просмотров
Pushkin Tsarskoye seloda, Litsey imtihonida. Ilya Efimovich Repin surati. 1911-yil
Ularning fikrlari, nutqlari va xatlari Pushkinning o`z hayotini xalqqa va uning ozodligi uchun kurashga bag`ishlash kerakligini anglashga yordam berdi.
Pushkin litseyda o`qib yurgan vaqtlaridayoq she`rlar yoza boshlaydi Pushkinning shoirlik shuhrati litsey doirasidan chetga chiqadi. Uning matbuotda bosilgan ilk asari 1814-yildan «Vestnik Yevropi» («Yevropa darakchisi») jurnalida «Shoir do`stimga» she`ri bo`lib, mazmuniga ko`ra u Kyuxelbekkerga bag`ishlangan edi. Pushkin yozgan ilk she`rlari qo`lma-qo`l bo`lib ketadi va u ko`pchilikning e`tiborini qozonadi. Hatto Vasiliy Andreyevich Jukovskiydek atoqli shoir Pushkin bilan tanishish uchun atayin litseyga keladi. Jukovskiy keyinroq shoir Pyotr Andreyevich Vyazemskiyga yozgan maktubida litseyga borish tafsilotini to`la bayon qilib Pushkinni «adabiyotimizning umid yulduzi» deb atagan edi. U yana: «Biz hammamiz birlashib, bu iste`dodning o`sishiga yordam bermog`imiz darkor. Kelgusida u hammamizni ortda qoldiradigan ulug` shoir bo`lib yetishadi», deydi.
Pushkinning boshqa she`rlari yuqorida ta`kidlab o`tganimiz she`ri e`lon qilingandan keyin, bir yil keyin esa boshqa jurnallarda ham muntazam ravishda bosila boshlaydi.
Pushkin haqida yozgan mualliflarning deyarli hammasi uning litseydagi hayotidan yana bir voqeani eslab o`tishadi. Bu –1815-yilning yanvarida bo`lgan voqea. O`shanda talablarning yuqori kursga o`tishlari oldidan imtihon bo`lgan.
Pushkin 1815-yil yanvarida litseyda tantanali imtihon vaqtida mashhur shoir Derjavin huzurida yangi yozgan «Tsarskoye Selo xotiralari» she`rini baland ovoz bilan o`qib beradi. «Mening ovozim, - deb yozadi Pushkinning o`zi bu paytni eslab, - o`spirinlarnikidek jaranglar, qalbim esa huzurbaxsh shodlik bilan to`lgan edi. Men she`rimni qanday o`qib tamomlaganimni xotirlay olmayman. O`qib bo`lib qayerga qochganimni eslay olmayman. Derjavin haddan tashqari quvonib, men bilan quchoqlashib ko`rishmoqchi bo`lib, meni yo`qlatibdi…Ammo meni qidirib topolmadilar».
Darhaqiqat, imtihonda ishtirok etgan shoir Derjavin she`rdan g`oyat ta`sirlanib, ko`ziga yosh olib, Pushkinni quchmoqchi, peshonasidan o`pmoqchi bo`ladi. Biroq Pushkin ham hayajonda o`zini tutolmay, she`rini o`qib bo`lishi bilan, zaldan yugurib chiqib ketgan va hech kim topolmaydigan joyga yashirinib olgan edi.
Pushkin litseyda 6 yil tahsil oldi, 1817-yilda uni tamomlab, chinakam hayot yo`liga kirdi. U shoir bo`lib yetishgan edi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin. Orest Adamovich Kiprenskiy asari. 1927-yil
Peterburgdagi yillar (1817-1820)
Pushkin litseyni bitirgandan so`ng, davlat mansabdori etib tayinlandi. Lekin yosh shoirni bu xizmat qiziqtirmas edi. Uni poytaxtdagi madaniy hayot o`ziga tortdi. U ko`p mutolaa qildi, adabiy jamiyat va to`garaklarda qatnashdi, teatrlarga muntazam ravishda borib turdi va musiqani juda sevdi. Pushkin, ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi.
Bu yillarda dvoryanlarning krepostnoy zulmga nafrat bilan qarovchi ilg`or qismlari yashirin jamiyatlar tuzib, bu jamiyatlarda podshoga va pomeshchiklarga qarshi qo`zg`olon ko`tarishga tayyorgarlik ko`rdilar.
Pushkin ularning harakatida bevosita ishtirok etmasa ham, ularning a`zolari bilan juda yaqindan aloqada bo`ldi. U inqilobchi dvoryanlarning otashin kuychisi bo`lib qoldi, qullik kishanlarini parchalab tashlashga qaratilgan, hurriyatparvarlik g`oyalari bilan sug`orilgan «Erkinlik» qasidasi (1817), «Chadayevga», «Ertaklar» (1818), «Qishloq» (1819) degan she`rlarini, podsho Aleksandr I, uning ministr va amaldorlariga qarshi hajviyalar yaratdi. Bu asarlar qo`l yozma holda faqat dvoryanlar o`rtasidagina emas, balki hurriyattalab ziyolilar, savodli dehqonlar va askarlar o`rtasida ham keng tarqaldi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin. Pyotr Fyodorovich Sokolov asari. 1831-yil
Сообщения из Facebook