Bizning yuzimiz o’ylaganimizdan ham ko’proq narsalarni so’zlashi va anglatishi mumkin. Buning o’ziga yarasha ijobiy ham salbiy jihatlari yetarlicha. Ko’zguga qarab turib, tanangizda paydo bo’lgan kasallikni ilk bosqichlaridayoq davolashga kirishishingiz mumkin. Buning uchun yuz sohasida paydo bo’lgan o’zgarishlarning aynan qanday kasalliklardan belgi berishini bilib olishingiz kerak bo’ladi.
Ko’z ostidagi qora halqa va qopchalar
Ko’z ostidagi qora halqalar ko’p hollarda irsiy bo’lishi mumkin, buning esa davosi mavjud emas. Ammo ular yaqindagina paydo bo’lgan bo’lsa, buning sababini uyquga to’ymaslik, gornomal o’zgarishlar, allergiya, chekish, spirti ichimliklar iste’mol qilish, ko’p miqdorda qahva ichish va tuzli taom yeyishdan qidiravering. Muammoni vaqtincha bartaraf etish uchun sovuq kompress va sifatli konsiler yordam beradi.
Peshona sohasidagi husnbuzar va dog’lar
Chyolka bilan yuradigan ayollarning peshona qismi boshqalarnikiga nisbatan ko’proq terlaydi va bu mazkur sohadagi muammolarning paydo bo’lishiga olib keladi. Shuningdek, peshona terisi ovqat hazm qilish tizimi buzilishlaridan ham darak berishi mumkin.
Ushbu muammolardan halos bo’lish uchun esa yog’li ovqatlar va fast-fuddan voz kechishga to’g’ri keladi. Tez tayyor bo’luvchi yeguliklar va zararli taomlardan voz kechsangiz, oradan bir necha kun o’tmay teringiz o’z holiga qaytib keladi.
Qizargan burun
Burun sohasida ko’plab qon tomirchalari joylashgan va ularning kengayishi burun rangini ham o’zgartiradi. Bundan tashqari ob-havoning keskin o’zgarishi, allergiya, stress holati va tumov ham burunni “qizartirib” qo’yadi. Agar ushbu holatni yuzaga keltirgan sababni aniqlab olsangiz, uning o’zidan ham osongina qutulasiz.
Agar burningiz hamisha qizarib yursa, bilinki bu tomirlar holati bilan bog’liq. Sog’lom turmush tarzini olib borgancha aniq tashxis qo’yish uchun shifokorga murojaat qiling.
Yuz va ko’zlar sarg’ayishi
Ushbu holat organizmda ko’p miqdorda “chiqindi” yig’ilib qolganda paydo bo’ladi. Shu sababli homiladorlikning 38 haftasigacha bo’lgan davrda tug’ilgan bolalarning terisi va ko’zlari sariq rangda bo’lishi kuzatiladi. Kattalardagi sarg’ayish ichki tana a’zolari va spirtli ichimliklar sabab bo’lishi mumkin.Shu boisdan jigar, o’t qopi va oshqozon osti bezini tekshirtirib, shifokor qabuliga tashrif buyuring.
Kutilmaganda paydo bo’lgan hol va holsimon dog’lar
Ko’p hollarda ushbu holat xavfli bo’lmaydi, ammo sergak bo’lsangiz o’zingizga foyda. E’tibor berib qarang, hol shakli turli tomondan har xil ko’rinishdami? Hol chetlari notekis va rangi odatdagidan boshqacharoqmi? Hol oxirgi haftalar ichida o’zgarib qolganmi? Unday bo’lsa, quyosh nurlaridan o’zingizni asrang va hamisha SPF ta’sirli kremlardan foydalaning.
Yuz terisida paydo bo’lgan kapalak shaklidagi toshma
Yuz sohasida kapalak shaklida paydo bo’lgan toshma noto’g’ri tanlangan pardoz vositalari, allergiya, ob-havo almashinuvi va haddan ortiq ko’p shirinlik yeyish oqibatida kelib chiqadi. Bunday toshma ayrim hollarda teri sili alomati ham bo’lishi mumkin.
Teri sili ko’pincha istima, bo’g’imlardagi og’riq, barmoqlar ko’karishi kabi belgilar bilan kechadi. Bu kabi holat kuzatilganda esa zudlik bilan shifokorga murojaat qilish darkor.
Og’iz va burun atrofi terisining po’st tashlashi
Og’iz va burun sohasi atrofi terisining o’zgarishi A, S, E va B vitaminlari yetishmasligi sabab kelib chiqadi. Odatda ushbu holat darmonsizlik, diqqatni bir yerga jamlay olmaslik, soch to’kilishi va qavatlanib borayotgan tirnoqlar belgisi bilan birga kuzatiladi.
