просмотров
Pushkinning bu vaqtlarda yozgan asarlari ichida litseydaligida boshlagan va 1820-yil ko`klamida tugatgan «Ruslan va Lyudmila» dostoni ayniqsa diqqatga sazovordir.
Ammo Pushkin xavf-xatar ostida qoladi. Uning she`rlari podsho qo`liga ham tushadi. Aleksandr I litsey direktori Engelgardt bilan uchrashganda, uning sobiq shogirdi Pushkinni tilga olib, u: «Pushkin kishini g`azablantiruvchi she`rlari bilan butun Rossiyani to`ldirib yubordi: yoshlar hammasi uning she`rlarini yod biladilar… Pushkinni Sibirga surgun qilish kerak», - degan edi.
Bu nohaq buyruqdan xabardor bo`lgan shoirning do`stlari Karamzin, Jukovskiy, Chadayev uni surgundan qutqarib qolish uchun harakat qilishadi. Bu harakat tufayli shoirning qismati birmuncha yengillashadi. Uzoq va sovuq Sibirga yuborish o`rniga Pushkinni Rossiyaning janubiga surgun qiladilar. Shoir 1820-yilning may oyida endigina 21 yoshni qarshi olgan vaqtida qarindoshlari va do`stlari bilan xayrlashib, Peterburgdan janub tomonga, Bessarabiya noibi general Inzov qo`l ostidagi xizmatga surgunga ketdi.
Pushkinning dengiz bilan hayrlashuvi. Ivan Konstantinovich Ayvazovskiy asari. 1877-yil.
Janubda (1820-1824)
Pushkin general Inzov idorasi o`rnashgan Yekaterinoslav (hozirgi Dnepropetrovsk) shahriga kelishi bilanoq, Dneprda cho`milib, xastalanib qoldi.
Shu vaqtda 1812-yilgi urush qahramoni general Rayevskiyning oilasi Pushkinni ko`rgani keladi; Rayevskiyning o`g`li Pushkinning do`sti edi. Rayevskiylar oilasi Kavkaz va Qrimga ketayotgan edilar. Ular shoir bilan samimiy munosabatda bo`ladilar. Pushkinni davolatishni sabab qilib general Inzovdan ruxsat olishga va uni o`zlari bilan birga olib ketishga muvaffaq bo`ladilar. Pushkin Kavkazga borib, ikki oy davomida ma'danli suvda (Pyatigorskda) davolanadi, so`ngra Rayevskiylar bilan birga Qora dengiz bo`ylab sayohat qiladi.
Janubning tabiati shoirni maftun etdi. Pushkin Kavkazdaligida tog` xalqlarining hayoti va urf-odatlari bilan tanishadi; Rayevskiyning katta o`g`li bilan birga ingliz shoiri Bayronning bir qancha asarlarini ruschaga tarjima qildi. Ko`plab she`rlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini yozishga kirishdi. Qrimda u bir qancha qadimgi afsonalarni yozib oldi. Qrimdan qaytishda yo`l-yo`lakay Boqchasaroyga qo`ndi. «Boqchasaroy fontani» dostonining mavzusi va g`oyasi shu yerda tug`ildi.
Pushkin 1820-yilning sentyabr oyida Kishinyovga bordi, chunki u sayohatda yurganida Inzovning idorasi Kishinyovga ko`chirilgan edi. Pushkin surgunda bo`lgan vaqtlarida ham Rossiyaning ilg`or kishilari bilan yaqin aloqa bog`lay oldi. Rossiyaning shimolida bo`lgani kabi, janubida ham samoderjaviye va krepostnoychilik tuzumiga qarshi kurashuvchi yashirin jamiyatlar tashkil etilgan edi. Pushkin Kishinyovda janubiy jamiyatning rahbari Pestel va boshqa dekabristlar bilan tanishdi. Ular o`z shoirlarini yaxshi ko`rishar va unga ishonar edilar.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin. Avtoportret. 1820-yil
Pushkin Kishinyov surgunida uch yilcha (1823-yilning iyul oyigacha) bo`ldi. Bu yillar Pushkin ijodining gullagan davri edi. Kishinyovda u bir qancha yirik asarlar va ajoyib she`rlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini tugatdi (doston 1822-yilda bosilib chiqdi). «Boqchasaroy fontani» ustida ishladi. 1823-yil mayda «Yevgeniy Onegin» romanini yoza boshladi. «Afsungar Oleg to`g`risida qo`shiq» balladasi, «Tutqun» she`rini ham shu yillar orasida yozdi.
Pushkin, ozroq muddatga bo`lsa ham, Peterburgga borib turishga ruxsat etilishini bir necha marta iltimos qildi, lekin podsho amaldorlari uning iltimosini rad qildilar. Shundan keyin shoir o`zining boshqa biron kattaroq shaharga ko’chirilishini so`radi. Bu ishda o`rtoqlari ham unga yordamlashdilar va 1823-yilning yozida Pushkin Odessaga, Janubiy o`lka general gubernatori graf Vorontsovning qo`l ostiga yuborildi.
Bu vaqtda Pushkin hammaga mashhur shoir edi. Odessaning ilg`or kishilari, ayniqsa, yoshlar Pushkinni do`stona kutib oldilar.
Odessadagi dvoryan asilzodalar ichida Pushkinning anchagina dushmanlari ham bor edi. Ularning eng ashaddiysi graf Vorontsov o`z atrofidagilarning xushomadlariga, ta`zim qilib turishlariga odatlangan takabbur amalparast edi. Xalqning shoirga bo`lgan muhabbati, kishilar tomonidan uning nomi sevib tilga olinishi Vorontsovga hech yoqmadi. U Pushkinni kamsitishga, obro`sizlantirishga harakat qilar, unga munosib bo`lmagan mayda ishlarni buyurar va hatto, uni ta`qib qilish uchun maxfiy odam qo`ygan edi.
Pushkin bu amalparastga bo`yin egmadi, unga atab hajviya yozdi. Shundan keyin Vorontsov Pushkin ustidan shikoyat qilib, Peterburgga xatlar yozdi va shoirning Odessadan jo`natib yuborilishini talab qildi. Bir kuni Pushkinning o`z do`stlaridan biriga yozgan xati politsiya qo`liga tushadi, xatni ochib o`qiydilar, Bu xatda shoir o`zining dinga ishonmasligini yozgan ekan. Bu xat shoirdan tezroq o`ch olish uchun bahona bo`ladi. Natijada 1824-yil yozida podshoning amri bilan Pushkin Odessadan Pskov gubernyasiga, o`z ota-onasining joyi Mihaylovskoye qishlog`iga surgun qilindi.
Сообщения из Facebook