Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli ma’lumotlar: hayot yo’li, harbiy yurishlari va sirli o’limi
Iskandar Buyuk (Makedoniyalik Iskandar) haqida qiziqarli ma’lumotlar: hayot yo’li, harbiy yurishlari va sirli o’limi
Makedoniyalik Iskandar (Buyuk) – bu avvalambor hukmdor va o’sha davrning eng buyuk sarkardasi hamda o’limidan keyin parchalanib ketgan kuchli Imperiyaning asoschisi edi.

U yigirma yoshli o’spirin davrida taxtga o’tirdi va o’n ikki yil davomida mamlakatining chegaralarini xavfsizlantirib, uning sarhadlarini kengaytirib, saltanatni boshqarish bobida yuksak cho’qqiga erishdi. 

Makedoniyalik Iskandar Buyukning bolaligi va yoshligi

Makedoniyalik Iskandar eramizdan avvalgi 356 yilda tavallud topdi. Uning otasi Makedoniya shohi –Filipp II, onasi esa Epir shohining qizi – Olimpiada edi. 

Iskandarning onasi Olimpiada o’zini butkul taxt vorisi bo’lmish o’g’lining tarbiyasiga bag’ishladi. Otasi esa ko’pincha harbiy yurishlarda bo’lgani uchun o’g’liga ko’p vaqt ajrata olmas edi va hamisha undan uzoqda bo’lar edi. Shunga qaramasdan Iskandar otasining jasorati va armiyasining erishgan natijalari bilan faxrlanar edi. Biroq Olimpiada o’g’lini doimo otasiga qarshi qayrab kelar edi, shuning uchun bo’lajak hukmdor otasiga nisbatan ko’ra onasiga mehrini ko’proq bergan edi. 

Shahzoda Iskandar bo’lajak hukdor bo’lganligi uchun maxsus ta’lim olgan. O’n uch yoshidan boshlab esa u buyuk faylasuf  Arastu (Aristotel)dan ta’lim-tarbiya ola boshlagan. Arastu taxt vorisining murabbiyi bo’lganligi uchun shogirdiga ko’proq siyosat, etika va falsafadan ta’lim bergan. Bundan tashqari vasiyligidagi Iskandarga klassik ta’lim berishni xohlagan Arastu unga tibbiyot, adabiyot va she’riyatdan ham saboq bergan.

Iskandar yoshlik yillaridanoq izzattalablik, qaysarlik va maqsad sari intilish kabi sifatlarni ko’rsatib kelgan. Boshqa tomondan esa u jismoniy lazzatlarga butkul befarq bo’lgan, ortiqcha ovqat yeyishdan o’zini tiygan va ayollarga qiziqish bildirmagan. 

Iskandar 16 yoshligida otasi Vizantiyani zabt etishga otlanar ekan, ilk bor Makedoniya boshqaruvini o’g’liga topshirib ketadi. Huddi shu payt mamlakatda isyon ko’tariladi. Yosh shahzoda poytaxtda qolgan polklar bilan qo’zg’alonni bosishga erishadi. Oradan ikki yil o’tib, Iskandar yana qo’mondon sifatida jang maydoniga chiqadi – Xerondagi jangda makedoniyalik qo’shinning chap qanotini boshqaradi. Eramizdan avvalgi 336 yilda shoh Filipp halok bo’ladi va uning o’g’li Iskandar Makedoniya hukmdori, deb e’lon qilinadi. 

Makedoniyalik Iskandarning buyuk harbiy yurushlari

Taxtga o’tirishi bilanoq Iskandar birinchi navbatda otasining o’limiga sababchi bo’lgan dushmanlarni yo’q qiladi va soliqlarni bekor qiladi. So’ngra ikki yil davomida mamlakat shimolidagi frak qabilalarining bosqinchiliklarini so’ndirib, Gretsiyada Makedoniya hukmronligini o’rnatadi.

Keyinchalik Iskandar butun Elladani birlashtirib, otasi Filipp bir umr orzu qilgan Eronni zabt etish uchun buyuk yurushni boshlaydi. Aynan ana shu yurushda eronliklar bilan bo’lib o’tgan janglarda Makedoniyalik Iskandarning ajoyib harbiy mahorati namoyon bo’ldi. Eramizdan avvalgi 334 yilda Granik daryosi bo’yidagi jangdan so’ng deyarli butun Kichik Osiyo makedoniyaliklarning qo’liga o’tadi. Iskandar esa buyuk sarkarda va jahongir nomini oladi. 

Buyuk Iskandarning dovrug’ini eshitgan mamlakatlar jangsiz uning qo’shiniga taslim bo’ldilar. Sarkarda hech bir qiyinchiliksiz Siriya, Finikiya, Falastin, Kariya va Yaqin Sharqning boshqa davlatlarini ishg’ol qildi. So’ngra u Misrga yurishini boshladi. U yerda ham uni iloh sifatida ochiq yuz bilan kutib oldilar. Misrda sarkarda yana bir shaharni o’z nomi bilan atab, unga Iskandariya nomini berdi.

Iskandar Eronga qaytib kelib, Suzu, Persepol hamda Vavilonni zabt etadi va Vavilonni buyuk davlatining poytaxti qilib o’zgartiradi. 329 yilda Eron shohi Doro ayonlari tomonidan o’ldiriladi, bu vaziyatda ham Iskandar o’zini aqlli taktik va strateg sifatida ko’rsatadi. U Eron saltanatining qulashida zabt etuvchilar emas, ichki dushmanlar aybdorligini aytib, shoh Doro uchun ulardan qasos olishini e’lon qiladi. 

Asta-sekinlik bilan Iskandar Osiyo hukmdoriga aylanib bordi. U ikki yil davomida hozirgi Afg’aniston, Tojikiston va O’zbekiston hududlarini o’z ichiga olgan Sug’diyona va Baqtriyani zabt etdi. Yangi hududlarni ishg’ol qilar ekan, Iskandar shaharlar barpo etib, ularga o’z nomini beradi. Masalan, Eshatadagi Iskandariya bilan Arahisiyadagi Iskandariya shaharlari bizning davrimizda Xo’jand va Qanqag’or nomi bilan mashhur.

Eramizdan avvalgi 326 yilda Iskandar Buyuk Hindistonga yurushini boshlaydi. Bu yurushi davomida u bir necha qabilalarni qo’lga olib, hozirgi Pokiston hududini ishg’ol qilishga ulguradi. Biroq Hind daryosini kesib o’tishlari bilanoq holdan toygan askarlar istiloni davom ettirishdan bosh tortdi. Yevrosiyo qit’asining Osiyo qismida o’n yildan beri g’olibona yurish qilib kelayotgan Iskandar qo’shinini orqaga qaytarishga majbur bo’ldi. 

Iskandar Buyukning hukmdorlik sifatlaridan biri shundan iborat ediki, u bosib olingan hududlardagi xalqlarning an’ana va e’tiqodlarini hurmat qilgan, o’zining madaniyatini singdirishga harakat qilmagan va hattoki sobiq shoh va hukmdorlarni o’ziga xizmat qilish sharti bilan joylarida qoldirgan. Iskandarning tutgan bunday siyosati ayonlari o’rtasida norozilik hissini uyg’otar edi. Keyinchalik Qadimgi Rimlik imperatorlar ham shunday siyosat tizimini qo’llaydilar.

Iskandar Buyukning shaxsiy hayoti

Iskandar Buyukning uch nafar xotini va 360 ta kanizakdan iborat harami bo’lgan. Haramdan faqatgina ikkita ayol – Kampaspa va Barsina ajralib turar edi. Iskandar shuningdek Amazonka qirolichasi Faletris hamda Hindiston malikasi Kleofis bilan ham yaqin aloqada bo’lgan. 

Iskandar Buyukning eng birinchi xotini – Baqtriya (ya’ni hozirgi O’zbekiston hududi) malikasi Roksana bo’lgan. Roksana buyuk sarkardaga turmushga chiqayotganida o’n to’rt yoshda bo’lgan. Nikoh marosimi 327 yilda bo’lib o’tdi. Iskandar Buyuk Baqtriyani bosib olganda shoh butun oilasi bilan asirga tushadi, shu qatorda Roksana ham. Biroq shunga qaramasdan Iskandar bu go’zal qizni o’ziga xotinlikka oladi va u Iskandarga o’g’il tug’ib beradi. Bu bola Iskandarning to’ng’ich farzandi hisoblanadi. Keyinchalik sarkarda Eronning yana ikkita malikasi – Statira va Parisatidaga uylanadi. 

U davrda ayollarning qadri va darajasi ancha past bo’lishiga qaramasdan, Iskandar Buyuk ayollariga yaxshi muomala qilgan hamda ularning hurmatini joyiga qo’ygan. Uning birinchi ustozi buyuk faylasuf Arastu ham ayollarni erkaklardan ancha past qo’yishiga qaramasdan Iskandar ayollarni hamisha hurmat qilib kelgan. 

O’limi

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Iskandar Buyuk eramizdan avvalgi 323 yil 10 iyun kuni 33 yoshida vafot etdi. Buyuk sarkardaning hayotdan erta ketishiga nima sabab bo’lganligi haqidaggi bahs-munozaralar bugungi kunda ham to’xtagani yo’q. Hukmdorning o’limi birdaniga sodir bo’lgani uchun uning o’rniga o’tiradigan voris tayinlanmagan edi. Shuning uchun ham mamlakatda tartibsizliklar boshlandi va saltanat tanazzulga yuz tuta boshladi. 

323 yilda Iskandardan biroz oldin uning yaqin do’sti va maslahatchisi Gefestion vafot etdi. Bu hodisadan Iskandar chuqur qayg’uga botdi. U haddan tashqari shubhali bo’lib qoldi va doimo asabi tarang, ruhiyati tushkun holda yuradigan bo’lib qoldi. 

Do’sti Gefestionga tutgan motami uzoq cho’zildi  va yangi harbiy yurishni rejalashtirish uchun Vavilonga qaytgunga qadar davom etdi. Vavilonda Iskandar har kuni ziyofatlar uyushtirar va haddan tashqari ko’p sharob iste’mol qilar va bu bilan immun tizimini izdan chiqarib, sog’lig’iga katta zarar yetkazar edi.

Yozning boshlarida sarkardaning salomatligi birdaniga yomonlasha boshladi va hech narsa bilan tushirib bo’lmaydigan isitma paydo bo’ldi. Iskandarning xastaligi haqida eshitgan xaloyiq uni ko’rish maqsadida saroyga yopirilib kirdi. Og’ir ahvolda ekanligiga qaramasdan Iskandar Buyuk olomonni o’rnidan turib, ularni qarshi oldi, biroq u juda holsiz edi. 9 iyun kuni Iskandar koma holatiga tushdi, 10 iyun kuni esa uning yuragi urishdan to’xtadi. Iskandar Buyuk vafot etdi.

Ulug’ hukmdor va sarkarda Makedoniyalik Iskandar Buyukning o’limidan butun Imperiya chuqur qayg’uga botdi va saltanatda motam e’lon qilindi.      

Makedoniyalik Iskandarning o’limiga nima sabab bo’lganligi haqida hanuzgacha tarixchi olimlar bir to’xtamga kelmaganlar. Eng asosiy omil qilib bezgak kasalligi ko’rsatilmoqda. Unday bo’lsa, nima uchun shohning yaqinidagi hech kim bu kasallik bilan kasallanmadi, axir bezgak yuqumli infektsion xastalik hisoblanadi-ku?! Olimlar buni Iskandarning haddan tashqari ko’p sharob ichishi bilan immun tizimiga yetkazgan zarari bilan tushuntirmoqdalar. 

Iskandar Buyuk o’limining sabablaridan biri deb, shohning zaharlangan bo’lishi mumkin, degan taxmin ham ilgari surilgan. Sarkarda xastaligining belgilari ham shu narsani tasdiqlab turibdi: konvulsiya (tirishish), qayt qilish, yurakning notekis urishi. Biroq bularning bari taxmin, uni faqatgina kelajakda – ilm-fan yana ham rivojlanganda isbotlash mumkin bo’ladi. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook