просмотров
Burj al-Xalifa
Burj al-Xalifa – dunyodagi eng baland bino, o’ziga hos arxitektura va dizayn bilan bezak berilgan inshoot. Ushbu bino balandligi 828 metrga teng bo’lib, undagi qavatlar soni 163 tani tashkil qiladi. Qizig’i shundaki, u oddiy binogina emas, Dubay ichidagi kichik shaxar hamdir. Ushbu bino ichida mehmonxonalar, zamonaviy ofislar va tomosha maydonlari joylashgan.
Burj al-Arab mehmonxonasi
Mazkur inshootni dunyodagi eng ajoyib mehmonxona deya haqli ravishda e’tirof etish mumkin. U yelkan ko’rinishiga ega bo’lib, Dubay sohillaridan o’rin olgan. “Burj al-Arab” nomi “Arab minorasi” degan ma’noni anglatadi. Balandligi 300 metrga teng bo’lgan mehmonxona haqiqatdan ham oliy maqtovlarga arziydi.
Dubay savdo festivali
Dubay savdo festivali- shopogolik insonlar uchun asl tantana bo’lib, dunyoning turli burchaklaridan kelgan mehmonlarga Dubai Events and Promotions kompaniyasi tomonidan taqdim etiladi. Savdo festivali 1996 yildan beri o’tkazib kelinmoqda. Avvaliga uning asosiy maqsadi Dubayga turistlarni ko’proq jalb qilish edi holos. Natija kutilganidan ham a’loroq bo’ldi, bu esa bayram tashkilotchilarini yangiliklar tomon ilhomlantirib yubordi.
Wild Wadi akvaparki
Dubay shahrida joylashgan mazkur akvopark hududdagi eng ajoyib ko’ngilochar maskanlardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi attraksionlar insonni hayratga solish darajasida, shunday ekanki shahar mehmoni bo’lsangiz, bu yerga ham kelib ko’rish yodingizdan chiqmasin.
Dubay akvariumi
Bu dunyodagi eng katta akvariumlardan biri. Uni “Dubay” savdo kompleksi ichida uchratish va suv osti olamining barcha go’zalliklaridan baxramand bo’lish mumkin. Akvariumda 33 ming turli jonivorlar istiqomat qiladi. Ular orasida akula va skatlar ham mavjud.
Dubay oltin bozori
Bu BAAning eng katta bozorlaridan biri. Ushbu hududdan o'zingiz istagan har qanday ko’rinishdagi tilla buyumlarni topa olishingiz kafolatlanadi. Bundan tashqari, mazkur maskan butun mamlakatdagi eng qadimiy bozor hamdir. Sayyohlar esa zargarlik buyumlarining keng tanlovi bilan bir qatorda arzon narxlar sabab ham oltin bozoriga yopirilib kelishadi.
Palma Jumeyra
Palma Jumeyra- mashhur sun’iy orol bo’lib, tashqi tomondan qaraganda palma daraxti ko’rinishida qilib ishlangan. Qizig’i shundaki uni dunyoning sakkizinchi mo’jizasi sifatida e’tirof etishadi.
Dubay dasturxoni
Bu yerlik insonlar yeguliklar orasida shirinliklarni juda yaxshi ko’rishadi. Garchi shaharda turli mamlakat shirinliklarini tayyorlovchi tamaddixonalar son-sanoqsiz bo’lsa ham mahalliy aholi vakillari orasida yong’oqli, quruq mevali, asalli shirnliklar juda keng tarqalgan. Sayyohlar umm ali pudinglari, maxalabiya, xandonpistali paxlava, sharbat, eshasaya pishloqli pirogi, xurmo va bodom birlashmasi, lukum kabi shirnliklardan bajonidil tatib ko’rishadi. Ushbu shirinliklarni yaqinlaringiz uchun tuhfa sifatida o’zingiz bilan birga olib ketishingiz ham mumkin.
Ishonish qiyin bo’lgan faktlar!
Dubayda insonlar yirtqich jonivorlarni uy hayvoni sifatida boqishadi. Aytishlaricha bu o’ziga hos hashamat belgisi emish.
Dubayda jinoyatchilik darajasi 0% ga teng. Sababi, kichik hato uchun ham katta jazolar belgilanadi.
Dubay politsiyasi Lamborjini, Ferrari, Bentli, Mersedes-Benz kabi qimmatbaho mashinalarda harakatlanadi.
Shahar aholisining 83%i muhojirlardir.
Bu yerda qarz olish masalasiga juda jiddiy qarashadi va qarzini to’lamagan insonlar shahardan tashqariga chiqarib yuboriladi.
Dubay aholisi daromad solig’i to’lamaydi. Bundan tashqari uy, tibbiy hizmatlar, ta’lim olish jarayoni uchun ham davlat pul ajratadi.
Dubayda juftliklar tomonidan hissiyotlarning oshkora namoyish qilinishi mutlaqo mumkin emas. Bu qamoq jazosigacha olib borishi mumkin. Shu sababli ham shahar ichidagi oilaviy juftliklar ham odamlar qarshisida bir-biridan bo’sa olishlari tugul qo’l ushlab yurishga botina olishmaydi.
Сообщения из Facebook