Dunyodagi eng mashhur va chiroyli masjidlar: "Checheniston yuragi", Pushtirang masjid, Hazrat Ali maqbarasi
Dunyoda inson qo‘li bilan barpo qilingan va arxitekturaning eng nodir namunalari sifatida tafsif beriladigan binolar juda ham ko‘p. Ular orasida betakror masjidlarning o‘rni juda katta. Bugun dunyoning turli burchaklarida joylashgan go‘zal masjidlar haqida sizga qiziq ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

"Checheniston yuragi" masjidi, Checheniston Respublikasi

"Checheniston yuragi" masjidi dunyodagi eng katta masjidlarning biri hisoblanadi. U rasmiy ravishda 2008 yilning 17 oktyabr kuni ochilgan bo‘lib, Checheniston Respublikasining birinchi prezidenti Ahmad hoji Qodirov nomi bilan atalgan.

Masjid Sunja daryosining betakror go‘zallikka ega bo‘lgan sohilida, ulkan bog‘ning ichida joylashgan. U Kunta hoji nomidagi Rossiya Islom universiteti va Checheniston Respublikasi musulmonlar idorasidan iborat Islom kompleksi tarkibiga kiradi. 

Mаsjid usmonlilarga tegishli klassik uslubda qurilgan bo‘lib, uning markaziy zali ulkan gumbaz bilan qoplangan. Gumbazning diametri 16 metr, balandligi esa 32 metrga teng keladi. Bino burchaklarida har biri 63 metrdan keladigan to‘rtta minora joylashgan. Ular Rossiya janubidagi eng baland minoralardan biri sanaladi. Binoning ichki va tashqi devorlari marmar bilan qoplab chiqilgan.

Masjid maydoni 5000 kvadrat metrga teng bo‘lib, o‘z ichiga 10 000 ta kishini sig‘dirishi mumkin. 

"Yusufbey Jomiy" nomidagi Maxachqal’a Markaziy Jome masjidi, Rossiya

Rossiyaning eng chiroyli masjidlaridan biri sanalmish ushbu hashamatli bino Istanbul shahrida joylashgan afsonaviy "Moviy masjid" uslubida qurilgan. Qurilish ishlari 1997 yilda o‘z yakuniga yetkazilgan. Ayni paytda bino o‘zichiga 15 000 kishini sig‘dira olishi mumkin.

 

"Hazrat Sulton" masjidi, Qozog‘iston

"Hazrat Sulton" Qozog‘istondagi eng katta masjid sanaladi. U mamlakat poytaxti Nursulton shahrida joylashgan. Masjid binosi kattaligi bo‘yicha O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida Turkmanistondagi "Turkmanboshi ma’naviyati" masjididan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.

Qurilish ishlari uchun 3 yil vaqt ketgan bo‘lib, bugungi kunda kompleks to‘qqizta gumbaz va balandligi 77 metrga teng keladigan 4 ta minoradan tashkil topgan.

Xitoy uslubidagi masjid, Qozog‘iston

 

Xitoy uslubidagi noodatiy masjidlardan biri Qozog‘istonning Jarkent shahrida joylashgan. Uning qurilishi va pardozlash ishlari bilan arxitektor Xon Pike hamda boshqa millat vakillari sanalmish ustalar shug‘ullangan. Afsonalarga ko‘ra, Xon Pike dunyodagi eng chiroyli masjidni o‘z vatani Xitoyda emas, Jarkentga qurgani uchun yurtiga qaytgach qatl qilingan ekan.

"Xuayshen" masjidi, Xitoy

"Xuayshen" Guanchjou shahrining asosiy masjidi bo‘lib, unga 1922 yilda asos solingan va 1928 yildan boshlab ishga tushirilgan. Mazkur masjid turistlar orasida haddan tashqari mashhur, uning minorasini esa "Nur binosi" deya ataydilar. Bu yerda sayyohlarning haddan tashqari ko‘p ekanligiga sabab masjid Rasulullohning amakisi tomonidan qurilganidir.

 

 

Doha masjidi va ilmiy markazi, Qatar

Futuristik ko‘rinishga ega bo‘lgan ushbu masjid binosi o‘ta chiroyli ko‘rinishga ega. Uning asosiy zali shiftida ko‘plab tuynuklar mavjud. Ushbu tuynuklar orqali ichkariga tushib turadigan quyosh nuri tungi osmonda charaqlab turgan yulduzlarni yodga soladi.

Kasablankadagi Hasan II masjidi, Marokash

 

Ushbu betakror masjid 1993 yilda qurilgan bo‘lib, uning minorasi dunyodagi eng katta balandlik ko‘rsatkichi - 210 metrga teng. U balandlik borasida Xeops piramidasini ham ortda qoldiradi. Fransuz arxitektori Mishel Pinson loyihasiga ko‘ra yaratilgan minoraga lazer o‘rnatilgan bo‘lib, uning nurlari Makka shahriga qaratib qo‘yilgan. 

Sulton Umar Ali Sayfuddin masjidi, Bruney

Ushbu masjid binosini 1958 yilda Bruney daryosi yaqinidagi sun’iy ko‘zfaz ustida bunyod qilganlar. Masjid binosida Islom arxitekturasi elementlari Yevropa uslubining detallari bilan a’lo darajada uyg‘unlashtirilgan. Misol uchun masjidning bosh minorasi Renessans davri uslubi bilan ishlangan.

Nosir Al-Mulk masjidi (Pushtirang masjid), Eron

"Pushtirang masjid" deya nom ushbu bino 1888 yilda qurib bitkazilgan. U tuzilish jihatidan qimmatbaho buyumlar solinuvchi qutidonni yodga soladi. Turli rangdagi derazalar quyosh nuri ostida binoning ichki qismida kamalakrang jilolarni paydo qiladi.

Binoning pol qismi pushtirang plitkalar bilan qoplangan, shu sababli ham uni "Pushti masjid" deya ataydilar. 

Qul-Sharif masjidi, Qozon, Tatariston Respublikasi

Rossiyaning yana bir betakror masjidi Qozon shahrida joylashgan bo‘lib, 2005 yilda rasmiy ravishda ochilgan. Uning uchun namunasi sifatida esa Ivan Grozniy davrlarida buzib tashlangan Qozon xonligining bosh masjidi asos qilib olingan.

Kordoba bosh masjidi, Ispaniya

Bu mavritan arxitektura uslubida qurilgan dunyodagi eng chiroyli binolardan biri sanaladi. Masjid o‘zining ulkan arkalari, yashma, oniks, marmar hamda granitdan ishlangan ustunlari bilan shuhrat qozongan. 

"Moviy masjid" - Hazrat Ali maqbarasi, Afg‘oniston

Mozori Sharif shahrida joylashgan "Moviy masjid" - Hazrat Ali maqbarasi mamlakatning eng mashhur maskanlaridan biri sanaladi. Aytishlaricha, bu yerga Rasulullohning kuyovi halifa Ali dafn etilgan ekan. Masjidga 12 asrda Sulton Sanjar tomonidan asos solingan. Bunga sabab esa shu yerda ishlayotgan mehnatkashlar tomonidan g‘ishtdan yasalgan maqbara, qilich hamda hazrat Aliga tegishli deya hisoblangan tana qoliqlari topilganidir. Ayni paytda "Moviy masjid"  Afg‘onistonning eng mashhur maskanlaridan biri sanab kelinadi. 

Maqolani baxolash?

Facebook Conversations