Arvohlar to‘lib-toshgan eng mashhur saroylar
Yevropa mamlakatlarining aksariyat qismida joylashgan ayrim saroylar ichida arvohlarning mavjud ekanligi haqidagi gap-so‘zlar yuradi. Balki buni shunchaki safsata o‘rnida qabul qilarsiz, ammo ushbu saroylarga tashrif buyurgan vaqtda ularni ko‘rgan, hattoki suratga olgan insonlar ham bor. Aytishlaricha, arvohlar saroy ichida doimo kezib yurishadi va mahalliy odamlar bunga allaqachon katta e’tibor bermay ham qo‘yishgan.

Tauer

London Taueri o‘z vaqtida ko‘plab insonlarning qatl qilinadigan joylaridan biri bo‘lgan. Shu sababli ham bu yerda ko‘p sonli arvohlarni ko‘rish mumkin emish. Tauerda  1541 yilda boshi tanasidan judo qilingan grafinya Margaret Solsberining ruhi kezadi. U bino qo‘riqchilarini ko‘p bora dahshatga solib ham qo‘ygan. 

Genrix VIII ning ikkinchi rafiqasi Anna Boleyn ham aynan mana shu yerda o‘ldirilgan. Annaning ruhi Tauerni bir necha asrlardan beri tark etmasligi haqidagi mish-mishlar ko‘p bora quloqqa chalinadi. U qirolga turmushga chiqqanidan 1000 kun o‘tib, qatl qilingan. Guvohlarning aytishlaricha, Annaning ruhi ko‘p hollarda bir o‘zi emas, notanish arvohlar hamroxligida bino yo‘laklarini kezib yuradi.

Aytishlaricha, Tauerda bolalarning arvohlari ham bor. Anna Boleyn bilan birgalikda qal’a yo‘laklarida shahzoda Eduard V va uning ukasi - York gertsogi Richardning ruhi ham ko‘rinish bergan. Bolakaylar hamisha bir-birlarining qo‘llarini tutib yurishadi. 

Bukingem saroyi arvohlari

Bukingem saroyi - ingliz monarxlarining asosiy qarorgohi ekanligini yaxshi bilasiz. Bu yerda qirollik oilasi a’zolarining istiqomat qilishlari ham sir emas. Mistika ishqibozlarining aytishlaricha, ushbu taniqli saroyda ham ikkita arvoh ko‘rinish bergan. Ularning biri juda sokin va g‘amgin bo‘lib, hech kimga zarar keltirmaydi. Afsonalarda aytilishicha, bir zamonlar Bukingem saroyi o‘rnida shifoxona joylashgan. Saroy xodimlari esa ko‘p asrlardan beri saroyda kasalxonaga asos solgan insonning arvohi kezib yurishi, u o‘zi ishlagan bino o‘rnida saroy qurilganidan norozi ekanligini aytishgan.

Ikkinchi arvoh esa qirol Eduard VII ning shaxsiy kotibi Jon Gvinndir. Aytishlaricha, u bir vaqtlar saroy binosi ichida halok bo‘lgan.

Xempton Kort

Britaniya monarxlariga tegishli bo‘lgan shaxar chetidagi Xempton Kort qarorgohi ham bir qarashda ko‘ringani kabi tinch maskan emas. Genrix VIII Tyudorning qatl qilingan rafiqasi Anna Boleynning ruhi bir necha bor mana shu saroyda ham ko‘zga tashlangan. Bundan tashqari, binoda Genrixning uchinchi rafiqasi Jeyn Seymurning ruhi ham kezib yuradi. Jeyn Seymur tug‘ruq vaqtida vafot etgan.

Chillingem saroyi

Angliya shimolida, Nortumberdend grafligida joylashgan ushbu saroy mistika ishqibozlarini hamisha o‘ziga jalb qilib keladi. Saroyda ko‘zga tashlangan arvohlar soni uchta: Ularning biri moviy bolakay, biri Seydj ismli erkak, yana biri Meri Berklidir. 

Moviy bolakay bir zamonlar odamlar tomonidan otasi bilan birga shu yerga qamab qo‘yilgan. Ular ochlik azobidan halok bo‘lganlar. Seydj ismli erkak esa o‘z vaqtida sevgan qizining umriga nuqta qo‘ygan ekan. Ledi Meri erining hiyonatiga bardosh bera olmay shu saroyda vafot etgan.

Glemis saroyi

Asabi o‘ta kuchli mistika shaydolari hech ikkilanmay Glemis saroyi tomon yo‘l olishlari mumkin. Bir zamonlar Yelizaveta Iistiqomat qilgan ushbu saroyda arvohlar soni haddan tashqari ko‘p. Ularning biri Jenet Duglas bo‘lib, uning akasi qirol Yakov Vning o‘gay otasi bo‘lgan. Qirol shotlandiyalik qarindoshlarini juda yomon ko‘rgan va o‘gay otasining vafotidan keyin Duglas oilasining boshiga og‘ir kunlarni solgan. U Jenetni o‘g‘li bilan birga saroyga qamab qo‘ygan, keyinchalik ularni gulhanga tashlaganlar. 

Berri Poumroy saroyi

O‘z vaqtida Poumroy oilasining mulki sanalgan ushbu saroyda oila vakillarining ayrimlariga tegishli ruhlar ko‘rinish bergan. Misol uchun, Margaret Poumroy opasi tomonidan hasad tufayli juda ko‘p azoblangan. Uning ruhi hamon saroy yo‘laklarida sarson bo‘lib kezib yurar emish.

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations