida savdo aloqalarini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgani aytiladi.
Bundan kelib chiqadiki, rassom sultonga Xurramning rasmini sovgʻa qilgan va uning himmatiga erishmoqchi boʻlgan. Agar ushbu taxmin rost boʻlsa, suratdagi Xurramning oʻzi emas, aniqrogʻi uning oʻziga qarab chizilmagan qiyofa.
Keyinchalik Vashington hududidan Titsian qalamiga mansub yana bir surat - "Xonim portreti" asari topilgan. Undagi ayol tasviri ham Titsian chizgan Xurramga juda oʻxshaydi.

Xurram sulton portretining oʻziga hos tarixi ham bor.1612 yilga qadar u Usmonlilar imperiyasida saqlangan boʻlsa, keyinchalik nomaʼlum yoʻl bilan Florentsiyaga, Palatso del Jardinoning kolleksiyasiga kelib qoladi. Portret 1815 yilga qadar shu yerda boʻlgan. Oradan bir muddat oʻtib uni Lyusen Bonapart sotib olgan. 1843 yilda uni qayta sotganlaridan keyin asar Londonga kelib qolgan. 1936 yilga kelib esa Xurram Sulton suratini Floridadagi Ringling muzeyina taqdim qilganlar.
Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.



