просмотров
Mihaylovskoye qishlog`ida (1824-1826)
Mihaylovskoye qishlog`idagi qo'rg'on-muzey
Pushkin Mihaylovskoyeda ikki yil yashadi. Bu «zerikarli», og`ir yillarda shoirning eng yaqin kishisi uning enagasi Arina Rodionovna bo`lib qoldi. «U mening birdan-bir do`stim, faqat u bilangina zerikmayman», deb yozgan edi Pushkin. Shoir enaganing ertaklarini, hikoyalarini mehr-muhabbat bilan tinglar va ravon, obrazli so`zlarini eshitib, benihoya xursand bo`lardi. Enaga Pushkinga «Dengiz ortida faqirona yashovchi chittak» haqida yoki «Suvga borayotgan qiz» haqidagi qadimgi rus xalq qo`shiqlarini, ziqna pop, uning chaqqon xizmatkori, Sulton shoh va boshqalar haqidagi ertaklarini aytib berar edi.
Mihaylovskoyeda Pushkinning xalq og`zaki ijodiyotiga bo`lgan qiziqishi yanada kuchaydi. Pushkin gadoy, ko`rlarning qo`shiq, ertak va hikoyalarini tinglaydi va yozib oladi. U dehqonlarning so`zlarini, maqollarini eshitadi. Buyuk shoir xalqdan o`rganib, so`z boyligini oshiradi. U oddiy kishilarning sodda hayotini o`rganadi. Rus qishlog`ining ajoyib manzarasini, uning qahraton qorli qishini, go`zal bahorini, oltin kuzini ko`rdi. Bu taassurotlarning hammasi shoir ijodida o`z aksini topdi.
Pushkin xilvat Mihaylovskoye qishlog`ida ko`p va samarali ishladi.
Bu yerda u «Lo`lilar» dostonini yozib tugatdi, yuzga yaqin lirik she`rlar yaratdi. «Yevgeniy Onegin» she`riy romani ustidagi ishini davom ettirdi. U 1824-yilning oxiridan to 1825-yilning oxirigacha «Boris Godunov» nomli fojiasini yozdi. Bu asarning bosh qahramoni xalq bo`lib, shu jihatdan u jahon adabiyotida birinchi hisoblanadi. Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, buvisining yoshligida aytgan hikoyalari ta`sirida shoirda tarixga bo`lgan qiziqish katta edi. Shu munosabat bilan u «Boris Godunov» fojiasini yozadi. Pushkinning o`zi eslashiga ko`ra, u 1825-yilning noyabrida fojiaga nuqta qo`ygach, uni yolg`iz o`zi ovoz chiqarib o`qiydi-da, keyinqarsak chalib, «Yashavor, Pushkin!» deya hayqirgan ekan.
Mihaylovskoye qishlog`idagi Aleksandr Sergeyevich Pushkinnig yu-muzeyi
1825-yilda Pushkinning qadrdon do`stlaridan Delvig bilan Pushchinning uni ko`rishga Mihaylovskoyega kelishlari shoir hayotida eng quvonchli damlaridan biri bo`ldi.
Xuddi shu yilning noyabrida podsho Aleksandr I ning o`lgani, 14 dekabrda ko`tarilgan dekabristlar qo`zg`olonining yangi podsho Nikolay I tomonidan shafqatsiz bostirilgani to`g`riisidagi xabarlar Mihaylovskoyegacha yetib keldi.
Jazolanganlar qismati shoirni qattiq qayg`uga soldi. «Osib o`ldirishga o`ldirdilar, lekin 120 do`stim, yoru birodarim va o`rtoqlarimning katorga qilinishi g`oyat dahshatli!»- deb yozgan edi Pushkin.
Tintuv vaqtida qamoqqa olingan dekabristlarning ko`pidan Pushkin she`rlari topilgan va dekabristlar ularni inqilobiy ishlarga Pushkin she`rlari ilhomlantirganligini aytganlar.
1826-yil sentyabr oyi boshida Pskov gubernatori mansabdorlaridan biri Pushkin oldiga kelib, shoirga yo`lga tayyorlanish kerakligini buyuradi. Chunki yangi podsho uni afv etib, Moskvaga chaqirtirgan edi. Shu bilan shoirning surgun davri tugaydi.
Lekin bu narsa shoirga ko`rsatilgan marhamat bo`lmay, balki podsho va uning jandarmlarining hiyla-nayrangdan iborat siyosati edi. Ular ulug` shoirni bundan keyin chekka bir joyda saqlab turish mumkin emasligini angladilar. Pushkin allaqachonlar xalqning sevimli shoiri bo`lib qolgan va uni butun Rossiya yaxshi tanir edi. Podsho uni saroy shoiriga aylantirish fikrida chaqirtirgan edi.
Pushkin qo'lyozmasining kichraytirikgan faksimilesi
Сообщения из Facebook