Yozning jazirama kunida gazning oldida turib, issiq ovqat tayyorlash odamni charchatadi. Buning o’rniga gaz yoniga bormasdan yengil yaxna taom tayyorlagan afzal. Yozning jaziramasida juda yaxshi iste’mol qilinadi. Ushbu maqolada ayrondan tayyorlangan yaxna taom va ichimliklarning retsepti beriladi. Bu taomlarni tayyorlash juda oson, o’zi ham juda foydali!
Birinchi retsept – bodring solingan ayron ichimligi
Hozir pishiqchilik payti bo’lgani uchun ayrondan tayyorlangan yaxna ichimlik tayyorlashni maslahat beramiz. Uning tayyorlanishiga bor-yo’g’i 15 daqiqa vaqtingiz ketadi. Shunday qilib, ushbu taomni tayyorlash uchun kerakli masalliqlar:
450 ml ayron (tengma-teng qatiq va toza suv aralashmasi); 600 ml sut 5-6 ta bodring; bir necha dona rediska – xohish bo’yicha; 3 osh qoshiq limon sharbati; 3-4 dona sarimsoqpiyoz donasi; maydalangan petrushka yoki ukrop (ta’bga qarab) tuz va qora murch – ta’bga qarab 1 dona qizil qalampir.
Bodring kichik to’rtburchak shaklida, o’tkir qalampir qalamcha shaklida, ko’kat esa mayda qilib to’graladi. To’g’ralgan masalliqlarni tog’orachaga solib ustidan ayron va sutni qo’shing va aralashtiring. Endi unga limon sharbatini, tuz va murchni qo’shing. Yana bir aralashtirib yuboring! Ayronli yaxna ichimlik tayyor! Yoqimli ishtaha!
Ikkinchi retsept – ko’k piyoz solingan ayron ichimligi
450 ml ayron; 2-3 dona bodring; 3 dona ko’k piyoz; 2 dona ukrop;
Piyoz, ko’kat mayda qilib, bodring esa to’rtburchak shaklida to’graladi va ustidan ayron qo’shiladi. Yaxna ichimlik tayyor. Bunday ayronni qora non bilan birga iste’mol qilish ayniqsa foydalidir. Yoqimli ishtaha!
Uchinchi retsept – brokkoli karami qo’shilgan ayron ichimligi
Ushbu yaxna ichimlik esa parhezda o’tirganlar hamda ozmoqchi bo’lganlar uchun to’g’ri keladi. Bir portsiya shunday ichimlik tayyorlash uchun quyidagi masalliqlar kerak bo’ladi:
200 gr qaynatib pishirilgan brokkoli karami; 250 ml ayron; ko’k piyoz; ukrop yoki petrushka
Barcha masalliqlar maydalab to’g’raladi va ayron qo’shib aralashtiriladi. Yaxna ichimlik tayyor! Xohlasangiz bu taomni blenderda aylantirib olish ham mumkin.
Ayrondan tayyorlangan smuzi
Qatiqdan tayyorlangan smuzi taomi juda foydalidir: uning tarkibida ko’plab foydali moddalar mavjud bo’lib, ular oshqozonga botmaydi hamda ichaklarning holatini yaxshilaydi. Ayrondan tayyorlangan smuzi ichimligining bir nechta retseptini e’tiboringizga havola etamiz.
Bodring qo’shilgan ayronli smuzi
1 stakan ayron; 1ta o’rtacha bodring; bir dona ukrop; bir necha yalpiz bargi;
Bodring, ayron va ukrop blenderga solinib aylantirib olinadi. Hosil bo’lgan ichimlik stakanga quyilib, yalpiz bargi bilan bezatiladi. Yoqimli ishtaha!
Olma va bodring qo’shilgan ayronli smuzi
1 ta o’rtacha kattakikdagi olma; 1 ta bodring; 200 ml ayron (100 ml qatiqqa 100 ml toza suv qo’shish orqali hosil bo’ladi); ta’bga qarab tuz solinadi.
Yuqorida sanab o’tilgan barcha masalliqlarni blenderga solib, aralashtirib olsangiz, bas. Yaxna ichimlik tayyor!
Rediska qo’shilgan yaxna ayron ichimligi
3 dona katta bo’lmagan rediska; 300 ml ayron; bir necha dona yalpiz bargi
Barcha masalliqlarni blenderga solib, yaxshilab aralashtirib yuboring. Ayrondan tayyorlangan yaxna ichimlik tayyor!
Ayronga bo’ktirib yumshatilgan shashlik
Yoz kunlarida ko’pgina odamlar aktiv dam oladilar, tabiat qo’yniga chiqib, suv havzalarida cho’miladilar va quyoshda toblanadilar. Bunday paytda mazali kabob pishirish juda maroqli. Agar siz kabob pishirgan bo’lsangiz, uni qatiqda bo’ktirib, yumshatgan bo’lsangiz kerak.
E’tiboringizga ayronda yumshatilgan go’shtdan tayyorlangan kabobning retseptini havola etamiz. Buning uchun sizga quyidagi masalliqlar kerak bo’ladi:
2 kg lahm go’sht; 0,5 kg piyoz; 1 pachka kabob uchun ziravor; 1 litr ayron; tabga qarab tuz.
Piyozning po’chog’idan tozalab, katta dumaloq shaklda to’g’rang, go’shtni kerakli kattalikda kesing. Ularni bir idishga solib, ustidan tuz hamda ziravorlarni qo’shing, so’ngra ularni qo’lingizda yaxshilab aralashtiring (piyozning suvi chiqishi uchun). Endi unga ayronni qo’shib muzxonada bir kechaga qoldiring (kamida 3 soat).
Go’sht marinadlandi. Endi eng qiziq jarayon boshlandi – shashlikni sixga tortib, qo’rada pishirish! Tabiat qo’yniga sayohatga chiqishdan oldin bir necha idishlarda ayron olishni unutmang – yozning jazirama kunlarida bu yaxna ichimlik tanani muzlatadi, chanqoqni bosadi va hattoki ichkilikdan keyin bosh og’rig’ini ham bosadi.
Сообщения из Facebook