Suv va sirlar bilan qoplangan, qadimgi Geraklion shahri Aleksandr Makedonskiy tomonidan m.a. 331 yilda barpo qilingan. Bu nom ostida u ko’pincha yunonlarga tanish bo’lsa, misrliklar esa uni Tonis deb atashgan.
Shahar ancha boy bo’lgan va bu bilan o’ziga butun bir Misrdagi nufuzli shaxslarni o’ziga jalb qilgan. Aynan Geraklionda, jozibador Kleopatrani qirolicha deb e’lon qilishgan. Olim Strabon – qadimgi yunon tarixchisi va geografi, Gerakliondagi hayotni hashamatli bayramlar va tantanalarga to’la shahar deb atagan.
Shaharning ayni o’rtasida qadimgi yunon qahramoni Gerakl nomiga atab ibodatxona qad ko’targan. Shuningdek, misrlik va gretsiyalik xudolar: Isid, Anubis va Serapis kabilarga atab, boshqa bir qancha ibodatxonalar qurilgan.
Bugun Geraklion shahri Abukir bo’g’izi (Aleksandriya qirg’og’i bo’yi) da 50 metr chuqurlikda, qum va balchiq bilan qoplanib yotibdi.
Olimlar Geraklionning suv ostiga cho’kishi borasida haligacha biror-bir yagona fikrga kelganlari yo’q. Ko’pgina arxeologlar suvosti zilzilasi variantiga ko’proq moyildirlar. M.a. 365 yilda 8,5 balli zilzila sababli Krit qirg’oq bo’yi vayronaga aylangan. Yerosti silkinishlaridan so’ng, o’zining vayron qilguvchi kuchi bilan markaziy va janubiy Gretsiya, Misr, Kipr, Sitsiliya va Liviyani o’zi bilan olib ketgan qudratli tsunamilar ketma-ketligi kelgan.
To’lqinlar ostida yashiringan Geraklionning kashf qilinishi 2012 yilning yozida taniqli arxeologlardan biri Franko Goddioning qo’lidan keldi. Fransuz, amerikaliklar va misrliklardan tashkil topgan arxeologlar guruhi ushbu sirli shaharni toppish ilinjida naq 6 yilni sarf qilishdi. Geraklion mavjudligini isbotlovchi birinchi narsa, bu – ikki metrli granit haykali edi. Arxeologlar tomonidan topilgan haykaldagi yozuvda: “Va Janobi Oliylari aytdilarki: “Bu yozuv yunon dengiziga kiraverishda Geraklion-Tonisda tiklangan haykal toshida o’yib chiqilsin”.
Shu bilan birga, pushti rang granitdan yasalgan uchta besh metrli haykallar topilgan. Haligacha nomalum fir’avn, uning xotini va Xapi xudosi (Nil toshqini xudosi) haykallari. Ular yaqinida shahar chegaralarini ko’rsatuvchi tosh devorlar qoldiqlari topilgan. Franko Goddio o’z guruhi bilan birgalikda Geraklionni Misr qirg’og’idan 6 km uzoqlikda topib olgan. Bunga isbot tariqasida 64 ta kema va 700 ta langar qoldiqlarini keltirish mumkin.
Arxeologlar hayratiga, barcha topilgan artefaktlar: Isida ma’budasi haykali, sfinkslar, granit ustunlar, haykalchalar, lampalar, tangalar, bilakuzuklar va boshqa barcha taqinchoqlar ikki ming yil ichida yaxshi saqlanib qolgan.
Haligacha monumental maqbaradagi ierogliflar to’lig’icha tarjima qilinmagan, va Franko Goddioning o’zi aytishicha, bo’giz suvlari o’zida arxeologiya uchun son-sanoqsiz sovg’alar va sirlarni saqlab turibdi, va bu ham bir necha yillik tadqiqotlarga sabab bo’lishi mumkin.
Сообщения из Facebook