Shu tufayli darhol shifokorga murojaat qilgan holda organizmingizga yetishmayotgan vitaminlarni qabul qilishga kirishing. Taomnomangizni ko’rib chiqib, ratsionga kerakli mahsulotlarni qo’shing.
Lab va burun chetlarining shamollashi
Burun, lab va og’iz bo’shlig’i atrofidagi shamollash birinchi bosqichdagi gerpes virus alomatlari sanaladi. Ming afsuski, ushbu virusni yuqtirib olsangiz, u organizmda butun umr qolib ketadi va stress, kasalliklar yoki charchoq tufayli immunitet pasayganda shamollashni keltirib chiqaradi.
Muammoni barataraf etish uchun dorixonalarda sotiladigan maxsus vositalardan foydalaning.
Lablarning yorilishi
Deyarli har bir inson lablar terisining quruqlashishi va yorilishi muammosi bilan to’qnash kelgan. Bu holat ayniqsa qish payti va haddan ortiq issiq haroratda sodir bo’ladi. Shuningdek lab yorilishi allergik reaksiya natijasida ham paydo bo’lishi mumkin. Lablar yorilganda ularni hadeb yalayverish kerak emas. Shuningdek gigienik balzamlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Yuz sohasidagi tuklarning quyuqlashishi
Ko’plab insonlar yuzidagi tuklar quyuqligi irsiy ravishda o’z ajdodlaridan o’tadi. Ammo bu holat ayollar bilan sodir bo’lsa aynan ayollar shifokoriga muroaajat qilish tavsiya etiladi va davolash kurslaridan o’tiladi. Shuningdek, shakar va tarkibida ko’p miqdorda qand saqlovchi mahsulotlar iste’molini cheklash lozim.
Yuz sohasidagi giperpigmentatsiya
Yonoq sohalarida paydo bo’lgan qoramtir dog’lar giperpigmentatsiya ko’rinishlaridan biri bo’lmish melazma alomati sanaladi. U odatda ayollarda uchraydi va terisi qoracharoq insonlarda avj olib ketadi. Ko’p vaqt quyosh nuri ostida bo’lish ham uning yanada rivojlanishiga yo’l ochib berishi mumkin.
Odatda, melazma homiladorlik paytida sodir bo’lib, farzand dunyoga kelgach o’z-o’zidan yo’qolib ketadi. Bundan tashqari kosmetologiya sohasida melazma bilan kurashishga yordam beradigan oqartiruvchi vositalar, lazer terapiyasi va kimyoviy piling kabi usullar ko’p.
Qosh va kipriklarning to’kilishi
Agar qosh va kiprik to’kilishi omadsiz kosmetik tajriba sababli yuzaga kelmagan bo’lsa, uni qalqonsimon bez bilan bog’liq muammolar aolmati deya tahmin qilish mumkin. Bunday holat 50 yoshdan oshgan kishilarda ko’proq uchraydi.
Shuningdek, bu belgi holsizlik, charchoq, quruq teri, semirish kabi holatlar bilan birga keladi va darhol qon tahlillarini topshirish hamda shifokor ko’rigidan o’tish tavsiya etiladi.
Iyak sohasidagi husnbuzarlar
Iyak sohasi bevosita gormonlar bilan bog’liq bo’lib, tanadagi har qanday gormonal o’zgarishlar aynan shu sohadagi muammolarga sababchi bo’ladi. Ammo bu hammasi emas. Uyquga to’ymaslik va haddan ortiq yog’li taom iste’mol qilish ham iyak sohasidagi husnbuzarlarning paydo bo’lishi uchun yetarlidir.
To’yib uxlash va to’g’ri taomlanishga e’tibor qarating. Meva, sabzavotlar, baliq va donlardan tanovul qiling, ichaklar salomatligini ta’minlab, teri go’zalligiga erishing.
Unutmang: Toshma, terining po’st tashlashi va boshqa belgilar mutlaqo turli sabablar yuzasidan ham paydo bo’ladi. Yuqorida keltirilgan va keng tarqalgan hastaliklardan tashqari yana minglab kasalliklar borligi va o’z vaqtida ko’rsatilgan yordam bilan har qanday kasallikni yengish mumkinligini yodda tuting. Shu sababli ularga nisbatan beparvo bo’lmay, albatta shifokor qabulida bo’ling.
Сообщения из Facebook